Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘yda yurgan pedofillar yoxud “uchdan keyin puch” bo‘ladimi?
Jinsiy zo‘ravonlik qilib 10 yilga hukm qilingan jinoyatchi 1 yilda erkinlikka chiqdi va bu jinoyatni 2 marta takrorladi. Bu holat o‘z-o‘zidan yuz bergani yo‘q — bu nazoratsizlik va himoyasizlikning natijasi. Ayniqsa bolalarga nisbatan.
Oldingi fojialardan so‘ng ham hech narsa o‘zgarmadi
Namanganda erkak 7 yoshli qizchani zo‘rladi. U avval ham shunday jinoyat qilgan. 2014 yilda jinsiy zo‘ravonlik qilib 10 yilga qamalgan va bor-yo‘g‘i 1 yilda chiqib kelgan. 2020 yilda erkak yana shu toifadagi jinoyat bilan 10 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Lekin muddatidan oldin qamoqdan ozod etilgan. Bu qarorni kim qabul qildi? Nega jamiyatga tahdid bo‘lgan jinoyatchi yana bir bolaning bolaligini o‘g‘irladi?
Bu savollar bugun butun jamoatchilikning og‘zida. Ammo afsuski, hech kim javob bermayapti.
2023 yilda Toshkentda jinsiy zo‘rlanib o‘ldirilgan qizaloq voqeasidan so‘ng mamlakat bo‘ylab katta rezonans ko‘tarilgan edi. Faollar “pedofillar uchun kastratsiya” va “ochiq reyestr” joriy etilishini talab qilishdi. Bu talab parlament muhokamasigacha yetib bordi. Ammo oradan ikki yil o‘tdi — hali ham hech qanday amaliyot yo‘q. Natijada, bugun yana bir bola qurbon bo‘ldi.
Reyestr va kastratsiya: to‘liq chora bo‘lmasligi mumkin
AQSh 1994 yilda “Megan qonuni”ni qabul qilib, pedofillar reyestrini yo‘lga qo‘ydi. Hozirda u yerda 900 mingdan ortiq shaxs reyestrda qayd etilgan. Ular yashaydigan manzildan to ish joyigacha, hatto mashina raqamigacha politsiyada bor. Ayrim shtatlarda esa bu ma’lumotlar internetda ochiq ko‘rsatiladi.
Shundan so‘ng mamlakatda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaygan. Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Polsha va Janubiy Koreya ham bu tizimni qabul qilgan va natija ko‘rgan. Demak, reyestr nafaqat jinoyatchilarni aniqlash uchun, balki profilaktika uchun ham ishlaydigan vositalardan biri hisoblanadi.
Kimyoviy yoki xirurgik kastratsiya dunyoda ko‘plab mamlakatlarda amalda. Polsha, Germaniya, Daniya, Norvegiya va Janubiy Koreyada bu usul natijasida qayta jinoyat sodir etish holatlari 10 foizga tushgani isbotlangan.
Kompleks chora kerak
Pedofillar uchun eng samarali usul kompleks chora ko‘rish. Chunki pedofillik — bu faqat jinoyat emas, ruhiy buzilish. Shuning uchun kastratsiya, reyestr bilan birgalikda pedofillar bilan ruhiy reabilitatsiyaning birga olib borilishi eng katta samarani beradi.
Masalan, Germaniyada 2005 yildan buyon “Jinoyatchiga aylanma” dasturi ishlaydi. Bu dasturda pedofil moyillikka ega erkaklar jinoyat sodir etishdan oldin anonim ravishda psixologik yordam oladi. Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dasturda qatnashganlarning 80 foizi keyinchalik bu jinoyatni qilmagan.
Kanadada esa qamoqdan chiqqan pedofillar atrofida “ishonch doirasi” yaratiladi — psixolog, politsiya va ko‘ngillilar ular bilan ish olib boradi. Bu usul bolalarga zo‘ravonlik holatini 70 foizga kamaytirgan.
Qo‘shnilar qat’iy qaror qabul qildi
Qo‘shni mamlakatlar ham bu borada qat’iy nazorat o‘rnatyapti. Masalan Qirg‘izistonda ham pedofillarga o‘lim jazosi tayinlanyapti. Prezident Sadir Japarov Issiqko‘lda yosh qizning zo‘rlab o‘ldirilishi ortida mamlakat qonunlarida bundaylar uchun o‘lim jazosi joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar tayyorlashni buyurdi va bu loyiha taqdim etildi. Qo‘shni Qozog‘istonda esa pedofillar qamoqdan chiqishidan oldin kastratsiya qilinadi.
Biz esa hali pedofillar ro‘yxati qilamizmi-yo‘qmi deb yurgan paytimizda ular bir nechta bolalarni zo‘rlab, qamalib va noma’lum choralar bilan muddatidan avval qamoqdan chiqib ham yurishibdi. Xuddi Namangandagi kabi.
Namangandagi fojia – tizimning yuzi
Bu faqat bir odamning jinoyati emas – tizimning zaifligi. Qamoqdan muddatidan oldin ozod qilish amaliyoti qay tarzda ishlayotgani so‘roqqa tortilishga arziydi. Qonun bo‘lishi kerak — lekin uning ortida qat’iy ijro turmasa, u qog‘ozdagi va’da bo‘lib qolaveradi.
Oliy Majlis deputati Dilnoza Azizova ham bolalarni zo‘rlaganlarga yengillik bermaslikni, umrbod qamoq joriy etishni taklif qildi. Vaholanki, 2024 yil 7 avgustda qabul qilingan qonunga ko‘ra, bunaqa jinoyatchilarga afv yoki shartli ozodlik qo‘llanmasligi kerak edi. Ammo bugungi voqea — qonun yoki uning ijrosi o‘rtasida katta uzilish borligini ko‘rsatmoqda. O‘rganib qolyapmiz: har gal shunday fojiadan keyin g‘azab, hissiyot, achinish va alam bilan gapiramiz. Yig‘ilishlar o‘tkaziladi, “ishchi guruhlar” paydo bo‘ladi. Keyin yana jimjitlik.
Bu galgi jinoyatdan keyin o‘ylovlarimiz yana oshdi: endi hukumat, parlament va huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan pedofillar reyestrini tezkor qo‘llash, shartli ozodlik amaliyotini qayta ko‘rib chiqish, qayta jinoyat qilganlarga qat’iy jazo belgilash bilan birga bunday shaxslarni aniqlash va psixologik va ijtimoiy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi hammamizning istagimiz.
Aks holda, ertaga navbatdagi qurbon bola haqida xabar yozishga majbur bo‘lamiz...
Gulmira Toshniyozova, jurnalist
Mavzuga oid
02:11 / 06.12.2025
O‘zbekistonda yer qimirladi
13:34 / 26.11.2025
Namanganda Onix urib ketishi oqibatida yana bir YPX xodimi halok bo‘ldi
08:36 / 19.11.2025
Angrenda zo‘ravonlikka uchragan qiz bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
19:41 / 07.11.2025