O‘zbekiston | 14:11 / 06.10.2021
4409
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yildan ko‘chmas mulk bo‘yicha shartnomalarni E-ijara dasturiga kiritish majburiy bo‘ladi

2022 yil 1 yanvardan boshlab shartnomalarni E-ijara orqali hisobga qo‘ymaslik soliq xavfining yuqori mezoni sifatida baholanadi.

Foto: Depositphotos

2022 yil 1 yanvardan yuridik shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida elektron shaklda hisobga qo‘yishi belgilandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra:

  • Shartnomalarini ushbu dastur orqali hisobga qo‘ymaslik soliq xavfining yuqori mezoni sifatida baholanadi va QQS guvohnomasi vaqtinchalik to‘xtatilishi yoki QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun arizasi rad etilishiga sabab bo‘ladi;
  • Davlat xizmatlari markazlari yuridik shaxslarni davlat kadastr ma'lumotlari bazasidan — ariza beruvchiga ko‘chmas mulk tegishliligi, shuningdek, soliq organlari ma'lumotlar bazasidan — ijara shartnomasi yoki tekin foydalanish shartnomasi mavjud bo‘lgan holdagina ro‘yxatdan o‘tkazish yoxud qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi hamda ushbu ma'lumotlar bazalaridan qat'iy foydalanish ta'minlanishi belgilandi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish interaktiv xizmati – E-ijara dasturi sinovdan o‘tkazilayotganini eslatib o‘tgan.

Dastur orqali soliq to‘lovchilar 2020 yil 1 yanvardan e'tiboran tuzilgan shartnomalarni hisobga qo‘yishi mumkin. 

Ma'lumot uchun, “Mening holatimni tekshirish” xizmati test jarayonidaligi sababli yuqoridagi holat yuzasidan QQS guvohnomasi bekor qilinmaydi yoki vaqtincha to‘xtatilmaydi.

Avvalroq, 2022 yildan boshlab QQS to‘lovchilari maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilangani ma'lum qilingandi. Shuningdek, intizomli soliq to‘lovchilarga QQS 7 kunda qaytariladi.

Mavzuga oid