Jamiyat | 13:18 / 31.05.2020
35682
9 daqiqa o‘qiladi

«Ta'lim va tibbiyot sifati sababli shu yerni tanladim» - Kanadada ishlayotgan o‘zbek shifokori

O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritadilar. Kimdir malaka oshirish ilinjida, kimdir xorijni kashf qilish uchun, yana kimdir o‘z yurtida qadr topmaganidan o‘ksib, olisga yo‘l olgani hech kimga sir emas.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – Kanadada faoliyat yuritayotgan shifokor, falsafa fanlari doktori Sharafiddinxo‘ja Dadaxo‘jayev.

Sharafiddinxo‘jaga ham turkum suhbatlarimizdagi umumiy savollar bilan bilan murojaat qildik.

Sharafiddinxo‘ja Dadaxo‘jayev

– Sharafiddinxo‘ja, nega aynan shu davlatni tanlagansiz va qancha vaqtdan buyon u yerda faoliyat yuritasiz?

– O‘zbekistonda Toshkent Tibbiyot akademiyasini tamomlaganman. Keyin akademiyaning nevrologiya yo‘nalishida magistraturada o‘qidim.

2004 yilda Janubiy Koreyaga borib, 2009 yilgacha magistratura va doktoranturada ta'lim oldim. Meditsina magistri MMed (Master of Medicine) va falsafa fanlari doktori (Philosophy Doctor in Science) darajalarni olib, doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan keyin Yonse universitetining Severans kasalxonasiga qarashli tibbiy-klinik markazda ishladim.

Kareramni 2011 yilda Kanadaga kelib, Janubiy Alberta Saratonni tadqiq etish instituti (SACRI – Southern Alberta Cancer Research Institute) davom ettirdim. Keyinchalik Brayn Xotchkiss, Kamming tibbiyot maktabi, Kalgari universitetida ham ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritdim.

Bu orada Maunt-Royal universitetida tibbiyotga oid turli kurslarda ham o‘qidim. Futxils tibbiyot markazi, Rockyview General Hospital, Peter Lougheed Center va turli tibbiy markazlarda amaliyot o‘tadim. Janubiy Koreyada 7 yil, Kanadada esa 9 yil faoliyat yuritdim.

Kanadani tanlashimdan maqsad – o‘qitish tizimi va tibbiyotning rivojlangani bo‘lgan.

Yana bir sabab – ingliz tilidan asosiy til sifatida foydalanilishi edi. Bolaligimdan meditsina bilan bog‘liq fanlarni yaxshi ko‘rganman va yangi ilmiy topilmalarni o‘rganishga qiziqqanman. Shuning uchun ham ingliz tilini bolaligimdan yaxshi o‘rganganman.

– O‘zbekiston va Kanada tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?

– O‘zbekiston va Kanada meditsinasi orasida katta farq bor. Kanadada avval birorta universitetda kamida 4 yil o‘qib, ko‘p hollarda hamshiralikni tamomlab, keyin meditsina fakultetiga hujjat va tibbiyot kollejiga kirish imtihonlarini topshirib, kamida 3 yil o‘qish kerak. O‘zbekistonda esa tibbiyot institutlariga maktabni bitirib, imtihon asosida kiriladi.

Kanadada o‘qishni bitirgan har bir doktor imtihon topshirib, undan o‘tgach, ishlashga ruxsat beruvchi tibbiy litsenziyani qo‘lga kiritadi.

Vrachlarning ishlash darajasini boshqaruvchi organ – Kanada qirollik vrachlari va jarrohlari kolleji hisoblanadi. Mana shu tashkilot vrachlarning hujjatlaridan tortib, vrachlar malakasini oshirish va sudlanish vaqtida ularning himoyasi bilan ham shug‘ullanadi. Mazkur tashkilot vrachlarning oyligi ularning yashashiga yetarli bo‘lishi uchun davlat va nodavlat tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi.

O‘zbekistonda tibbiyot institutini tamomlab, diplom bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash mumkin. Ammo bilishimcha, 2004 yillarda vrachlarni boshqaruvchi tashkilot mavjud emas edi. Balki hozir mavjuddir.

Ko‘p kasalxonalar har ikkala davlatda ham davlat tomonidan soliq tushumlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bu yerda xususiy klinikalar ko‘p emas. Bu jihatdan AQSh yoki Janubiy Koreyadan farq qiladi.

– Sir bo‘lmasa, oyiga qancha daromad qilasiz va uning qanchasi xarajatlarga ketadi?

– Oylik maosh miqdori turli navbatchiliklar, parvarish qilingan bemorlar soni, bajarilgan ishlar miqdori va h.k.larga bog‘liq.

Kanadada maosh soatbay to‘lanadi. Agar soatiga 100 dollar olsangiz, bir navbatchilik davomida sakkiz soat ishlasangiz, shu vaqt davomida 800 dollar ishlab topasiz.

Oyiga 20 marta navbatchilik qilsangiz, demak, 16 ming dollar maosh olasiz.

Vrachlar soatiga o‘rtacha 120-150 dollar miqdorida pul olishadi. Bundan tashqari, bergan konsultatsiyalaringiz, o‘qigan ma'ruzalaringiz, olib borayotgan ilmiy ishlaringizga uchun ham qo‘shimcha haq olasiz.

Tor doiradagi mutaxassislarning maoshlari juda yuqori. Masalan, neyrojarrohlar yiliga 400 ming dollargacha maosh olishlari mumkin. Davlat oylik maosh darajalariga mos ravishda soliq to‘lashni ham yo‘lga qo‘ygan. Maoshi miqdori ko‘p bo‘lganlar soliqni ham ko‘proq to‘laydi.

Men ilmiy xodim sifatida ishlayotgan vaqtimda yiliga 45-60 ming dollar atrofida va hamshir sifatida ishlab, yiliga 90-100 ming atrofida oylik olganman. Hozir ham shu miqdorda maosh olaman.

– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nima to‘sib turibdi?

– Kanadada janubiy koreyalik qizga uylanganman. 5 va 6 yoshli ikki nafar o‘g‘illarim bor. Katta o‘g‘lim autizm bilan kasallangan, kanadalik bo‘lgani uchun maxsus maktabda o‘qiydi va har yili davlat tomonidan turli davolash dasturlarida qatnashadi. Farzandlarim menga juda o‘rganishgan. Meni bir kun ko‘rishmasa, o‘zlarini yaxshi tutishmaydi.

Shuning uchun oilam bilan Kanadada uzoq vaqt mobaynida yashashga kelishganmiz. Farzandlarim 4-5 yilda ulg‘ayib, o‘zlarini eplab qolishadi degan umiddaman. Kelajakda O‘zbekistonga borib, ilmiy va tibbiy salohiyatni rivojlantirishga hissa qo‘shish niyatim bor. Hozircha shu yerda qolib, oilamga tegishli turli muammolarni hal etishni niyat qilganman.

– Koronavirus sharoitida Kanada tibbiyoti qanday ishlamoqda? Umuman, davlat bu sinovga tayyormidi? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi?

– Ikki oydan beri koronavirusga qarshi kurashuvchi jamoada ishlamoqdaman. Ya'ni Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish jamoasi a'zosiman. Ushbu jamoada ishlashni o‘z xohishim bilan tanladim. Allohga shukr, shuncha vaqtdan beri kasallar bilan ishlasam-da, Covid-19`ni aniqlash bo‘yicha tahlil natijalarim manfiy bo‘lib chiqyapti. Menda bu kasallik belgilari hech kuzatilmadi.

Kanada – sovuq davlat va har yili deyarli hamma grippga qarshi emlanadi. Ko‘pchilik gripp bilan kasallanadi ham. Har yili qish oylarida yo‘talish, burun oqishi, bosh og‘riqlari bo‘lib turadi. Shuning uchun ehtimol odamlar o‘sha vaqtda Covid-19 tarqala boshlaganini sezmay qolgan bo‘lishi mumkin.

Xitoyda koronavirus tarqalib, izolyatsiya ishlari boshlangan vaqtdayoq Kanadaning Alberta provinsiyasi tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Masalan, sun'iy nafas oldirish apparatlarini sotib olish, turli bo‘limlarda Covid-19 bilan kasallanganlar uchun joylar ajratish va h.k. Qisqasi, bizning provinsiyamiz Covid-19`ga qarshi kurashishga tayyor bo‘lgan. Hozir ham ish jarayoni jadal olib borilmoqda.

– Bu davlatdagi faoliyatingizga doir va O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lgan biror qiziq voqeani so‘zlab bersangiz.

– Koronavirusga qarshi kurashuvchi jamoa a'zosi sifatida kunlik navbatchilikda edim. Kanadada navbatchiliklar uchga: kunlik (soat 07:00dan 15:15gacha), kechqurungi (soat 15:00dan 23:15gacha) va tungi (23:00dan 07:15gacha) bo‘lgan navbatchiliklarga bo‘linadi.

Shunday navbatchiliklardan birida bir kishi oddiy jinsi shim va futbolkada foydalanilgan shaxsiy himoyalanish kiyimlarini to‘plab, bo‘limimizdan tashqariga tashiyotganiga guvoh bo‘ldim. Ko‘zlarimga ishona olmay qoldim: u direktorimiz edi.

U kishiga qarab: «Salom, ishlaringiz yaxshimi?» dedim. U jilmaygan holda: «Sizlarning og‘iringizni yengil qilishga keldim», deb javob berdi. Yana bizga qahva, shirinliklar ham olib kelgan ekan.

Kresloda o‘tirgan boshliq «sanitarka»ning ishini bajarishi aqlga sig‘maydigan holat, albatta. Ammo shunaqasi ham bo‘lar ekan!

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid