O‘zbekiston | 14:00 / 18.12.2017
18831
5 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar uchun yangi imtiyozlar: yangi qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlarda nimalar deyilgan?

Foto: Fotolia

Mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta'minlash maqsadida «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi», degan tamoyildan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Shu o‘rinda import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish borasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda, deyiladi Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati tomonidan KUN.UZ’ga taqdim etilgan maqolada.

Xususan, tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning eksport hajmlari va turlarini ko‘paytirish, tadbirkorlik sub'yektlarining raqobatbardoshligini oshirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash maqsadida, 2017 yil 3 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3351-son qarori qabul qilingandi.

Qarorga asosan:

  • 2017 yilning 1 dekabridan boshlab, xizmatlarni (ishlarni) eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati (120 kun) belgilangan;
  • tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lovsiz, akkredetiv ochmasdan, bank kafolati va sug‘urta polisisiz eksport qilish huquqi berilgan;
  • tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lganligi uchun tadbirkorlik sub'yektlarining javobgarligi belgilangan;
  • respublika bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlash uchun import qiluvchilar tomonidan eksport bojxona yuk deklaratsiyasini majburiy taqdim etish va shu bilan birga «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimidagi tovarlarni qayta eksport qilishga davlat bojxona xizmatlari organlari tomonidan ruxsatnoma berish talablari bekor qilingan;
  • 2017 yil 1 dekabrdan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlarni, ishlar va xizmatlarni eksport kontraktini tuzmasdan, invoyslar asosida eksport qilish huquqi berilgan;
  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni tezlashtirish, bojxona rasmiylashtirish jarayonida axborot texnologiyalari samaradorligini oshirish maqsadida, sertifikatlash va ruxsat beruvchi organlar zimmasiga ruxsat beruvchi hujjat ma'lumotlarini «Yagona darcha» unifikatsiyalashtirilgan axborot tizimiga o‘z vaqtida to‘liq kiritilishini ta'minlash vazifalari yuklatilgan.

Barchamizga ma'lumki, mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga bo‘lgan talab dunyo bozorlarida hech qachon susaymagan.

Ayniqsa, fermer va dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari nafaqat yurtimiz bozorlarida, balki xalqaro bozorlarda ham o‘z xaridorlariga ega bo‘lib, mahsulotlarimizga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda.

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga sanoat mahsulotlarini, o‘zlari yetishtirgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqishlari uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida, joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yana bir hujjat - «Meva-sabzavot, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar, shuningdek, quritilgan sabzavotlar va mevalar mahalliy eksport qiluvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ-3377-son qarori qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan:

  • tadbirkorlik sub'yektlariga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport kontrakti tuzmasdan invoys asosida amalga oshirish huquqi berilgan.
  • meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi mahsulotlarni ko‘zdan kechirish dalolatnomasi tuzilgandan so‘ng 3 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatda rasmiylashtirilishi belgilangan.
  • qarorda O‘simliklar karantin davlat inspeksiyasi tomonidan meva-sabzavot va tez ayniydigan mahsulotlarni eksport qilish uchun eksport qiluvchi zarur hujjatlarni taqdim etgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan oshmaydigan muddatda sertifikatlar berilishi belgilab quyilgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlab o‘tish joizki, qabul qilinayotgan Farmon va qarorlarning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik faoliyati ko‘lamini kengaytirishga, mamlakat eksport salohiyatini oshirishda kichik biznes sub'yektlarining faol ishtirok etishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, ularni mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi faol harakatlantiruvchi kuch sifatida shakllanishiga va iqtisodiyotdagi ulushini yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid