O‘zbekiston | 14:55 / 27.05.2024
10404
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlari qimmatbaho smartfonlar sotib olishdan o‘zini tiya olmagani ma’lum bo‘ldi

Bosh vazirning asosiy vositalar xaridini to‘xtatib turish haqidagi topshirig‘iga qaramay, o‘tgan yili davlat tashkilotlari 6,6 mlrd so‘m pul sarflab 3400 dan ortiq smartfon sotib olgan. Ular orasida eng so‘nggi rusumdagi qimmatbaho iPhone 15 Pro Max smartfonlari ham bor. O‘tgan yili davlat budjeti defitsiti favqulodda oshib ketgan, bu defitsit xususan tashqi qarzlar hisobiga qoplangan edi.

PATRICK T. FALLON / Getty Images

2023 yilda davlat tashkilotlari tomonidan 3402 dona qimmatbaho smartfon sotib olish uchun 289 ta holatda jami 6 mlrd 637,8 mln so‘mlik shartnomalar tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining tahliliy hisobotida (nusxasi Kun.uz'da mavjud) keltirib o‘tilgan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, budjet tashkilotlarining bu xaridlari bosh vazirning 2023 yil 5 yanvardagi topshirig‘iga zid ravishda ro‘y bergan. Bu topshiriqqa ko‘ra, vazirlik va idoralarning cheklangan soni (tashkiliy tuzilmasi) tasdiqlanguniga qadar ularning asosiy vositalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlari budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi vaqtincha to‘xtatilishi kerak edi.

Biroq, yuqoridagi raqamlardan kelib chiqilsa, o‘tgan yili davlat tashkilotlari har bir xaridda o‘rtacha 12 ta smartfonga buyurtma bergan.

Qo‘mitaning o‘rganishlariga ko‘ra:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida 796 ta uyali aloqa vositasi uchun 62 holatda 1 483,3 mln so‘m;
  • Jizzax viloyatida 658 ta uyali aloqa vositasi uchun 27 ta holatda 948,9 mln so‘m;
  • Farg‘ona viloyatida 519 ta uyali aloqa vositasi uchun 30 ta holatda 581,9 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

“Misol uchun, Surxondaryo viloyati Sarosiyo tumani hokimligi tomonidan “Bahrulloi Rustam Chorvador” xususiy korxonasi bilan 4 dona qimmatbaho smartfon (iPhone 13 Pro Max) sotib olish uchun zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 72 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan. Shuningdek, Jizzax davlat pedagogika instituti tomonidan “Odilov Abdulhamid o‘g‘li” xususiy korxonasi bilan iPhone 15 Pro Max sotib olish uchun elektron savdo platformasi orqali 19,1 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, to‘lov qilingan”, – deyiladi g‘aznachilik xizmatining o‘rganish natijalarida.

2024 yilning o‘tgan davrida esa, mahalliy budjetlar hisobidan 301 ta uyali aloqa vositalarini sotib olish uchun 60 ta holatda jami 1 mlrd 362 mln so‘mlik shartnomalar tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan.

Xususan, Farg‘ona viloyatida 146 ta turli uyali aloqa vositalari uchun 10 ta holatda 566,1 mln so‘m, Toshkent viloyatida 72 ta uyali aloqa vositasi uchun 7 ta holatda 193,1 mln so‘m va Andijon viloyatida 14 ta uyali aloqa vositasi uchun 2 ta holatda 255 mln so‘m pul sarflangan. Misol tariqasida, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimligi tomonidan “Omad-imkon 21” MChJ bilan 1 dona iPhone 15 Pro sotib olish uchun 18,5 mln so‘mlik shartnoma imzolangani keltirib o‘tilgan.

G‘aznachilik qo‘mitasi taftish natijalarini bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga taqdim etgan. Vaziyatni Moliyaviy nazorat inspeksiyasi o‘rganishi kerakligi bo‘yicha taklif bildirilgan.

Avvalroq, Samarqand viloyati prokuraturasi 445 mln so‘mga 22 dona iPhone 14 Pro Max, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi esa 51 mln so‘mga 2 ta iPhone 15 Pro Max xarid qilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti ruxsat etilganidan salkam ikki barobarga oshib ketib, YaIMning 5,5 foiziga yetgan edi. Yil davomida olingan tashqi qarzlar miqdori ham rejadagidan 1 mlrd dollarga oshib ketib, 5,5 mlrd dollarni tashkil etgandi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati 1,5 mlrd dollar miqdorida navbatdagi suveren obligatsiyalarni chiqardi. Statistika agentligiga ko‘ra, yilning birinchi choragida davlat kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar miqdori 2,7 barobarga oshgan.

Mavzuga oid