Trampning Eron bilan urushi AQSh iqtisodiyotiga yuz milliardlab dollar zarar keltirmoqda: yoqilg‘i narxlarining keskin o‘sishi, qarz olish xarajatlarining oshishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlar amerikaliklar farovonligiga jiddiy ta’sir qila boshladi, deb yozadi Financial Times.
Tramp ma’muriyatining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, urushning amerikalik soliq to‘lovchilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuki 25 milliard dollarga baholangandi. Biroq iqtisodchilar to‘liq harbiy va kreditlash xarajatlarining oshishini hisobga olib, umumiy zarar bundan ancha katta bo‘lishini prognoz qilyapti.
«E’lon qilingan budjet xarajatlari aslida aysbergning uchi xolos», deydi Harvard universiteti professori va AQSh harbiy mojarolarining hisob-kitobi bo‘yicha mutaxassis Linda Bilms. «Bu darhol sezilavermaydi — bir muddat yamoqlab turish mumkin. Lekin moliyaviy ko‘lam shunchalik kattaki, buni abadiy yashirib bo‘lmaydi».
Mojaro Trampning reytingi allaqachon rekord darajadagi quyi ko‘rsatkichga yaqinlashib qolgan bir paytda boshlandi. Ko‘plab amerikaliklar kun sayin oshib borayotgan narx-navo sababli qiyinchiliklarga uchrayapti.
Pentagonning 25 milliard dollarlik baholashi
Mojaro davomida Pentagon qimmat raketalar va havo mudofaa tizimlarini yillik zaxiralaridan ancha ko‘p ishlatdi va aynan shu omilni urush xarajatlarining 25 milliard dollarlik bahosidagi asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida ko‘rsatyapti.
Mudofaa xarajatlari inqiroz boshlanishidan ancha oldin ham keskin o‘sib borishi kutilayotgandi. Xususan, Tramp joriy moliyaviy yil va 2027 yil oralig‘ida xarajatlarni taxminan 50 foizga oshirib, 1,5 trillion dollarga yetkazish rejalarini e’lon qilgandi. Bu raqamlarda urushning ta’siri hisobga olinmagan. Pentagon Oq uy orqali Kongressga qo‘shimcha so‘rov yuborilishini rejalashtirmoqda, biroq miqdor hali aniq belgilanmagan.

«Center for a New American Strategy»tadqiqotlari markazining mudofaa bo‘yicha mutaxassisi Karlton Xaelig kelajak uchun qo‘shimcha so‘rovlar «juda katta pul» ekanini va bu «iqtisodiyotda zanjirli salbiy oqibatlar keltirib chiqarishini» ta’kidlayapti.
35 milliard dollarlik yoqilg‘i zarari
Urushdan oldin global neft ta’minotining beshdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tardi. Bo‘g‘oz yopilishi AQShda benzin narxini keskin oshirib, 1 gallon uchun 4,55 dollarga qimmatlashtirdi. Bu bu G7 mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Shuningdek, sanoat uchun muhim xomashyo hisoblangan dizel yoqilg‘i narxi ham har gallon uchun 5,66 dollargacha ko‘tarildi va tarixiy rekord 5,82 dollarga yaqinlashib qoldi.










