Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp bojlarining O‘zbekistonga ta’siri ko‘proq bilvosita xarakterga ega bo‘ladi - ekspertlar
Prezident Donald Tramp AQShga mahsulot olib kiradigan barcha davlatlar uchun yangi tariflar joriy qildi. Jumladan, O‘zbekistonning mahsulotlari uchun ham 10 foiz boj amal qiladigan bo‘ldi. Xo‘sh, boj siyosati AQSh va dunyo, O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi? Kun.uz iqtisodchilar fikri bilan tanishdi.
Foto: Getty images
Iqtisodchilarning aytishicha, boj siyosati AQShning ham zarariga o‘ynaydi, O‘zbek-amerika tovar aylanmasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri jiddiy putur yetishi kutilmayapti, oqibatlar ko‘proq bilvosita xarakterga ega bo‘ladi.
AQSh prezidentiga ko‘ra, oshirilgan bojlar amerikaliklarni boy qilishi kerak. Lekin tahlilchilar iqtisodiy retsessiyadan xavotirda. Trampning yangi tariflari AQSh iqtisodiyotiga aniq salbiy ta’sir o‘tkazadi, deydi xalqaro savdo bo‘yicha ekspert Valijon To‘raqulov.
“Ushbu tariflar AQShning o‘rtacha boj stavkasini 2,3 foizdan 18 foizgacha oshirishi mumkin. Bu esa bozor beqarorligi, inflatsiya va iqtisodiy o‘sishning sekinlashuviga olib keladi. S&P 500 indeksi 8,4 foizga pasaygan, 2025 yilda esa YaIMning o‘sishi 1 foizga tushishi va ishsizlik darajasi 4,5 foizga oshishi prognoz qilinmoqda. Bu holat 2018 yillardagi Xitoy bilan savdo urushi davrida ham kuzatilgan edi. O‘shanda AQSh 300 ming ish o‘rnini yo‘qotgan, YaIM esa 0,3 foizga kamaygan. Xuddi shunday holat esa 1930 yilda ham sodir bo‘lib, “Buyuk depressiya” AQSh iqtisodini tiz cho‘ktirgan edi”, – deydi Valijon To‘raqulov.
2024 yilda O‘zbekistonning AQSh bilan tashqi savdo aylanmasi 882 mln dollarni tashkil etgan, bu 2023 yilgidan 15,2 foizga ko‘p degani. Bunda AQShga eksport 314,7 mln dollar bo‘lib, mamlakat umumiy eksportining 1,2 foizini tashkil qiladi. Demak, Trampning kecha joriy etgan yangi tariflari O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmaydi. Chunki AQSh O‘zbekistonning yirik savdo hamkori emas, deb yozadi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
“AQShga eksportimizning asosiy qismini xizmatlar tashkil qiladi. Xususan, 2024 yilda tovarlar eksporti 44,4 mln dollarni tashkil etgan. Ya’ni eksportimizning 86 foizi xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ana shu xizmatlar eksporti esa bojga tortilmaydi. Boshqacha aytganda, AQShga eksportimizning 86 foizi allaqachon kecha e’lon qilingan tariflardan tashqarida. Qolgan 14 foiz eksportimiz esa qo‘shimcha 10 foizlik tariflarga tortiladi.
Umuman olganda, tariflarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri judayam kichik. Chunki birinchidan, AQSh eksportimizda yirik savdo hamkorimiz hisoblanmaydi. Ikkinchidan, joriy qilingan bojlar eksport tovarlarimizning asosiy qismiga ta’sir qilmaydi”, deydi Mirkomil Xolboyev.
Xalqaro savdo bo‘yicha ekspert To‘raqulovning qo‘shimcha qilishicha, boj eksportimizga uncha ta’sir qilmasa ham, mahsulotlarning AQSh bozoridagi raqobatbardoshliligini tushiradi.
“O‘zbekiston AQShga asosan to‘qimachilik mahsulotlari, paxta tolasi va mevalar eksport qiladi. Agar AQSh ushbu mahsulotlarga 10 foiz boj joriy etsa, ularning AQSh bozoridagi raqobatbardoshliligi pasayadi, eksportning kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilish ehtimoli ham yo‘q emas. Ammo O‘zbekistonning AQSh bilan savdosi hajmi nisbatan kichik bo‘lgani bois, umumiy iqtisodiy ta’sir ham cheklangan bo‘ladi. Men ko‘proq bu boj siyosatining ta’siri bevosita emas, balki global inflatsiya hamda bozor kutilmalarining buzilishi orqali bilvosita yuz beradi deb ishonaman”, deydi u.
O‘zbekiston mahsulotlariga 10 foizlik bojning ikki tomoni bor: iqtisodiy tomondan zarar katta bo‘lmaydi, ammo eksport tovarlari narxi oshishi aniq. Bu esa amerika bozorida o‘zbek mahsulotlarining o‘rniga putur yetkazishi mumkin, deydi moliya bo‘yicha ekspert Tamilla Qurbonova.
“AQSh bilan savdomiz ulushi katta emas, lekin bu davlatga mahsulot sotadigan eksportyorlar o‘zi uchun boshqa bozorni izlashni boshlashi kerak. Ikkinchi yo‘li esa mahsulot tannarxini tushirish. Bu narx ko‘tarilishining oldini oladi. Albatta, eksportchilar zarar ko‘radi, ammo jiddiy emas.
Siyosiy tomondan qaralsa ham bojlar, albatta, yaxshi qabul qilinmaydi. Biroq bu butun dunyo davlatlari, kimsasiz oroldan keluvchi mahsulotlar uchun ham birdek e’lon qilingani hisobga olinsa, Vashington–Toshkent muloqoti holatga salbiy ta’sir qilmasa kerak. Umumiy ma’noda esa, Trampning boj siyosatiga munosabat, albatta, yomon bo‘ladi, buni hech kim xursandchilik bilan qabul qilmaydi”, deydi Tamilla Qurbonova.
Tariflarning deyarli barcha davlatlarga o‘rnatilgani yaqin kelajakda o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Masalan, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori hisoblangan Xitoy va boshqa shu qatordagi davlatlarda iqtisodiy o‘sish sekinlashadi. O‘sishning sekinlashuvi tabiiyki, tovarlarga bo‘lgan talabni pasaytiradi.
“O‘zi shundoq ham eksportimiz pasayishi davom etayotgan Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston hamkorlarimizga yana tovar va xizmatlarning sotilishi kamayishi mumkin. Ammo noaniqliklar sharoitida asosiy eksport tovarimiz bo‘lgan oltinning narxi yangi tarixiy maksimumlarga yetishi kutilmoqda”, deydi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
Bojlar global ravishda savdo faolligini ham tushiradi, bu esa import tovarlarining arzonroq kirib kelishiga olib kelishi mumkin. Bir jihatdan, hozirgi holat monetar siyosat uchun yaxshi shart-sharoitlarni yaratsa, boshqa tomondan ishlab chiqaruvchilar uchun kutilmagan raqobat muhiti yaralishi mumkin.
Ekspertlar fikricha, salbiy ta’sir asosan rivojlanayotgan Osiyo davlatlariga bo‘lib, markaziy banklar inflatsiyaning oshishi va iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin.
“Eng yomon narsa shuki, bu boj siyosatining ta’sirlari Tramp boshqaruvining tugashi bilan to‘xtamasligi, uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin. Yangi kelgan hukumat o‘zidan oldingi hukumat joriy etgan bojlarni bekor qilmasligi yoki kamaytirmasligi ehtimoldan xoli emas”, deydi Valijon To‘raqulov.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Mavzuga oid
09:21
AQSh va Fransiya Ukrainaning Putin qarorgohiga hujumi haqidagi da’volarga shubha bilan qaramoqda
20:44 / 30.12.2025
«B-2'lar yoqilg‘isini bekorga sarflashni xohlamaymiz» – Tramp va Netanyahu yil oxirida nimalarni gaplashdi?
18:03 / 30.12.2025
O‘zbekistonliklarga Green Card uchun viza berish to‘xtatildi
13:55 / 30.12.2025