Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘zdan panadagi milliardlar va xavf ostidagi shaxsiy ma'lumotlar - odamlar nega UzIMEI'dan hamon norozi?
UzIMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish qimmatligi yetmaganday, bu pullar qayerga ketayotgani ham ochiqlanmayapti. O‘zbekistonliklar o‘z nomida nechta qurilma borligini bilolmaydi, turistlar esa telefon ishlatish uchun pochta eshigida sarg‘ayishga majbur.
Foto: Kun.uz / Muhiddin Nido
Yangi sotib olingan yoki chet eldan olib kirilgan telefonni UzIMEI ro‘yxatidan o‘tkazish – ko‘pchilik uchun bosh og‘riq. “Axborot xavfsizligini ta'minlash uchun” o‘ylab topilgan bu talab ishlay boshlaganiga 2 yildan oshgan bo‘lsa-da, hali ham odamlar undan norozi. Ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.
Nega pulli va nega buncha qimmat?
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ro‘yxatga olish to‘lovi miqdori ko‘rsatilgan.
Unga ko‘ra, mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi va shaxsiy maqsadlarda xorijdan olib kiruvchi fuqarolar BXMning 10 foizidan 25 foizigacha miqdorda to‘lov to‘laydi. Aslida bu bitta qurilma uchun kichik summaday ko‘rinsa ham, bir necha yuz ming IMEI kodlar to‘plangan vaqtda gap milliardlarga burilib ketadi.
Bittagina kodni ro‘yxatga olib qo‘yish xarajatlari shunchalik qimmatmi? Amalda “telefon solig‘i” deyish mumkin bo‘lgan bu to‘lov miqdorini hukumat qaysi asoslarga ko‘ra buncha qimmat qilib belgilagan?
UzIMEI tizimini yuritish bo‘yicha vakolatli organ “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK oxirgi hisobotida 2019 yil 1 dekabrdan 2021 yil yanvar oyining 4 sanasiga qadar IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan 240 milliard so‘m mablag‘ kelib tushgani aytgan edi. 2021 yilning boshidan hozirga qadar, 11 oy davomida yana qancha mablag‘ kelib tushgani hali ochiqlanmagan.
Yuqoridagi Nizomda maxsus hisobraqamga kelib tushgan ushbu mablag‘larning bir qismi O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi, shuningdek, mablag‘larning bir qismi tizim operatori o‘z faoliyatini yuritishi uchun uning tasarrufida qoldirilishi ham ko‘rsatilgan.
Lekin hozirga qadar qancha mablag‘ AKT vazirligi jamg‘armasiga ketdi, qanchasi tizim operatori “O‘zbekiston TTBRM”da qolgani noma'lum.
Agar UzIMEI tizimi operatorining xarajatlari uchun sarflanayotgan mablag‘lar ochiqlansa, uning to‘lovlari borasida yana ham aniq takliflar berish imkoni paydo bo‘lardi. Bundan tashqari, bu hozirgi zamon ochiqlik tamoyillaridan biri hisoblanadi.
Umuman, jamoatchilik faollari UzIMEI tizimining to‘lovlari bepul bo‘lishi kerakligi borasida anchadan buyon gapirib kelmoqda. Bu g‘oya qanchalik ko‘p inson tomonidan qo‘llab quvvatlanganini “Mening fikrim” portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaatda ham ko‘rdik.
Xullas, asosiy savol nega IMEI kodlarni ro‘yxatga olishdan tushgan milliardlar qayerga va qanday usulda sarflanayotgani aniq raqamlar bilan ochiqlanmayapti? Nega bu xizmatni bepul qilish to‘g‘risidagi takliflar ko‘rib ham chiqilmayapti?
Yana bir holat, to‘lovlardan milliardlab pul qilayotgan bu tashkilot haligacha tizimni to‘liq avtomat rejimga o‘tkazmagan. O‘zbekistonga kelgan xorijliklar XXI asrda ham bitta kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun jonli navbatga turishga majbur. Bu holat mamlakatning imijiga, erkin dunyoda yashab yurgan shaxslarning zehniyatiga qanchalik ta'sir qilishi borasida avvalroq siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham yozgan edi.
O‘zbekiston fuqarolari esa, UzIMEI tizimi ortidan o‘z shaxsiy ma'lumotlari o‘g‘irlanishi bilan jabr chekmoqda. Qandaydir uyushgan guruhlar chegara hududlar va karantin zonalarida minglab fuqarolarning pasport ma'lumotlarini o‘g‘irladi. Ular ushbu pasport egalarining nomiga noqonuniy olib kirayotgan mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazishayotgani ma'lum bo‘ldi.
Bu yo‘nalishda ikkita muhim savol ochiq qolmoqda
Birinchidan, joriy yil yanvar oyidan IIV Kiberxavfsizlik boshqarmasi mas'uli Baxtiyor Sulaymonov O‘zbekiston bo‘yicha karantin zonalarini rasman 7 mingga yaqin shunday qonunbuzarlik qayd etilganini ma'lum qilgan. Davlat bojxona qo‘mitasi esa O‘zbekiston chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning shaxslarga doir ma'lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olinganini bildirgan edi. Lekin ikkala huquqni muhofaza qiluvchi organlar – IIV va Bojxona qo‘mitasi qo‘lga olingan ushbu jinoyatchilarning taqdiri borasida boshqa hech narsa ma'lum qilmadi.
Bu – minglab fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlarini o‘g‘irlagan shaxslar jazosiz qolib ketgani, hali ham chegarada o‘tayotgan fuqarolarni pasport ma'lumotlarini o‘g‘irlayotgani, eng yomoni bunda mas'ullarni ham qo‘li borligi uchun ish bosti-bosti qilib yuborilgan bo‘lishi mumkin, degan shubhalarga olib kelmoqda.
Kun.uz Davlat bojxona qo‘mitasi, IIV va Oliy sud matbuot xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib, yuqoridagi jinoiy ishlarning taqdiri yuzasidan so‘rov yuborgan hamda ayni vaqtda batafsil ma'lumot berilishini kutmoqda.
Ikkinchidan, minglab fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari xavfsizligi buzilganiga qaramay, UzIMEI tizimi tomonidan fuqaro o‘z nomiga qachon va nechta mobil qurilma ro‘yxatga olinganini aniqlash yo‘lga qo‘yilmagani juda tushunarsiz. Agar tizim sayti orqali o‘z nomidagi qurilmalar soni va qachon ro‘yxatga olinganini bila olsa, fuqarolar shaxsiy ma'lumotlariga daxl qilinayotgani yoki qilinmayotganini tekshirib turish imkoniga ega bo‘ladi.
Bir necha kun avval “O‘zbekiston TTBRM” DUKga borgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi ishga tushirilishini hamda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste'molchilar uchun osonlashtirishi haqida gapirdi.
Fikrimizcha, Shermatov har bir fuqaro o‘z nomida nechta mobil qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilganini ko‘rish imkoniyatini ham joriy qilishi maqsadga muvofiq.
Umid qilamiz, yangi vazir yuqoridagi taklif va tanqidlarni ko‘rib chiqib, kerakli choralarni ko‘radi.
Farrux Absattarov
Tahririyatdan: Kun.uz bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUKka o‘z savollarini yubordi va ayni paytda javob kutmoqda.
Mavzuga oid
16:23 / 15.11.2025
Onaning telefondan ko‘p foydalanishi bolaga qanday ta’sir qiladi?
10:41 / 14.11.2025
1,3 mln dollarlik eksport: O‘zbekiston telefonlari 5 ta mamlakat bozoriga chiqdi
11:09 / 11.11.2025
Xitoy va Vetnam - asosiy manba: 3,2 mln telefon import qilindi
13:10 / 29.10.2025