Ta’lim | 12:08 / 05.09.2025
6223
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida maktab bitiruvchilarining yarmi talaba bo‘ldi

Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida qayd etildi – 48,4 foiz. Keyingi o‘rinlarni 38,2 foiz bilan Buxoro viloyati hamda 32,4 foiz bilan Jizzax viloyati egalladi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 25,8 foizga teng.

Joriy yilda respublika bo‘yicha 113 176 nafar maktab bitiruvchisi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu boradagi reytinglarni e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda respublikada 438 869 nafar o‘quvchi maktabni bitirgan. Ularning 327 673 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Shundan 113 176 nafari, ya’ni 25,8 foizi talabaga aylangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan.

Hududlar kesimida Navoiy viloyati yetakchilik qilgan: test sinovlarida qatnashgan bitiruvchilarning qariyb yarmi, ya’ni 48,4 foizi o‘qishga kirgan. Keyingi o‘rinlarni 38,2 foiz bilan Buxoro viloyati hamda 32,4 foiz bilan Jizzax viloyati egallagan.

2025 yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari bo‘yicha o‘rtacha ball 80,9 ballni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,9 ballga yuqori. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilda 69,8 ballga teng bo‘lgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha ball bo‘yicha yuqori uchlik quyidagicha: Buxoro viloyatida 96 ball, Navoiy viloyatida 93,2 ball va Toshkent shahrida 83 ball.

Shuningdek, 2025 yilda 619 nafar bitiruvchi test sinovlarida eng yuqori 189 ballni to‘play olgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda 5 barobarga ko‘p. Davlat granti kvotasining 84,2 foizini (29 881 nafar) joriy yil bitiruvchilari egallagan.

Mavzuga oid