O‘zbekiston | 13:19 / 01.08.2020
20852
3 daqiqa o‘qiladi

Musa Yerniyazovda koronavirus 24 iyunda tasdiqlangani ma'lum bo‘ldi. U bir oy og‘ir ahvolda bo‘lgan

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi.

Ma'lum qilinishicha, Nukus shahrida yashagan 73 yoshli Musa Yerniyazov 24 iyun kuni Covid-19 infeksiyasi tasdiqlangan va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir, poliorgan, o‘tkir jigar va buyrak yetishmovchiliklari, bosh miya shishi, insult kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor bir necha yildan buyon qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, kecha o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqidagi xabarlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgandi. Ammo o‘shanda Qoraqalpog‘iston rahbariyati bu xabarlarni qat'iy rad etgandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 18 iyul kuni Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida xabar bergandi. SSV Yerniyazovning ahvolini barqaror deb baholagandi.

25 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Musa Yerniyazovning vafoti haqida xabarlar tarqalgan, ammo SSV bu ma'lumotni rad etgandi.

30 iyul kuni Koronavirusga qarshi kurashish shtabi Yerniyazovning ahvoli og‘irligi, u o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatiga ulangani haqida ma'lum qilgandi.

31 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi vafot etgani ma'lum bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 31 iyul kuni Musa Yerniyazovning 30 iyunda og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi.

Mavzuga oid