O‘zbekiston | 17:02 / 20.11.2022
17231
7 daqiqa o‘qiladi

To‘lovdan qochayotgan ayyor Avtoyo‘l, pulini undirolmayotgan ayol tadbirkor va yana “yer chizayotgan” MIB

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi 4 yildirki tadbirkorning haqini bermay keladi. Sud qarorlari MIBning stolida sarg‘ayib yotibdi. Tadbirkor ayol o‘rnatgan 3ta liftning eng kamida bittasidan qo‘mitaning 21 yillik raisi Abdurahmon Abduvaliyev foydalanadi.

“Doston Akfa Plus” MChJ rahbari, tadbirkor Intizor Abdalniyozovaning aytishicha, u 2018 yil aprelda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli “Yangiyo‘lqurilish” UK tomonidan e’lon qilingan, Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasining bino-inshootlarini kapital ta’mirlash bo‘yicha ochiq tenderda qatnashib, 3 ta lotda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

 – Tenderga 20 dan ortiq qurilish obektlari qo‘yilgan edi. Men Avtoyo‘l qo‘mitasiga lift va eshik-romlarini o‘rnatish bo‘yicha 3 ta lotni yutib oldim va o‘rnatib berdim.

Shartnomada belgilangan barcha ishlarni ko‘rsatilgan talablar asosida bajarib, buyurtmachilarga topshirdim. Davlat tashkilotlari bilan ishlash uchun oldindan to‘lovning 30 foizi to‘lanadi. Qolgani ish yakunlangach berilishi kerak edi. Men “Yangiyo‘lqurilish” UKga, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ishonib, barcha ishni bajardim. Mana 4,5 yildirki, qolgan pulimni ololmasdan sarsonman.

Avtoyo‘l qo‘mitasi pulni bugun beramiz, erta beramiz, pandemiyadan keyin beramiz deb ortga suraverishdi. Barchasini sabr bilan kutdim. Oxiri sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Tuman va shahar sudlarida yutib chiqdik. “Yangiyo‘lqurilish” UK bilan bir yil-u uch oy ishlagan bo‘lsam, shu vaqt oralig‘ida 9 marta rahbar almashdi. Bir rahbarga tushuntirib, ishni topshiraman desangiz, o‘rniga boshqasi qo‘yiladi.

Aslini olganda, tenderda lotni yutgandan keyin uning narxini kesishga yoki pasaytirishga hech kimning haqqi yo‘q. 950 million olishim kerak bo‘lgan summani 470 millionga tushirishdi. Kasod bo‘lmaslik uchun yarmini olishga ham rozi bo‘ldim. Shunga majbur bo‘ldim. Sababi har bir kelgan yangi rahbar 6 oy tekshiruv o‘tkazadi. O‘z ishim qolib, necha yillardan beri shular bilan ovora bo‘lib qoldim.

Intizor Abdalniyozova, “Doston Akfa Plus” MChJ rahbari Foto: Kun.uz

Tadbirkorning ta’kidlashicha, barcha ishlar ham tender shartnomalariga muvofiq amalga oshirilgan. U “Yangiyo‘lqurilish” UKda har safar rahbar o‘zgarganda turli bahonalar bilan pulini to‘lab bermayotganini aytadi.

Bahonalardan toqati toq bo‘lgan tadbirkor sudga murojaat qiladi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi uning da’vosini qisman qanoatlantirib, javobgar “Yangiyo‘lqurilish” UK hisobidan da’vogar “Doston Akfa Plus” MChJ hisobiga 417 mon 339 ming so‘m asosiy qarz, 15 mln so‘m penya undirish haqida qaror chiqaradi.

Ushbu nizo Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi. Biroq shundan keyin ham tadbirkorga puli to‘lab berilmaydi.

Tadbirkor Kun.uz’ga bergan intervyusida MIBning Nurafshon shahar bo‘limi va Toshkent viloyat boshqarmalariga qilgan murojaatlari samarasiz ketgani, viloyat boshqarmasiga 6 oy qatnaganidan so‘ng hujjatlari MIBning bosh idorasida ekani ma’lum qilinadi.

Hasan Kabirjonov, MIB direktori Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

MIB markaziy ofisiga har bir borganimda registratsiya qildirganman. Shu kungacha 47 bor murojaat qilgan ekanman. 13 hafta deganda Respublika MIB rahbari qabul qildi. U ham qo‘lidan hech narsa kelmasligi, borib o‘zlari bilan murosa qilishim kerakligini aytdi. Bu vaqt oralig‘ida 7-8 ta davlat organlariga murojaat qilib, 200 mln pulni undirib oldim. Ayni paytda 270 mln qarzdorlik qolgan.

O‘sha paytda oyog‘imda muammo bo‘lib, davolanishim kerak edi. Direktorga sarson qilmasdan, yordam bera olishi yoki bera olmasligini aniq aytishini so‘radim. U Avtoyo‘l tashkilotning 211 mlrd, “Yangiyo‘l unitar korxonasi”ning esa 5 mlrd qarzi borligini aytdi”, deydi tadbirkor.

Tadbirkorga ko‘ra, shu paytgacha u bir necha marta Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevning qabuliga kirishga uringan. Biroq raisning yordamchilari bunga yo‘l qo‘ymagan. Mas’ullar shartnomani kim bilan qilgan bo‘lsa, shular bilan gaplashishni tavsiya qilgan.

Abdurahmon Abduvaliyev, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Foto: O‘zAvtoyo‘l rasmiy sayti

– Meni uning yoniga kiritishmayapti. Yo‘qsa bir necha marta yordamchilariga borib uchrashdim, boshqa mas’ullar bilan gaplashdim. Shartnomani kim bilan tuzgan bo‘lsangiz, o‘sha bilan gaplashing deyishdi. Men shartnoma tuzgan odam ishdan ketgandan keyin 9 ta rahbar almashdi.

Ushbu muammo yuzasidan Bosh prokuror qabuliga ham kirolmayapman. Shu paytgacha Bosh prokuraturaga MIB sud qarorlarini ijroga qaratmayotgani, bu masalada yordam zarurligini aytib, uch marta murojaat qildim, ammo haligacha natija yo‘q, deya yozg‘iradi Intizor Abdalniyozova.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bir necha yildan buyon qurilayotgan binosi Foto: O‘zAvtoyo‘l rasmiy sayti

Tadbirkorning aytishicha, Avtoyo‘l qo‘mitasidan kuyganlar talaygina. U MIB direktori qabuliga kirish uchun qatnab yurganida 4 ta ana shunday jabrdiyda bilan tanishib qolgan. Ular ham bu tashkilot bilan ishlab, baraka topishmagan.

“MIB direktorining o‘zi bu tashkilotning katta qarzi borligini aytgach, ular bilan murosa qilib pulimni undirishga ham urinib ko‘rdim. Ammo bu urinishlardan foyda bo‘lmadi, deydi tadbirkor ayol.

Intervyuni to‘liq Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid