Jahon | 15:16 / 12.02.2026
2153
9 daqiqa o‘qiladi

Rafahda navbat kutayotgan bemorlar, Bangladeshda muhim saylov va Tramp–Netanyahu uchrashuvi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp–Netanyahu uchrashuvi

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu – Tramp lavozimiga qaytganidan beri Netanyahu bilan yettinchi uchrashuvidir. Bu tashrif odatdagidan kamroq shov-shuvli bo‘ldi va matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazildi.

Tramp buni «juda yaxshi uchrashuv» deb ta’rifladi, biroq muhim qarorlar qabul qilinmaganini aytdi va Netanyahuning murojaatlarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashdan tiyildi.

«Eron bilan muzokaralar davom etishi kerakligi borasida turib oldim, shunda kelishuv amalga oshirilishi mumkinmi-yo‘qmi, ko‘ramiz. Bundan boshqa aniq qaror qabul qilinmadi», - dedi Tramp Netanyahu bilan uchrashuvdan keyin ijtimoiy tarmoqdagi postida.

Netanyahu Trampni – Eron bilan muzokaralarda uning raketa arsenaliga qo‘yiladigan cheklovlarga undash uchun kelgandi. Biroq u o‘zi xohlaganiga erishganiga oid hech qanday ishora bermadi.

Eron esa sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dasturiga cheklovlar qo‘yishga tayyorligini bildirgan, biroq raketa salohiyati muzokara mavzusi emasligini ta’kidlagan.

Kun tartibida G‘azo masalasi ham ko‘tarilgan: Tramp o‘zi vositachilik qilgan sulh kelishuvi ijrosini oldinga siljitmoqchi. «Biz G‘azoda va umuman mintaqada erishilayotgan ulkan taraqqiyotni muhokama qildik», - dedi Tramp uchrashuvdan so‘ng. Lekin u tafsilotlarni keltirmadi.

Netanyahu shuningdek, Tramp bilan uchrashuv arafasida rasman Tinchlik kengashi tarkibiga ham qo‘shildi.

NATO: Rossiyaning yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiya qariyb 1,3 million odam yo‘qotgan. Shularning taxminan 350 ming nafari halok bo‘lgan. Bu haqda Bryusselda o‘tgan brifingda NATOning yuqori martabali amaldori ma’lum qildi. Uning aytishicha, faqat 2025 yilning o‘zida Rossiya armiyasida: qariyb 400 ming kishi halok bo‘lganlar va yaralanganlar qatorida.

NATO vakili Rossiya yo‘qotishlari orasida halok bo‘lganlar ulushi noodatiy darajada yuqori ekanini ta’kidladi. Bunga sabab: dronlar ustunlik qilayotgan janglar, front chizig‘ida tibbiy ta’minotning past darajasi va katta inson resurslari talab qiladigan urush usullari.

Amaldor Ukraina armiyasi yo‘qotishlariga oid ma’lumotlarni oshkor etmadi. Biroq «hozirgi paytda ushbu mojaroda jami 2,2 milliondan ortiq halok bo‘lgan va yaralanganlar» borligini aytdi.

Uning aytishicha, hozirgi paytda jang maydonida «Rossiyada taxminan 700 ming, Ukrainada esa 400 ming askar bor». «Barchamiz bilamizki, Ukraina shaxsiy tarkibni safarbar etish va saqlab qolish borasida muayyan qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Rossiya esa frontga yuborish mumkin bo‘lgan ko‘proq inson resurslariga ega bo‘lib qolmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u.

Madagaskarda kuchli bo‘ron

Hind okeanidagi orol davlat — Madagaskarda kuchli siklon zarbasi oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘ldi.

«Gezani» sikloni seshanba kuni quruqlikka chiqib, orolning asosiy port shahri — Toamasinaga zarba berdi. Elektr uzatish liniyalari uzilib, daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgan va tomlar uchib ketgan. Madagaskar tabiiy ofatlarni boshqarish idorasi zarba hududida uylar qulab tushganini va jasadlar aynan shu joylarda topilganini bildirdi.

«Bo‘lgan voqea to‘liq xaos. Shaharning qariyb 75 foizi vayron bo‘ldi. Vaziyat – Madagaskarning o‘zi yolg‘iz bartaraf eta oladigan darajadan oshib ketdi», - dedi rasmiylar.

Kuzatuv markazi ma’lumotiga ko‘ra, «Gezani» siklonining quruqlikka chiqishi Toamasina atrofida qayd etilgan eng kuchli hodisalardan biri bo‘lishi mumkin. U soatiga 250 km tezlikdagi shamollar bilan quruqlikka zarba bergan.

«Men hech qachon bunday shiddatli shamolni boshdan kechirmaganman… Eshik va derazalar metall, ammo ular qattiq silkinmoqda», - degan guvohlardan biri Reuters’ga.

Madagaskar meteorologiya xizmatiga ko‘ra, siklon keyinroq kuchsizlangan va mamlakat ichkarisini kesib o‘tib, yana dengizga yo‘l olgan.

Bu joriy yil orolga urilgan ikkinchi siklon bo‘ldi. Madagaskar atrofidagi Hind okeanida siklon mavsumi odatda noyabrdan aprelgacha davom etadi va har yili o‘rtacha o‘nga yaqin bo‘ron kuzatiladi.

Rafahda bemorlar navbat kutmoqda

Rafah chegara o‘tish punkti qayta ochilganidan beri G‘azodan 90 dan ortiq bemor evakuatsiya qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu jarayonni olqishlar ekan, G‘azodagi tibbiy ehtiyojlar hanuz nihoyatda og‘irligicha qolayotganini ogohlantirdi.

«Bu 90 kishi G‘azodan o‘ta shoshilinch va og‘ir tibbiy yordam uchun turli mamlakatlarga evakuatsiya qilingan qariyb 11 ming kishiga qo‘shiladi», dedi JSST rasmiysi Tereza Zakariya.

Shuningdek, u «yaqin kunlarda har kuni ko‘proq tibbiy evakuatsiyalar amalga oshirilishi» maqsad qilinganini aytdi. Zakariyaning ta’kidlashicha, 18 mingdan ortiq bemor «nihoyatda zarur» davolanish uchun G‘azodan chiqarilishni kutmoqda. Ularning ko‘pchiligi navbat kutayotgan paytda vafot etgan.

«Barchamiz G‘azo ichidagi odamlarning yashash sharoitlari hanuz nihoyatda og‘ir ekanini ko‘rdik. Hozirgi mavjud resurslar u yerdagi ehtiyojlarni qondirish va G‘azo aholisi sha’nini tiklash uchun yetarli emas», dedi Zakariya.

Isroil Rafah o‘tish punktini 2024 yil may oyida egallab olgan edi. Punkt joriy yil 2 fevral kuni o‘ta cheklangan shartlar asosida qayta ochildi.

Bangladeshda saylovlar

2024 yildagi «Z avlod» boshchiligidagi qo‘zg‘olondan keyin 12 fevral kuni Bangladeshda umumiy parlament saylovlari boshlandi.

Saylovda ilgari ittifoqchi bo‘lgan ikki kuch — Bangladesh Milliy partiyasi va «Jamoat Islami» partiyasi yetakchiligidagi koalitsiyalar bellashmoqda. So‘rovnomalar Milliy partiyaga ustunlik bergan. Bosh vazirlikka asosiy ikki nomzod ham ayni shu partiyalardan.

Umuman olganda, o‘nlab partiyalardan 1900 dan ortiq nomzodlar parlamentdagi 300 ta o‘rin uchun kurashmoqda. 127 milliondan ortiq saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan.

«Bu saylov oddiy ovoz berish emas. Biz uzoq yillar davom etgan g‘azab, tengsizlik, mahrumlik va adolatsizlikka qarshi guvoh bo‘lgan jamoatchilik uyg‘onishi», dedi muvaqqat hukumat rahbari, Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus.

Parlament saylovlari bilan bir qatorda, mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlarni ko‘zda tutuvchi umumxalq referendumi ham o‘tkazilmoqda.

Bangladeshdagi ovoz berishlar bugun kechki vaqtda yakunlanadi. Yakuniy natijalar esa juma tongiga qadar aniq bo‘lishi kutilmoqda.

Tahlilchilarning aytishicha, 175 million aholiga ega mamlakatda barqaror boshqaruvni ta’minlash uchun qat’iy natija muhim ahamiyatga ega. Chunki qonli namoyishlardan keyin mamlakatda beqarorlik yuzaga kelgan va yirik tikuvchilik sanoati izdan chiqqan. Sobiq rahbar Shayx Hasina esa Hindistonga qochib ketgan.

NATO Arktikada harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda

NATO chorshanba kuni Arktikadagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan «Arktika qo‘riqchisi» missiyasini boshladi. Bu qadam — Donald Tramp Grenlandiyaga oid da’volarini qaytarib olganidan so‘ng uni tinchlantirishga qaratilgan harakat sifatida talqin qilinmoqda.

Yevropadagi NATO bosh qo‘mondoni bayonotiga ko‘ra, yangi missiya «hududni himoya qilish, Arktika hamda Uzoq Shimolning xavfsizligini ta’minlash uchun NATO kuch-qudratidan foydalanadi».

Missiya dastlab Norvegiya va Daniya tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan mashg‘ulotlarni muvofiqlashtiradi. Mintaqaga qo‘shimcha harbiy salohiyat yuboriladimi-yo‘qmi, bu aniq emas. Germaniya mudofaa vazirligi ham missiyada ishtirokini tasdiqlagan.

O‘tgan oy Tramp Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi yarim avtonom hudud — Grenlandiyani nazoratga olish tashabbusini yana ko‘targandi. U Arktikada Rossiya va Xitoy tomonidan tahdidlar mavjudligini vaj sifatida keltirgan.

Yanvar oyida NATO bosh kotibi bilan uchrashuvdan so‘ng Tramp avvalgi qat’iy pozitsiyasidan chekinib, Grenlandiya bo‘yicha asosiy tamoyillar ishlab chiqilganini e’lon qilgan.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid