O‘zbekiston | 15:52 / 14.07.2025
17612
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi

Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi. Administratsiya rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Bu Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi imzolangan farmonda belgilandi, deya xabar qildi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Farmonga ko‘ra, administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Farmonga asosan, endilikda Prezident administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular: ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident administratsiyasi tuzilmasi 2023 yil avgust oyida o‘zgargandi. O‘shanda PA rahbari lavozimi tugatilgan, shuningdek, yana ikkita prezident yordamchisi lavozimi joriy etilib, maslahatchilar soni 9 nafardan 11 nafarga oshirilgandi.

2025 yil iyul oyida esa prezident farmoni bilan Prezident administratsiyasi rahbari lavozimi tiklanib, bu lavozimga prezident yordamchisi Saida Shavkatovna Mirziyoyeva tayinlangandi.

Mavzuga oid