O‘zbekiston | 14:28 / 18.09.2024
8075
3 daqiqa o‘qiladi

“Vodorod sulfidi yuqori konsentratsiyada sizib chiqishi kuzatilmadi” – Ekovazirlik

Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov 17 sentabrda Boysundagi “M25” konida yana gaz sizib chiqishi kuzatilayotgani yuzasidan izoh berdi. Mas’ul vakil bu borada o‘rganish ishlari olib borilayotgani, atrof-muhitga qancha zarar yetkazilgani hisoblanishini ma’lum qildi.

18 sentabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan vazir o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Kun.uz muxbirining M25 gaz konidagi vaziyat fonida ekologiyaga qancha zarar yetkazilganiga oid savoliga javob berdi.

Uning aytishicha, hozirda bu zararlar hisob-kitob qilinmoqda, buning uchun joylarga mas’ul mutaxassislar yuborilgan. Shuningdek, Kazbekov kondagi vaziyat borasida umuman nimalar qilinganini ham aytib o‘tdi.

Vazirligimiz hukumatning bir bo‘limi, hukumat komissiyasi a’zosi sifatida joyiga 2 sentabr kuni yetib borganmiz. Men o‘zim shaxsan borganman. Bu holat Surxondaryodagi boshqarmamiz va respublika tomonidan monitoring ishlarini olib borish uchun o‘zimizning mobil laboratoriyalarimiz, ekolab uskunalarini olib borib, o‘zim ham joylarda o‘lchash ishlarida qatnashganman. Har soat davomida har xil nuqtalarda havoning namunalari olinib. [U yerning] yaqinida qishlog‘imiz bor, "Mustaqillikning 25 yilligi" kimyo-gaz majmuasi yonida, shu yerda ishlar amalga oshirganmiz.

Zarar hisoblanadimi [yoki yo‘q] – bu bo‘yicha ham zarur loyiha hujjatlari asosida yoki bevosita o‘lchash natijasida bunday ishlarni olib boryapmiz. Hisob-kitoblar oxiriga yetgach, o‘rnatilgan tartibda taqdim etiladi”, – dedi u.

Rasmiyga ko‘ra, 1-15 sentabr kunigacha kondagi vaziyat yuzasidan Ekovazirlik hamda SES xodimlari birgalikda belgilangan hududlarda o‘rganish ishlarini olib borib, respublika shtabiga ma’lumotlarni doimiy ravishda berib bormoqda.

Hozir kechagi [holat] bo‘yicha ham xodimlarimiz joyiga chiqqan. U yerda ham bizga qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan vazifalarimizni davom ettiramiz”, – deya ta’kidladi u.

Qolaversa, vazir o‘rinbosari hozirda kondan vodorod sulfidi me’yordan ortiq chiqishi kuzatilmayotgani, u yerda texnik ishlab chiqarish bilan bog‘liq hodisa bo‘lganini qayd etdi. “Kechagi [me’yordan] ortiq bo‘lgani kuzatilmadi. Biz 7 xil har xil gazlarni o‘lchayapmiz, unday normativdan oshish holatlari kuzatilmagan”, – dedi mas’ul.

Avvalroq, Boysundagi konda 17 sentabr kuni takroriy avariya ro‘y berib, bir necha kishi halok bo‘lgani oydinlashgandi.

Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi 18 sentabr kuni soat 18:00 da Boysunning o‘zida matbuot anjumani bo‘lishini aytib, rasmiy kanalida e’lon ham bergandi. Hozirda bu xabar hokimiyat kanalidan o‘chirib yuborilgan.

Mavzuga oid