Sport | 02:10 / 15.04.2026
11674
8 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» kambek qilolmadi

«Atletiko» dramatik kechgan javob bahsida kerakli natijaga erishdi va endi yarimfinalda «Arsenal» – «Sporting» juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. «PSJ» esa safarda ham «Liverpul» ustidan g‘alaba qozondi.

Foto: Soccrates/Getty Images

Chempionlar ligasi. 1/4 final

«Atletiko» – «Barselona» 1:2
Gollar: 
Yamal, 4 (0:1). Torres, 24 (0:2). Lukman, 31 (1:2)
«Atletiko»: Musso, Molina, Le Norman, Langle, Rudjyeri, Simeone (Gonsales, 66), Liorente, Koke (Kordoza, 89), Lukman (Baena, 66), Grizmann (Syorlot, 76), Alvares
«Barselona»: Garsiya, Kunde, Garsiya, Martin, Kanselu (Arauxo, 89), Gavi (de Yong, 81), Pedri, Yamal, Olmo (Barji, 89), Fermin (Reshford, 68), Torres (Levandovski, 68)
Ogohlantirish: Gavi, 69.
Chetlatish: E. Garsiya, 79.
Birinchi uchrashuv: 2:0

«Barselona» Chempionlar ligasini tark etdi. Hans-Diter Flik jamoasi «Atletiko»ga qarshi javob bahsida birinchi o‘yindagi ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqara oldi, ammo to‘laqonli kambek ro‘y bermadi. Madridliklar kerakli pallada o‘z golini urishdi va bosh sovrin uchun kurashda qoladigan bo‘ldi.

«Barsa» ilk daqiqalardan remontada uchun harakatni boshladi va o‘yinning 33-soniyasidayoq hisobni ochishi mumkin edi. Yamal markazdan ajoyib yurishni amalga oshirdi va qulay pozitsiyadan zarba berdi. Ammo Musso Oblakning o‘rnini bejiz tortib olmaganini yana bir bor namoyish etib, qoyilmaqom seyv amalga oshirdi. Lekin to‘rt daqiqa o‘tib Lamin baribir o‘z maqsadiga erishdi. «Barsa»ning sobiq himoyachisi Kleman Langle Yamalning pressingiga dosh berolmadi va to‘pni raqibga oldirib qo‘ydi. Torres vingerni Musso bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi va Lamin bu safar to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazdi.

O‘z vaqtida Yevropaning eng ishonchli himoyasiga ega jamoasi sifatida ta’riflangan «matraschilar» orqa chiziqda xatoga yo‘l qo‘yishda davom etishdi. Doimiy ravishda kimdir sustkashlik qilar, pozitsiyani yo‘qotar va raqib uchun bo‘shliqlar qoldirardi. Musso Olmo bilan yakkama-yakka vaziyatda yana bir bor qutqarishiga to‘g‘ri keldi, ammo 24-daqiqada mehmonlar baribir ikkinchi golni urishdi. Olmo to‘pni himoyachilar ortiga ochilgan Torresga tashlab berdi, o‘yinni juda bo‘sh o‘tkazgan Langle bu safar ham pas yo‘lini to‘sa olmadi va forvard epizodni osonlik bilan hal qildi – 2:0.

Mezbonlar o‘yindagi ilk golli vaziyatni bo‘lim o‘rtalariga kelib yaratishdi. Lukman darvozabon hududiga pas uzatdi, Grizmann zarba berdi, ammo Martin to‘p yo‘lini to‘sib qoldi.

Keyin esa «Atletiko» himoyasida navbatdagi xato yuzaga keldi va Musso yana bir bor jamoasini qutqardi. Bu vaziyatda u Ferminning yuziga zarba berib yubordi va o‘yinda pauza yuzaga keldi.

Bu esa madridliklar foydasiga xizmat qildi. O‘yin davom ettirilganida hisob qisqardi. Grizmann tezkor qarshi hujum boshladi, Liorente o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatma berdi, Lukman Kundedan ildamroq harakat qildi – 2:1.

Bo‘limning qolgan qismi Olmo «Atletiko» jarima maydonida Liorente bilan yakkakurashdan keyin yiqilishi bo‘ldi. Ammo o‘yinni boshqargan Kleman Tyurpen futbolchi o‘z tashabbusi bilan yiqildi deb hisobladi va penalti belgilamadi.

Umuman, «Barsa» birinchi bo‘limda statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishdi. Mehmonlarning yettita zarbasidan oltitasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi (1,72 xG). Musso bo‘lmaganida o‘yin taqdiri 45 daqiqalikdayoq hal bo‘lishi mumkin edi.

Ammo kataloniyaliklar ikkinchi bo‘limni kutilgan shiddat bilan boshlashmadi. O‘yin Simeoneni qanoatlantiradigan tempda davom etdi. «Atletiko» chuqur himoyalandi, «Barselona» pozitsion hujumlar uyushtirishga urindi. Kataloniyaliklar raqib himoyasida bo‘shliqlarga ega bo‘lishmadi, shunga qaramay, 55-daqiqada mehmonlarning navbatdagi kombinatsiya Torres yana bir bor darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. Ferran havodagi to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi.

Ammo kataloniyaliklar jamoasi futbolchilari va muxlislarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. VAR katta sahnaga chiqib, ofsayd qayd etdi.

Bunday futbolda ko‘k-anorranglilardan kuchga asoslangan futbol namoyish etish talab qilinardi. O‘yinning bir soati ortda qolganida Flik Levandovski va Reshfordni maydonga tashladi. Ular maydonga tushishi bilan o‘yinda yana bir pauza yuzaga keldi. Gavi havoda to‘p uchun kurashda tirsagi bilan Rudjyerining boshiga zarba berib yubordi. Futbolchining qoshi yorildi va unga maydonning o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Bu tanaffus ham «Atletiko» foydasiga xizmat qildi. O‘yin davom ettirilganida mezbonlar yaqqol golli vaziyatga ega bo‘lishdi: Le Norman bir necha metr masofadan zarba yo‘lladi – darvozabon Garsiya to‘pni qaytarib qoldi.

Ko‘p o‘tmay «Barselona» o‘n kishi bo‘lib qoldi. Yana bir xato Flik jamoasiga qimmatga tushdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmagan Syorlot darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida Garsiya Erik tomonidan to‘xtatib qolindi.

Avvaliga hakam holat uchun sariq kartochka ko‘rsatgandi, keyin esa vaziyatni monitor qarshisiga borib ko‘rib chiqdi va buni so‘nggi umid foli deb topdi va kartochkaning rangi o‘zgardi.

Bir hafta oldingi ssenariy takrorlandi – «Barselona» yana qizil tufayli o‘z maqsadiga erisha olmadi. Flik himoyachi Arauxoni hujum chizig‘iga tushirib, vaziyatni o‘nglashga harakat qildi. O‘yinning so‘nggi qismida aynan shu ikki futbolchi bittadan vaziyatga ega bo‘lishdi, ammo zarbalar kutilganidek chiqmadi. Tanaffusdan keyin ko‘k-anorranglilar xG bo‘yicha atigi 0,60 ko‘rsatkichi qayd etishdi. Simeone uchinchi marta «Barsa»ni Chempionlar ligasi chorakfinalida qoldirib ketdi.

«Liverpul» – «PSJ» 0:2
Gollar:
Dembele (72, 90+1)
«Liverpul»: Mamardashvili, Kerkez, van Deyk, Konate, Frimpong (Gomes, 46 / Ngumoa, 67), Soboslai, Gravenberh, Virts, Mak Allister (Jons, 74), Ekitike (Saloh, 31), Isak (Gakpo, 46)
PSJ: Safonov, Mendesh (Ernandes, 38), Pacho, Markinios, Hakimi, Nevesh, Vitinya, Zair-Emeri (Beraldo, 82), Kvaratsxeliya, Dembele, Due (Barkolya, 52)
Ogohlantirishlar: Mak Allister (45+1), Konate (85)
Birinchi o‘yin: 0:2

Yana bir uchrashuvda «Liverpul» o‘z maydonida «PSJ»ni qabul qilib, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 

Parijliklar safidagi ikki golga ham Dembele mualliflik qildi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid