O‘zbekiston | 23:40 / 22.08.2022
74467
1 daqiqa o‘qiladi

Bir guruh afg‘onistonliklar chegarani buzib O‘zbekiston hududiga o‘tdi

24 nafar Afg‘oniston fuqarosi davlat chegarasini buzib noqonuniy tarzda O‘zbekistonga o‘tgan. Bu haqdagi DXX chegara qo‘shinlari axboroti O‘zA sahifalarida e’lon qilindi.

Foto: KUN.UZ

«2022 yilning 21 avgust kuni Surxondaryo viloyatining «Payg‘ambar oroli» hududida bir guruh Afg‘oniston fuqarolari davlat chegarasini buzib, qayiqda orol tomon harakatlangan. Qoidabuzarlar hududga yetib borgan O‘zbekiston chegara qo‘shinlari harbiylariga qarshilik ko‘rsatgan», deyiladi DXX chegara qo‘shinlari axborotida.

O‘zbekiston chegarasini buzgan barcha 24 kishi shaxsini aniqlash va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish maqsadida qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, chegarani buzib o‘tgan afg‘onistonliklar O‘zbekistonning chegara hududida ko‘p miqdorda o‘sadigan qizilmiya o‘simligi ildizini noqonuniy ravishda olib ketishni maqsad qilgan.

Chegara qo‘shinlari axborotiga ko‘ra, ayni paytda «Payg‘ambar oroli» hududi O‘zbekiston chegara qo‘shinlari bo‘linmalarining to‘liq nazorati ostida.

Mavzuga oid