Avto | 12:57 / 26.12.2025
1594
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p chiqindi chiqaradigan mashinalarga poytaxtga kirishga cheklov qo‘yiladi

Shaharlarda tirbandlik va havo ifloslanishi kuchayib borayotgani sabab, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda chiqindi chiqaradigan avtomashinalarning Toshkent va boshqa yirik shaharlarga kirishi cheklanadi.

Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat aholi hayotini qiyinlashtirayotgani, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillarning chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga qarab ekologik stikerlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, katta miqdorda zararli chiqindi chiqaradigan transport vositalarining poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday avtomashinalar egalariga transportni yangisiga almashtirish yoki filtr o‘rnatish orqali chiqindilarni kamaytirish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Xususan, eski mashinasini yangisiga almashtirmoqchi bo‘lganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilangan. Filtr o‘rnatib, zararli moddalar chiqarilishini kamaytirishga tayyor haydovchilar uchun esa xarajatlarning bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga, poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar soni ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Elektromobillardan foydalanishni kengaytirish maqsadida ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Unga muvofiq, mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yer maydonlarini auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi. Quvvatlash stansiyalarida zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi ham nazarda tutilgan.

Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatayotgan fuqarolar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilishi aytildi.

Mavzuga oid