Iqtisodiyot | 09:18 / 22.08.2021
26915
3 daqiqa o‘qiladi

“Ma’muriy va davlat xizmati islohotlariga katta ehtiyoj bor” - Sardor Umrzoqov

Bosh vazir o‘rinbosari tizimli muammolarga uchta yechimni ko‘rsatdi: administrativ reforma, davlat xizmati islohoti va byurokratiyani kamaytirish.

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov OAVga bergan intervyusida tizimli muammolar saqlanib qolayotgani haqidagi savolga javob berdi.

“Tadbirkorlarning bir martalik muammolarini yechish bilan ovora bo‘lib, qilayotgan ishimizni faqat shunga yo‘naltirsak, bu muammolar hech qachon tugamaydi. Bu kichik muammolar ortida tizimli muammolar yotibdi. Tizimli masalalar juda ko‘p. O‘zimizga xulosa qilyapmiz. O‘zbekistonda juda ko‘p islohotlar qilindi, lekin masalan ma’muriy islohot hali qilinmadi, bunga juda katta ehtiyoj bor.

Davlat xizmati islohotini ham davom ettirib, mazmun jihatdan yakuniga yetkazishimiz kerak. Mana shuning o‘zi – juda ko‘p masalalarning yechimi.

Uchinchidan, bizdagi qog‘ozbozlik tizimi. Biz ko‘proq inson omilini bartaraf etib, elektron shaklda davlat yoki hukumat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni yangi formatga olib chiqishimiz kerak. Inson omili qancha ko‘p bo‘lsa, fuqarolar ma’lumotnoma yoki ruxsatnoma kabi hujjatlarni olishda davlat xizmatchilari bilan qancha ko‘p yuzma-yuz keladigan bo‘lsa, bu – ko‘proq muammo va byurokratiya, afsuski, korrupsiya holatlariga olib kelishi mumkin. Shuning uchun mana shu yo‘nalish bo‘yicha ham ishlash kerak”, – ta’kidladi Umrzoqov.

Eslatib o‘tamiz, davlat ishiga kirishda ochiq tanlov va mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishda meritokratiyani belgilovchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2021 yil 1 sentabrgacha ishlab chiqilishi belgilangan.

Hukumat a’zosi yashirin iqtisodiyot masalasiga ham to‘xtaldi.

“Xufiyona iqtisodiyot bilan kurashish degan gapimiz bor. Menga qo‘yib bersangiz, u bilan kurashish kerak emas. Agar tadbirkor haqiqatan xufiyona iqtisodiyotga o‘tib ketayotgan bo‘lsa, demak, hukumat sifatida bizning vazifamiz – buning sabablarini chuqur o‘rganib, tadbirkorlarga xufiyona ishlagandan ko‘ra rasmiy formatda ishlash manfaatliroq bo‘lishini ta’minlab berish bo‘lishi kerak.

Biz faqatgina chora ko‘rish, jazolash bilan, qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, 25 yil vaqtimiz o‘tib ketdi. Lekin hech qanday ijobiy natijaga erishmadik. Bu borada dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerakligini bora-bora tushunyapmiz”, – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid