Jamiyat | 12:56 / 02.01.2023
59973
11 daqiqa o‘qiladi

Talabaning kundaligi: “Kontraktimni to‘lagan noma’lum odam”

Kontrakt to‘lashga bir so‘m pulim yo‘q, onamga qarayotgan vrach yozib bergan dorilar uchun harakat qilishim kerak edi. O‘ylay-o‘ylay o‘qishdan akademik ta’til olishga qaror qildim. Ta’til olish uchun ariza yozishga borganimda mening o‘qishim uchun shartnoma olib ketishganini va bir yillik pul to‘langanini bilib hayratda qoldim. Adashmovchilik bo‘lgandir, deb qayta-qayta tekshirtirdim – haqiqat!

Foto: KUN.UZ

“Hayotiy hikoyalar”da oliygohda tahsil olish bilan birga hayotning ham oliy ta’limotini olgan sobiq talabaning hikoyasi bilan tanishing.

“Bundan 10 yil avval talaba bo‘ldim. Ungacha eng katta orzum shu edi, 3 yil o‘qishga kirolmadim, juda qattiq tayyorlandim, uyqu nimaligini bilmadim. Lekin o‘qishga kirdi degani – hamma orzuga erishding, endi buyog‘i xotirjam yashaysan, degani emasligini o‘qishga kelib bildim. Yotoqxonadan joy tegmagan, yeb-ichishga ketayotgan pulning tagi ko‘ringan. O‘ta tejamkorlik bilan ishlatsam-da, yetkazib bo‘lmayapti. Otam uyimizdagi ikkita sigirning bittasini sotib pulini jo‘natdi. O‘zim ham ish qidira boshladim. Mardikor bozorda ishladim, qorovullik qildim. Oliy ta’lim olish degani faqat diplom bilan bog‘liq emas ekan. Bu davrda olgan saboqlaring hayotingni, dunyoqarashingni ham tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin ekan.

Ikkinchi kursga o‘tganimda onamning mazasi qochganini eshitdim. Shifokorlar uning jigarida muammo borligini, sirrozga aylana boshlaganini, astoydil davolanish kerakligini aytishdi. Boshimizga tog‘ ag‘darilganday edi. Uydagi hamma narsamizni sota boshladik, otam onamning dori-darmoni uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urardi. Bu vaziyatda mening o‘qishim uchun kontrakt to‘lash qiyin masala edi. Ularning ahvolini ko‘rib, ko‘proq pul topishim kerakligini o‘yladim.

Onamni poytaxtdagi shifoxonaga yotqizdik. Uyda qo‘lga ilinadigan hech narsamiz qolmadi. Otam noilojlikdan Rossiyaga ishlagani ketdi. Ikkita singlimni ham yonimga olib keldim. Baxtimga katta bir restoranda ish topildi. Faqat kechasi ishlash kerak edi. Lekin yaxshi pul to‘lashadi, ustiga ustak yaxshi ovqatlanaman. Ochig‘i ovqatlanish uchun ham pulni tejashga majbur menday odam uchun bu yaxshi taklif edi. Singillarim onamdan xabar olishadi, dorilarni o‘zim yetkazaman. O‘qishdan chiqib ishga boraman va tong saharga yaqin ijara uyga qaytaman. Bir oyda uyqusizlikning asorati sezila boshladi. Uxlab qolib o‘qishga kechikish, darslarda uxlab qolish odatga aylandi. Tabiiyki, bu o‘qituvchilarimga yoqmasdi. Tanbehlar, ogohlantirishlar eshita boshladim.

O‘qituvchilarimiz orasida bizga dars beradigan juda bilimli, ammo talabchan professor ham bor edi. Ko‘rinishidan kalondimog‘, lekin sohasining o‘tkir ilmli mutaxassisi bo‘lgani uchun hammamiz hurmat qilar, hayiqar, gap eshitmaslikka harakat qilar edik. Bir kuni shu domlaning darsiga kech qoldim. Uzr so‘rab kirishim bilan nashtarday botadigan so‘zlar bilan qarshi olindim.

“Ba’zilaringiz o‘qish bilan birga ishlashingizni ham bilamiz. Lekin bu yerga sizlarni ota-onangiz o‘qish, yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun yuborgan. Shuning uchun har qanday sharoitda ham o‘qishni birinchi o‘ringa qo‘yishingizni so‘rayman. Bugun o‘rganilmay qolgan qaysidir ma’lumot qachondir sizga o‘ta zarur fakt bo‘lishi mumkin edi. O‘z kuchingiz bilan universitetga kirdingizmi, endi shu bilimni uvol qilishga haqqingiz yo‘q” dedi. Uyqusizlik, charchoq, tinimsiz tashvishlardan charchab turganim uchunmi bilmadim, unga qo‘pollik qildim. Bir nafas auditoriyada pashsha uchsa eshitiladigan jimlik sodir bo‘ldi. O‘qituvchimiz jahli chiqsa ham vazminlik bilan o‘tirishimga ruxsat berdi.

Rossiyada ishlayotgan otam har oyda oz bo‘lsa-da pul yubora boshladi. Lekin u yerning qishi qattiq bo‘lgani uchunmi, yoki yoshi ham o‘tib borayotgan otamning kuchi qolmadimi – bilmayman, u yerda qattiq shamollab kasal bo‘lib qoldi. Endi xasta yotgan onam bilan musofirchilikda betob otamni o‘ylab yuragim ezilar edi. Shu tashvishlar bilan bo‘lib o‘qishga kontrakt to‘lovi kechikib ketganini ham bilmabman. Qayta-qayta ogohlantirishganidan keyin o‘ylasam ayni paytda buni to‘lashga bir so‘m pulim yo‘q, onamga qarayotgan vrach yozib bergan dorilar uchun harakat qilishim kerak edi. O‘ylay-o‘ylay o‘qishdan akademik ta’til olishga qaror qildim. Chunki hozir ota-onamning hayotidan katta tashvish o‘ylantirmasdi meni. Buni ularga aytmaslikka, keyinchalik o‘qishimni tiklab olganimda boxabar qilish fikrida to‘xtadim. Ta’til olish uchun ariza yozishga borganimda mening o‘qishim uchun shartnoma olib ketishganini va bir yillik pul to‘langanini bilib hayratda qoldim. Adashmovchilik bo‘lgandir, deb qayta-qayta tekshirtirdim – haqiqat. Surishtirib shartnoma qog‘ozini o‘sha men gap qaytargan o‘qituvchimiz olganini bilganimda esa undan battar ahvolga tushdim. Bir qilgan ishimdan uyalsam, bir ayol kishi men uchun pul to‘laganiga g‘ururim yerga urilganday his qildim o‘zimni.

Jahl ustida domlamning oldiga bordim. Uning sadaqasiga zor emasligim, o‘zimni eplashim, birovning yordamiga qarab qolmaganim...Xullas aytmagan gapim qolmadi.

“Men birovga shuncha million so‘m sadaqa beradigan odam emasman. Oylikka kun ko‘raman. Bu pul senga qarz. O‘qishing qolib ketmasligi uchun. O‘qishni bitirib ish boshlaganingdayoq bu pulni qaytarib berasan. Menga emas, kimga berishingni aytaman, olib borib berasan. Hozir esa o‘qishing shart, chunki pul to‘langan”, dedi opa yana o‘sha vazminlik bilan.

Hayrat, xijolat – tushunarsiz tuyg‘ular ichida o‘qishga ketdim. Bir tomondan “mayli qarz ekan-ku, balki qo‘shib qaytararman”, deb o‘zimga taskin berardim. Otam sog‘ayib ishga chiqib ketdilar. Xabar olgani borganimda shifokor onamga juda yaxshi qaraganimizni, har qancha qimmat bo‘lmasin dorilarni o‘z vaqtida yetkazib turganimiz uchun yaqin orada butunlay sog‘ayib ketishini aytganda yig‘lab yubordim.

Yelkamda shunday mas’uliyat turardiki, endi o‘qishim birinchi planga chiqqan edi. Qolib ketgan darslarimni o‘zlashtirishim, yaxshi mutaxassis bo‘lishga erishishim kerak edi.

Ishga kirib maosh olgunimcha shu his mendan ketmadi. Tezroq yelkamdagi yukdan xalos bo‘lishim kerakligini o‘ylardim. Ilk olgan maoshlarimni to‘pladim va o‘sha kontraktim uchun to‘langan puldan sal ko‘proq qilib ustozimning oldiga bordim. O‘zimni isbotlaganim uchun bo‘lsa kerak boshqacha g‘urur, boshqacha faxr bilan ketayotgan edim.

Ustozimni kafedradan topdim, menga pul to‘lagan odamdan qarzimdan qutulish uchun kelganimni aytdim. Gap orasida o‘shanda men qo‘pollik qilsam ham menga yaxshilik qilganini so‘radim.

“Sen o‘qishga o‘z kuching bilan kirganingni, qanday o‘qishingni ham bilaman. Oxirgi vaqtda o‘qishga kech qolish, xayoling joyida emasligini sezgandim. Keyin surishtirsam kursdoshlaring onang kasalligi, otang uzoqdaligi, kechasi bilan ishlashingni aytishdi. Ba’zida o‘qishni istaydigan, ammo moddiy sharoiti tufayli bunga qiynalayotgan talabalarga yordam berib turadigan tanish-bilishlar bor. Shularning biridan iltimos qildim va kontrakt to‘loving to‘landi. Sen g‘ururli yigit ekanligingni bilganim uchun buni qarz dedim. Bor-yo‘g‘i shu. Mana hozir qo‘ng‘iroq qilib beraman, o‘zing gaplashasan, qayerga, kimga desa olib borib berasan pulni” degan javobni eshitib, uyatdan yerga kirib ketay dedim.

Ustoz telefonidan o‘sha yaxshi insonga telefon qilib berdi. Go‘shak ko‘tarilishi bilan shosha-pisha salom berib, rahmat aytdim. Menga juda katta yaxshilik qilgani, endi qarzimni qaytarmoqchiligimni, aytgan joyiga yetib borishimni ma’lum qildim.

“Avvalo, o‘qishni tugatib ish boshlaganingiz bilan tabriklayman. Bitta bo‘lsayam o‘qimishli, bilimli inson jamiyatimizga qo‘shilsa savobi hammamizga tegadi. Aslida bu savobning egasi ko‘p. Istasangiz siz ham hozirning o‘zida savob egasiga aylanishingiz mumkin. Xohlaysizmi shu ishni qilishni?” dedi narigi tomondan eshitilayotgan ovoz.

Jon deb bunday ishga bosh qo‘shishimni, lekin hozir menda bunday imkoniyat yo‘qligini bildirdim.

“Imkoning bor. Qo‘lingdagi pul – seniki. Men uni kechib berganman. Lekin hozir kimdir shu pul tufayli o‘qishini tashlayotgan yoki umuman o‘qiyolmayotgan bo‘lishi mumkin. Qiladigan ishing – shunday odamni topasan va unga yordam berasan. Ista o‘ziga bildirib, ista bildirmay. Agar yigit kishi bo‘lsa qarz deb bersang qachondir savobtalablar soni yana bittaga oshishi ham mumkin. Tushunding-a, nima demoqchiligimni...

Vaqti kelib u bilan o‘rtangizda hozirgidek suhbat takrorlanishi mumkin. Faqat unda sen mening o‘rnimda bo‘lasan. Unutma, bir paytlar men ham sening o‘rningda bo‘lganman. Bitta oliy ma’lumotli ko‘paysa, yaxshilik qilishni istaganlar ko‘paysa, bizning savoblarimiz ham ko‘payaveradi” dedi.

Suhbatdan hangu-mang bo‘lib, bu odamning kimligini harchand so‘ramay opa aytolmasligini, u xafa bo‘lishini aytdi.

O‘sha odamga juda havasim keldi. Qachondir uning o‘rnida bo‘lishni, zanjirni davom ettirishni xohladim. Professor ustozim bilan birga muhtoj talabalarni surishtirib kontrakti uchun o‘sha pulni o‘tkazdik. Bu bilan ishimning yarmi bitganday edi go‘yoki. Vaqt o‘tib u ham qaytarmoqchi bo‘lganida esa yodimda muhrlangan o‘sha gaplar bilan javob qaytarganimda yelkamdagi vazifani ado qilganday yengil his qildim o‘zimni”.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid