O‘zbekiston | 12:12 / 04.11.2022
18488
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston armiyasi maxsus kuchlariga 2,8 million dollarlik jangovar mashinalar hadya qildi

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiya kuchlariga 50 dona Polaris MRZR yengil-taktik jangovar mashinalarni hadya qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Foto: centcom.mil

AQSh tarafidan jangovar mashinalarni Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondonining o‘rinbosari general-mayor Vendul Xagler topshirgan, ularni Mudofaa vazirligi Maxsus tezkor qo‘shinlar boshqarmasi boshlig‘i qabul qilib oldi. Ma’lum qilinishicha, AQSh Mudofaa vazirligining «Hamkorlar salohiyatini oshirish» dasturi doirasida taqdim etilgan texnikalarning qiymati 2,8 million dollarga baholangan. Bu Amerikaning O‘zbekistonga hadya qilgan mudofaa mahsulotlarining bir qismi ekanligi aytilmoqda.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

«Ushbu uskunaning topshirilishi Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga O‘zbekistonning milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga hissa qo‘shish uchun taklif etayotgan yordam shakllaridan biri xolos. Qo‘shma Shtatlar so‘nggi 31 yil ichida sezilarli darajada rivojlangan hamkorligimizni yanada rivojlantirishni intiqlik bilan kutmoqda», deya general-mayor Xagler so‘zlarini keltirmoqda elchixona.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla boshchiligidagi harbiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan va prezident Shavkat Mirziyoyev, Xavfsizlik Kengashi bosh kotibi va mudofaa vaziri bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. General Kurilla O‘zbekistonga tashrifdan asosiy maqsadi mintaqa xavfsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan munosabatlarni o‘rnatish ekanligini ta’kidlagan va yana kelishga umid bildirgan edi.

Mavzuga oid