Jahon | 17:42 / 07.04.2026
2762
6 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik kengashi Hamasdan tez orada qurolsizlanishni talab qilmoqda

Tramp tuzgan kengashning ushbu talabi – Hamas deyarli barcha qurollaridan voz kechishi va o‘zining yerosti tunnellari xaritasini taqdim etishini talab qiladi.

Sulhdan keyin G‘azo shahriga qaytayotgan aholi – oktyabr, 2025 yil / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp tuzgan Tinchlik kengashi Hamasdan shu hafta oxirigacha G‘azoda qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvni yakunlashni talab qilmoqda. Bu bilan Falastindagi qurolli guruhni hokimiyatdan voz kechishga majburlash uchun bosim kuchaytirilmoqda, deb yozmoqda New York Times muzokaralardan xabardor diplomatlarga tayanib.

G‘azoda 2025 yil oktyabr oyida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish tartibini nazorat qilish uchun xalqaro organ — Tinchlik kengashi tuzilgan edi. Kengashning ushbu talabi Hamasdan pirovardida deyarli barcha qurollaridan voz kechishni va o‘zining yerosti tunnellari tarmog‘i xaritalarini taqdim etishni talab qiladi.

Belgilangan muddat, hatto AQSh va Isroilning diqqat-eʼtibori Eron bilan yangi urushga qaratilgan bir paytda ham Hamasga nisbatan tobora ortib borayotgan toqatsizlikni aks ettiradi. Diplomatlarning aytishicha, Tinchlik kengashi va Hamas vakillari seshanba kuni Qohirada uchrashib, hafta oxirigacha qurolsizlanishga doir bitimni imzolashi kutilmoqda. Shu bilan birga bu muddat o‘zgarishi ham mumkin.

New York Times nashri qo‘lga kiritgan Tinchlik kengashining ichki hujjatiga ko‘ra, agar G‘azo qurolsizlantirilsa, Isroil kuchlari sektorning katta qismidan yoki butunlay chiqib ketadi. Hujjatda aytilishicha, Isroilning hayotiy muhim tovarlarni hududga olib kirish bo‘yicha uzoq yillik cheklovlari bekor qilinadi. Shuningdek, Hamas a’zolariga amnistiya va vaqtinchalik uy-joylar uchun karvonlar yetkazib berilishi aytilgan.

Nashr ushbu ma’lumotlarni Tinchlik kengashining ichki hujjatlari va ismlari sir qolishi sharti bilan gapirgan muzokaralardan xabardor amaldorlarning so‘zlari bilan tasdiqlagan.

Kengash va Isroil tomonidan bosim

Kengashning G‘azo bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Nikolay Mladenov o‘tgan oyda Hamas yetakchilariga qurolsizlanish taklifini yetkazgan edi. Mladenov 3 aprel kuni agar Hamas G‘azoni qurolsizlantirishdan bosh torsa, og‘ir oqibatlarga duch kelishiga ishora qilgandek bo‘ldi.

Nikolay Mladenov va Turkiya bosh diplomati Hoqon Fidan

«Daryoni kesib o‘tmagan kishi dengizda g‘arq bo‘ladi», deb yozdi u.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa, agar Hamas qurollarini topshirishdan bosh torsa, uni kuch bilan qurolsizlantirishini bir necha marotaba aytgan.

NYTʼning yozishicha, Isroil joriy yil oxiridagi milliy saylovlarga yaqinlashar ekan, Netanyahu G‘azoda yangi harbiy kampaniya boshlashga moyil bo‘lishi mumkin. Ayniqsa sektorda Hamas nazoratni saqlab qolsa. Bundan tashqari, Netanyahuning ba’zi tarafdorlari Hamasni kuch bilan hokimiyatdan chetlatishga undamoqda.

Hamas G‘azodagi eng qudratli kuch bo‘lib qolmoqda. Agar Hamas qurolsizlanishga rozi bo‘lsa, bu ikki yillik urush davomida katta qismi vayron bo‘lgan G‘azoni qayta tiklash uchun zamin yaratishi mumkin. AQSh va Isroil qayta qurish ishlarini Hamasning o‘z arsenalidan voz kechishi bilan shartlagan.

Hamas nega qurolsizlanishga rozi bo‘lmayapti?

Hamasning ko‘plab a’zolari qurollardan voz kechishni taslim bo‘lish bilan barobar deb hisoblaydi. Xususan, Hamas qurolli qanoti vakili Abu Ubayda Isroil jang maydonida qo‘lga kirita olmagan yon bosishlarni – muzokaralar stolida berib qo‘yishga qarshi ekanini aytdi. U guruhning qurolsizlantirish bo‘yicha Kengash rejasiga salbiy munosabatni bildirdi.

Xon-Yunusda ko‘rinish bergan Hamas a’zolari / Foto: NYT

«Qurol-yarog‘ masalasiga bunday qo‘pol tarzda yondashish — bosqinchi kuchlarning xalqimiz hisobidan qotillik va qirg‘inni davom ettirishga qaratilgan sharmandali urinishidir», dedi u yakshanba kuni. Abu Ubaydaning so‘zlariga ko‘ra, Isroil – qurolsizlanish haqida bahslar boshlanishidan oldin G‘azodagi sulh kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak.

O‘tgan haftada Qohirada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham Hamas yetakchilari Tinchlik kengashi vakillariga Isroil oktyabrdagi kelishuvga amal qilmayotgani bo‘yicha norozilik bildirgan.

Xususan, Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami va tijorat tovarlarini tashiydigan yuk mashinalarining yetarli miqdorda kirishiga ruxsat bermagan. Bundan tashqari, Isroil G‘azoda hujumlarni davom ettirmoqda. Isroil sulh kuchga kirgan 6 oydan beri G‘azoda kamida 700 kishini o‘ldirdi, jumladan, Hamas a’zolari va tinch aholi vakillari ham halok bo‘ldi.

Eronga hujumi boshlanganda Isroil G‘azoga kirish chegara punktlarini yopib qo‘ydi. Keyinchalik ular qayta ochilgan bo‘lsa-da, yordam va tijorat tovarlari oqimi oktyabrdagi kelishuvida belgilangan – haftasiga 4200 ta yuk mashinasidan doimiy ravishda kam bo‘lib qolmoqda. Falastinda AQSh harbiylari boshchiligidagi muvofiqlashtirish markazi tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyining ilk haftasida hududga taxminan 1000 ta yuk mashinasi kirgan.

G‘azoga kirish uchun Rafahda navbat kutayotgan yordam karvoni / Foto: Reuters

NYT manbalariga ko‘ra, Tinchlik kengashi rasmiylari uchrashuvda Isroildan sulh majburiyatlarini bajarishni talab qilishini aytgan. Xususan, Kengash Isroilga dushanba kuni kamida 600 ta yuk mashinasi kirishiga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazgan.

Hamas mulozimlari esa dam olish kunlari Istanbulda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashib, navbatdagi qadamlarini muhokama qildi. Nashrning arab mulozimlariga tayanib yozishicha, arab va turk vositachilari Hamasni qurolsizlantirish rejasi bo‘yicha konstruktiv muloqotga chorlamoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid