Jahon | 22:54 / 05.03.2026
1101
9 daqiqa o‘qiladi

Pokiston-«Tolibon» mojarosi: ular nimani bo‘lisha olishmayapti?

2026 yilning fevral oyiga kelib Pokiston va «Tolibon» qarama-qarshiligi yangi bosqichga chiqdi. Tomonlar bir-biriga havodan hujum uyushtirishyapti, dronlar, artilleriyadan foydalanishdi. Xo‘sh, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarga nima sabab bo‘lyapti?

Xalqaro tartibot shu darajada zaiflashdiki, bir davlatning boshqa bir mustaqil mamlakat hududiy yaxlitligiga qilayotgan tajovuzlariga na hayrat bor, na xavotir. Yillar davomida shakllangan qoidalar o‘rnini xaos egalladi. Endi hamma narsa mumkindek. Kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashgan, tashqarida «o‘rmon qoidalari» hukm surayotgan bir zamonda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida ham qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Dastlab 22 fevralga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi Afg‘onistonning Nangarxar va Paktika viloyatlariga aviazarbalar berdi. Rasmiy Islomobod hujumni jangarilarning chegara bo‘ylab joylashgan lagerlari va boshpanalari o‘qqa tutilgani bilan izohladi. Kobul tomoni zarbalar natijasida ayollar va bolalar halok bo‘lganini qayt etib, harbiy harakatni «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi. 26 fevral kuni afg‘on toliblari ham chegara postlariga «keng ko‘lamli hujum» uyushtirdi. Shu tariqa mojaro yangi bosqichga chiqdi: tomonlar bir-biriga havodan hujum uyushtirishyapti, dronlar, artilleriyadan foydalanishyapti. Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif «Tolibon» harakati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon ham qildi. Xo‘sh, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarga nima sabab bo‘lyapti? Ular o‘rtasidagi ziddiyat ildizi qayerga borib taqaladi?

Chegara muammosi

2024–2026 yillarda «Tolibon» va Pokiston qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar «Dyurand chizig‘i» bo‘ylab yuz beryapti. Bu chiziq bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, etnik va xavfsizlik mojarosi markazida turadi. Uzoq 1893 yil ingliz-afg‘on urushlari yakunida Britaniya Hindistoni tashqi ishlar kotibi Mortimer Dyurand va Afg‘oniston amiri Abdurahmonxon o‘rtasida chegara shartnomasi imzolanadi. Imperialistik mamlakatlarning «Bo‘lib tashla, hukmronlik qil» tamoyili ushbu bitimda ham o‘z aksini topadi: chegara chizig‘i chizilayotganda geografik va etnik omillar hisobga olinmagan. Natijada mintaqadagi eng yirik etnoslardan biri — pushtunlar ikki davlat, hozirgi Afg‘oniston va Pokiston hududiga bo‘lib yuboriladi.

Afg‘on hukmdorlari Britaniya Hindistoni parchalangunga qadar bu chiziqni tan olib keldi. Biroq 1949 yilda mamlakat parlamenti «Dyurand chizig‘i»ga oid barcha shartnomalarni denonsatsiya qildi. Afg‘oniston tomoni 1893 yilda imzolangan bitimni «bosim ostida imzolangan hujjat» sifatida baholab keladi va tarixiy pushtun hududlarining bir qismi tortib olinganini da’vo qiladi. Hududiy masala bir necha bor mojarolar va qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Masalan, 1947 yilda Afg‘oniston Pokistonning BMTga qabul qilinishiga qarshi chiqqan va buni hal etilmagan hududiy nizo bilan izohlagan, shuningdek, Islomoboddan chegarani mamlakat ichkarisiga surishni talab qilgan. Rad javobini olgach esa afg‘on tomoni Pokistondagi pushtunlarning Pushtunistonni ajratib olish uchun olib borgan kurashini qurol bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Bu 1961 yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalarning uzilishiga ham sabab bo‘ladi. Keyinchalik munosabatlar nisbatan yaxshilandi.

Turli xil baholashlarga ko‘ra, 2600 kmdan ortiq masofaga cho‘zilgan Afg‘oniston va Pokiston chegara hududlarida yashovchi pushtunlar soni 55-60 million kishi. Ularning qariyb 2/3 qismi Pokistonda yashaydi va mamlakat umumiy aholisining taxminan 15–18 foiz qismini tashkil etadi. 2017 yildan boshlab rasmiy Islomobod «Dyurand chizig‘i» bo‘ylab ulkan devor qurishni boshladi va ishlarning deyarli 90 foizi yakunlangan. Mazkur qaror terrorizmga qarshi kurash, kontrabanda va noqonuniy migratsiyaning oldini olish bilan izohlab kelinadi. «Tolibon esa devorni «pushtunlar o‘rtasidagi sun’iy to‘siq» deb hisoblayapti. Ko‘plab pushtun qabilalari uchun bu devor ularning qarindoshlari, yaylovlari va hatto qabristonlarini ajratib qo‘ygan. «Tolibon» harbiylari bir necha bor Pokiston tomonidan o‘rnatilgan simto‘siqlarni buzib tashlash yoki demontaj qilishga urinishdi. Bu esa ikki davlat chegarachilari o‘rtasida doimiy ravishda qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lyapti. Afg‘onistonning oldingi hukumatlari ham «Tolibon» ham «Dyurand chizig‘i»ni rasmiy davlat chegarasi sifatida tan olmay keladi.

«Frankenshteyn effekti»

Afg‘onistondagi pushtunlar va «Tolibon»ga Pokistonning ta’siri juda katta. Islomobod Sobiq Ittifoqning Afg‘onistondagi urushi paytida G‘arb davlatlari bilan birga afg‘on mujohidlarini qo‘llab-quvvatladi, millionlab qochoqlarga boshpana beradi. Keyinchalik ushbu kuchlar «Tolibon» harakati asosiga aylandi va qisqa muddat ichida sezilarli siyosiy-harbiy qudratga ega bo‘lishdi. 1994 yildan boshlab harakat faol tus oldi, 1996 yilda Kobulni egalladi, 1998 yilga kelib esa Afg‘onistonning katta qismini nazorat qila boshladi. Bu paytda Pokiston «Tolibon»ni tan olgan uchta davlatdan biri bo‘ldi.

O‘tgan asrning 90-yillarida Pokiston hukumati Hindiston bilan ehtimoliy urush holatiga tushib qolsa, mamlakat hududi geografik jihatdan torlik qilishi mumkinligi haqida qayg‘ura boshlaydi. Shuning uchun Pokistonga G‘arbda, ya’ni Afg‘onistonda o‘ziga bo‘ysunadigan yoki do‘stona hukumat kerak edi. Bu orqali Pokiston o‘z armiyasi va resurslarini zarurat tug‘ilganda Afg‘oniston ichkarisiga olib o‘tishi va u yerda qayta guruhlashi mumkin bo‘lgan «xavfsiz hudud»ga ega bo‘lishni ko‘zlaydi. Ammo rejalar kutilganidek natija bermadi. «Tolibon» hokimiyatga kelgach, Islomobodning yordamiga qaramay, baribir «Dyurand chizig‘i»ni rasmiy chegara sifatida tan olishdan bosh tortdi.

 2001 yil 11 sentabr teraktlaridan so‘ng esa Pokiston ham AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror operatsiyalarida ishtirok etishga rozilik bildirdi. O‘z navbatida keyingi 20 yil davomida toliblar uchun «orqa baza» vazifasini bajargan holda ularga moddiy-texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirdi. «Tolibon» yetakchilari, jumladan, Mulla Umar yoki «Haqqoniy tarmog‘i» kabi guruhlar yillab Pokistonning qochqinlar lagerlarida yoki chegaradosh hududlarida panoh topgani haqida dalillar bor. Shu sababli 2021 yil 15 avgustda «Tolibon» Kobulni qayta egallaganida, Islomoboddagi ko‘plab siyosatchilar buni «geosiyosiy g‘alaba» sifatida bayram qilishdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, munosabatlar kutilmaganda sovuqlashdi. Bunda eng og‘riqli nuqta – «Tehrike Tolibon Pokiston» qurolli harakati. Pokiston tomoni pushtunlardan tarkib topgan TTPni terrorchilik tashkilot deb hisoblaydi. Shu jihatdan Islomobod «Tolibon»ni Pokiston toliblarining yetakchilariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Kobuldagilar esa buni rad etadi. Islomoboddagilarga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati TTP guruhlarini moliyalashtiradi, qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi va o‘z hududidan harakatlanishga ruxsat beradi.

Bundan tashqari, Pokiston «Tolibon» hokimiyatga qaytishi bilan Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatadi va qochqinlar ortga qaytadi deb umid qilgandi. Lekin iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi va xalqaro sanksiyalar tufayli qochqinlar oqimi kamayish o‘rniga, aksincha, ko‘paydi. Natijada 2023 yil oxiridan boshlab Pokiston kutilmaganda hujjatsiz afg‘onlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni boshladi. Bu Kobul va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlarning ochiq adovat darajasiga chiqishiga sabab bo‘ldi. Qochqinlar muammosi hozirda ham eng ziddiyatli masalalardan biri bo‘lib qolyapti.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid