Jamiyat | 19:32 / 23.10.2019
54400
6 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga jo‘natishni va'da qilgan firma bo‘yicha tergov tafsilotlari: yuzlab fuqaroning milliardlab mablag‘i ishlatib yuborilgan

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbarlari firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olinishi yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, jamiyat rahbarlari Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni va'da qilgan holda yuzlab fuqaroning 19 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirgan.

«Joriy yilning 10 oktabr kuni «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Tergov departamenti tomonidan 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan, ya'ni aldash va ishonchni suiiste'mol qilish bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, Otaqulov, Aliqulov va Qobulov hamda boshqalar bu jamiyatni tashkil etgan. Jamiyat vakillari barcha viloyatlar bo‘yicha chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni chet elda yaxshi ishlash sharoitini yaratib berish bilan qiziqtirgan.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i
Aziz Dolixodjayev.

2019 yil yanvar oyidan joriy yilning oktabr oyiga qadar 600 nafarga yaqin fuqarodan 19 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar jamiyatning bankdagi hisob-raqamlariga kirim qilingan. Ular mijoz bilan shartnoma tuzishgan holda, 27 milliondan 32 million so‘mgacha kirim qilib kelishgan. 600ga yaqin shartnomalar imzolangan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar biror shaxs shartnoma asosida xorijga jo‘natilmagan.

Otaqulov va Qobulov muqaddam 168-moddasi, ya'ni firibgarlik jinoyati bilan sudlanib chiqqan shaxslardir. Mijozlarni 4 oy davomida koreys tilini o‘qitish uchun o‘quv markazlariga jo‘natishadi va o‘qitadi. O‘quv markazi va o‘qish jarayonidagi mablag‘lar shartnoma summasi hisobidan sarflanishi aytilgan. Aniqlanishicha, har bir fuqarodan 27 milliondan 32 million so‘mgacha mablag‘dan 3 million so‘mi jamiyat tomonidan aynan shu chiqim xarajatlari uchun sarflangan, qolgan 27 million so‘m mablag‘ esa daromad sifatida o‘z hisob-raqamida qoldirilgan. Bugungi kunga qadar 200 million so‘m mablag‘ qolgan. O‘z navbatida jamiyatga kirim qilingan 19 milliard so‘mdan oshiq summa qay maqsadlarda ishlatilganini aniqlashimiz kerak. Shuning uchun, hujjatli-taftish tayinlangan va u davom etmoqda.

Jamiyat rahbarlari yuqoridagi jinoyatda ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan va 12 oktabr kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudlovga yuboriladi va ularga nisbatan qonuniy sud hukmi chiqariladi», deydi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bo‘lib boshlig‘i Aziz Dolixodjayev.

Jamiyat rahbari Q.Otaqulov, uning hamkorlari M.Aliqulov va O.Qobilov fuqarolar tomonidan topshirilgan va bank hisob-raqamida saqlanayotgan to‘lov pullarini quyidagicha sarflab yuborishgan:      

1) 1,7 mlrd. so‘m pulni o‘zi rahbar hisoblangan «FAYOZ» MChJ balansiga moliyaviy yordam ko‘rinishida o‘tkazib, ushbu pullarning 1,5 mlrd. so‘mini DT «Xalq banki» Oqqo‘rg‘on tuman filialiga O.I.Qobilov tomonidan olingan kreditni qoplash uchun o‘tkazib yuborgan;

2) 5,5 mlrd. so‘m «Vega Best» MChJning hisob-raqamiga o‘tkazilib, ushbu o‘tkazilgan pul mablag‘ hisobidan Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash» zavodi sotib olingan;

3) 870 mln. so‘m pulga 3 dona «MALIBU-2» mashinasi xarid qilingan;

4) 486 mln. so‘m va 600 mln. so‘m pul O.Qobilovning plastik kartasiga, 159 mln. so‘m pul «Zavodni ta'mirlagan ustalar uchun», 280 mln. so‘m pul Mashurov Farhod uchun, 60 mln. so‘m pul M.Aliqulovga moddiy yordam tariqasida, 50 mln. so‘m pul jamiyat huquqshunosi A.Xasanovga moddiy yordam tariqasida, 433 mln. so‘m pul jamiyatning tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha mutaxassisi bo‘lib ishlagan U.Xalmonovga, 93 mln. so‘m pul jamiyat ta'sischisi X.Turdiyevning hisob-raqamiga o‘tkazilib, sarflab yuborilgan;

5) 2,1 mlrd. so‘m «Fayoz» MChJ hisob-raqamiga, 275,8 mln. so‘m «GM O‘zbekiston» AJning hisob-raqamiga avtomashina uchun o‘tkazib berilgan.     

K.Otaqulov va uning jinoiy sheriklari tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatining jabrlanuvchilari viloyatlar bo‘yicha tahlil qilinganida:

- Qashqadaryo viloyatida 955 nafar;
- Samarqand viloyatida 345 nafar;
- Surxondaryo viloyatida 254 nafar;
- Namangan viloyatida 193 nafar;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12 nafar;
- Andijon viloyatida 77 nafar;
- Xorazm viloyatida 28 nafar;
- Toshkent viloyatida 304 nafar;
- Sirdaryo viloyatida 73 nafar;
- Navoiyda 52 nafar;
- Jizzaxda 88 nafar;
- Farg‘ona viloyatida 24 nafar;
- Buxoro viloyatida 44 nafar jabrlanuvchi mavjudligi aniqlandi.       

Fuqarolardan olingan 27 mln so‘mdan 32 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar quyidagicha sarflangan:

1. Dermatologiya ko‘rik uchun 215 300 so‘m;
2. SPID tekshiruvi uchun 38 500 so‘m;
3. Mehmonxona to‘lovi uchun 539 000 so‘m;
4. O‘qish uchun 456 000 so‘m;
5. Avtobus uchun 29 600 so‘m;
6. Sug‘urta uchun 4 220 000 so‘m, jami 5 498 400 sarflangan.

Bundan oldinroq Kun.uz saytida «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ tomonidan aldangan murojaatchilar shikoyati asosida tayyorlangan material e'lon qilingandi.

Mavzuga oid