O‘zbekiston | 23:19 / 14.06.2019
12112
2 daqiqa o‘qiladi

5 oyda 417 mansabdor shaxs korrupsiyada ayblandi – yetkazilgan zarar miqdori 35,5 mlrd so‘mdan ortiq

2019 yilning besh oyida turli lavozimlardagi 417 mansabdor shaxsga 420ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 206ta jinoyat ishi bo‘yicha 284 mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Qolganlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

Kun.uz muxbirining Erkin Yo‘ldoshevga tayangan holda ma'lum qilishicha, jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 5 nafari respublika, 17 nafari viloyat va 262 mulozim tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 35 mlrd 652 mln 726 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan, tergov jarayonida ushbu zararning 25 mlrd 160 mln 870 ming so‘mi yoki 70,5 foizi undirilgan. 

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 150 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 35 nafari soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash, 21 nafari pora olish, 19 nafari firibgarlik, 11 nafari pora berish, 7 nafari mansabni suiiste'mol qilish, 4 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 3 nafari mansabga sovuqqonlik, 1 nafari mansab soxtakorligi va 33 nafari boshqa jinoyatlari uchun javobgar bo‘lgan.

2018 yilda ichki ishlar, sog‘liqni saqlash hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, 2019 yilda ushbu vazirliklarga 3 ta taqdimnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, Erkin Yo‘ldoshevning bildirishicha, prokuratura tizimida ham nopok xodimlardan tozalash ishlariga e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2018 yilda prokuraturaning 61 nafar xodimi tamagirlik tufayli ishdan olingan.

Shundan 9 nafari prokuror, 3 nafari departament, 49 nafari esa MIB xodimlaridir. 

Mavzuga oid