Jamiyat | 18:58 / 10.02.2026
4472
4 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya darajasi bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston 3 pog‘ona pastladi

2025 yil yakunlari bo‘yicha korrupsiyani baholash indeksi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 3 pog‘ona tushish bilan 182 ta davlat orasida 124-o‘rinni egalladi, korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘rsatkichida esa 100 dan 31 ball oldi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 1 ballga kamroq.

Transparency International xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti 2025 yil yakunlari bo‘yicha o‘zining an’anaviy Korrupsiyani qabul qilish indeksini e’lon qildi. Bu safar reytingda 182 ta davlatning ko‘rsatkichlari keltirilgan.

O‘zbekiston unda 31 ball bilan 124-o‘rinni egalladi.

Taqqoslash uchun, O‘zbekiston bu indeksning 2016 yilgi hisobotida 21 ball bilan 156-o‘rinda joylashgandi.

Keyingi yillardagi o‘rinlar:

  • 2017 yilda 157-o‘rin (22 ball); 
  • 2018 yilda 158-o‘rin (23 ball);
  • 2019 yilda 153-o‘rin (25 ball);
  • 2020 yilda 146-o‘rin (26 ball);
  • 2021 yilda 140-o‘rin (28 ball);
  • 2022 yilda 126-o‘rin (31 ball);
  • 2023 yilda 121-o‘rin (33 ball);
  • 2024 yilda 121-o‘rin (32 ball).

2025 yil yakunlari bo‘yicha korrupsiya darajasi eng past Top-10 mamlakatlar quyidagilar:

  1. Daniya – 89 ball;
  2. Finlandiya – 88 ball;
  3. Singapur – 84 ball;
  4. Yangi Zelandiya – 81 ball;
  5. Norvegiya – 81 ball;
  6. Shvetsiya – 80 ball;
  7. Shveytsariya – 80 ball;
  8. Lyuksemburg – 78 ball;
  9. Niderlandiya – 78 ball;
  10. Germaniya – 77 ball.

Rossiya o‘zining tarixiy antirekordini takrorlab, 22 ball olgan hamda Chad, Gonduras va Zimbabve kabi davlatlar bilan 157-o‘rinni bo‘lishib turibdi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 96, Qirg‘iziston 142, Tojikiston 166, Turkmaniston esa 167-o‘rinda joylashgan.

Reytingni Nikaragua, Sudan, Eritreya, Liviya, Yaman, Venesuela, Somali va Janubiy Sudan kabi davlatlar yakunlab bergan.

Nazvaniye

Transparency International’ga ko‘ra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo dunyodagi eng past natija ko‘rsatadigan mintaqalardan biri bo‘lib qolmoqda. «Korrupsiyaning keng tarqalishiga nisbatan javobsizlik ko‘pchilik hukumatlar va ularning institutlarini egallab olgan manfaatdor guruhlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda», – deyiladi hisobotda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilgi korrupsiyani baholash indeksi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda zaif institutlar va demokratik orqaga qaytish korrupsiyani kuchaytirayotgani va fuqarolik maydonini toraytirayotganini ko‘rsatgan. Mintaqaning balli 100 dan atigi 34 ballni tashkil etmoqda. Mazkur raqam 19 ta davlatning 6 tasida sezilarli darajada yomonlashgani, faqat 7 tasida yaxshilangani aytiladi.

«Markaziy Osiyoda repressiya (bosim) davom etmoqda. Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolik jamiyatini, ayniqsa nodavlat-notijorat tashkilotlar (NNT) uchun qiyin qonunlar orqali qattiq cheklab kelmoqda. Qozog‘istonda shuningdek, antikorrupsiya xizmatining shaffof bo‘lmagan tarzda tarqatilishi va uning funksiyalari Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga o‘tkazilishi bo‘yicha xavotirlar kuchaygan, bu esa mustaqillik, hisobdorlik va nazorat masalalarini savol ostiga qo‘yadi.

O‘zbekistonda rasmiy islohotlar ba’zi yutuqlarni berdi, ammo korrupsiyani ochib beradigan jurnalistlar va blogerlar hanuz ta’qib yoki sudga tortilish xavfi bilan yuzlashmoqda, bu esa korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligini cheklab qo‘ymoqda», – deyiladi Transparency International hisobotida.

Eslatib o‘tamiz, Transparency International 1993 yilda Jahon bankining sobiq xodimlari tomonidan tashkil etilgan, tashkilot Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Uning bosh ofisi Berlinda joylashgan. Korrupsiyani baholash indeksi 1995 yildan buyon e’lon qilib kelinadi.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева

Mavzuga oid