O‘zbekiston | 13:58 / 19.06.2024
9335
3 daqiqa o‘qiladi

Otalar kuni jiddiy siyosiy-ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi lozim - Alisher Qodirov

Ko‘plab mamlakatlarda har yili iyun oyining uchinchi yakshanbasi otalar kuni sifatida nishonlanadi. Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov O‘zbekistonda ham otalar kuni alohida kun sifatida qayd etilishi kerak degan fikrni ilgari surmoqda.

Foto: Kun.uz

“Nafaqat oilada, butun jamiyatdan erkakni, ya’ni amaldagi yoki bo‘lajak otalar ohorini to‘kib, nomini oyoqosti qilib yubormayapmizmi? Buning oqibati nima bo‘ladi?

Bog‘cha va maktabni erkak tarbiyachi hamda o‘qituvchilar tashlab ketganiga ancha bo‘ldi. So‘nggi yillarda erkaklar oiladan ham siqib chiqarilayotgandek…

Millat taqdiri quriladigan bu maskanlar rad etilayotgan otalikning achchiq mevalari — asabiy ayollarning e’tirozlari bilan bo‘g‘ilmayaptimi? Nega onalar, tarbiyachi va o‘qituvchi ayollar bu qadar asabiy?

Turli millatlarda qadriyatlar turlicha bo‘ladi, bizniki ham o‘zimizga xos. Ming yillar shakllangan qadriyatlarimizga erkak va ayol munosabatlaridagi muvozanatni ayol farovonligining asosiy dushmani deb ko‘rsatayotganlar, allaqachon oila va otalikni yanchib tashlab bo‘lgan madaniyatlar targ‘ibotchilariga tashlab qo‘ymayapmizmi?

Ahmoq hamma millatda topiladi, ikki zo‘ravon, tarbiyasizni sahnaga chiqarib, o‘zbek erkaklari hammasi zo‘ravon, ayolini xor qiladi degan qarashlarni yoshlarimizga singdirilishi oqibati nima bo‘ladi?

Bugungi oila buzilishlarining asosiy sababi yoshlar birgalikda sabr bilan o‘tishlari kerak bo‘lgan muammolar, lekin tomonlar bir-birga ishonchini yo‘qotmoqda. Asossiz xavotir, ayblov, g‘iybat va tuhmat urchib ketishiga sabab shu emasmi?

Muvozanatli murosa, oqibati halovat va ma’rifatli farzandlar bo‘lgan milliy oila madaniyatimiz, otalarni rad etayotgan, erkak-ayol munosabatlarida inqirozga tushib qolgan madaniyatlar ta’sirida qolib ketayotgandek…

Bizning qadriyatlarimiz ayollarning qomati va hadsizligi emas, oilaparvarligi, hayo va ma’rifati bilan faxrlangan.

Ota, erkak — jamiyat sha’ni shavkati himoyachisi. Mukarram va hikmatli onalar bu himoyachilarni tarbiyalovchilardir!

Biz saylov dasturimizda farzand ko‘rgan ayollarga tarbiya treninglarida ishtirok etish sharti bilan 3 yilgacha haq to‘lanadigan onalik ta’tili berish taklifi ustida ishlayapmiz. 

Agar onalar shavkatli farzandlar uchun halovatidan kechmasa, otasini tanimaydigan farzandlar nafaqat onasi, balki butun jamiyatni qurbon qiladi.

Otalar kuni jiddiy siyosiy ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi zarur.

Oila munosabatlarimiz jiddiy tadqiq qilinishi kerak, bu milliy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim xulosalarga olib keladi.

Yana bir bor, otalar kuni muborak bo‘lsin”, — deya yozdi Alisher Qodirov.

Mavzuga oid