Jamiyat | 19:30 / 24.07.2019
151063
9 daqiqa o‘qiladi

«Yakkabog‘ voqeasi»: Qonunlarni oyoqosti qilgan mas'ullar ham jazolanadimi?

Yakkabog‘da sodir bo‘lgan voqea, tadbirkorning hokim o‘rinbosari o‘tirgan ekskavatorga benzin sepib, yoqib yuborishi juda ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda. Ulardan birinchisi — bu ko‘ngilsizlik hududda tasodifan yuz berdimi yoki voqealar rivojlanib pishib yetilganmidi?

Aslini olganda, tadbirkorlar tumandagi «Eski Yakkabog‘» mahallasidagi bir qator bino va inshootlar buzilishi borasida butunlay bexabar bo‘lgan, deya olmaymiz ham. Ammo ular o‘z binolari buzilmasligiga qattiq ishonishiga asos bor edi. Sabab — buzilish bo‘yicha ularning qo‘liga ogohlantiruvchi biror hujjat berilmagandi.

Ana shunday holat bo‘lgani holda hududda o‘ttizga yaqin tadbirkorning binolari buzib tashlandi. Buzilganda ham, evaziga hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan! Bor-budini shu do‘konlarga tikkan, ro‘zg‘ori va bola-chaqasining kuni o‘tishi shu do‘konlarga qarab turgan tadbirkorlarda, tabiiyki, keskin norozilik paydo bo‘lgan. Ulardan biri — tadbirkor Bahriddin Isomov edi.

Bu tadbirkorga binosi buzilishi bo‘yicha kelgan rasmiy hujjatning imzolangan sanasiga oldingi maqolada to‘xtalib o‘tdik — 2019 yil 20 iyul. Tadbirkorning yaqinlari hokimlik vakillari ogohlantirish xatini voqeadan bir kun o‘tib keltirishganini tasdiqlashmoqda. Shu sababdan, ekskavator kelgan kuni binoning yuqori qavatida ishchilar bo‘lgan, yerto‘lada esa qariyb 100 million so‘mlik mahsulotlar turgan.

Bir holatga alohida to‘xtalishni istardik: B.Isomovning buzilishga tushgan binosi jami 84 kvadrat metrdan iborat. Ana shu ixcham ikki qavatli binoda u 6 kishini ish va doimiy daromad bilan ta'minlagan. Kamchiligi esa u kadastr hujjatlariga ega bo‘lmagan.

Tadbirkorning o‘g‘li Sh.Daminovning aytishicha, o‘z vaqtida kadastr hujjatlari bino qurib bitkazilgach tayyorlab berilishi va'da qilingan. Bino qurib bitkazilgach, esa mana bu voqealar boshlanib ketgan.

Umuman, gap tadbirkorning qo‘lidagi hujjat kamchiligida ham emas, chunki barcha hujjatlarga ega bo‘lgani holda do‘konlari buzilgan boshqa tadbirkorlar ham kompensatsiya olishmagan.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbarining aytishicha, «Eski Yakkabog‘» mahallasi «Obod qishloq» dasturi asosida obodonlashtirilib, yuqoridagi ko‘chadan 10 kilometr ichimlik suv tarmog‘ining bir qismi o‘tadi. Shuningdek, avtoturargoh ham quriladi.

Shuni eslatib o‘tishimiz lozimki, modomiki «Obod qishloq» dasturi asosida yuqoridagi yangi inshootlar qurilar ekan, demak, Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha tadbirkorlarning yeri davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinmoqda va buning uchun kompensatsiya to‘lanishi shart.

Tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev ham telefon orqali muloqot chog‘ida tadbirkorlarga kompensatsiya berilmaganini, ammo berilish ko‘zda tutilganini tasdiqladi.

Lekin, u bu gaplarni o‘ziga o‘t qo‘yilishi voqeasidan keyin aytayotgani inobatga olinsa, unga ishonish qiyin. Qolaversa, prezident va hukumat qarorlariga ko‘ra, buzilayotgan binolarning bozor qiymatidagi narxi to‘liq qoplangachgina buzish ishlari boshlanishi shart.

Tuymayev aslida Bahriddin Isomovga tegishli binoni buzish niyati bo‘lmagani, ikki qavatli binoga yondosh eski binoni buzayotganida yuqoridagi voqea sodir bo‘lgani haqida gapirgan.

Biroq, o‘sha kuni do‘konning 2-qavatida bo‘lgan guvohlardan biri voqeani boshqacharoq so‘zlab berdi: «Ekskavator bilan binoni buzish uchun urishgan vaqtida do‘konning ikkinchi qavatida ikki nafar yosh farzandim bilan turgan edim. To‘satdan qattiq urilgan ovoz yangrab, bino qattiq silkinib, zirillab ketdi. Hamma qattiq qo‘rquvga tushdi, ayniqsa, bolalarim. O‘zim ham homiladorman, qo‘rqib ketdim».

Voqea joyiga borib, ikki qavatli bino devorida ekskavator kovshi bilan urilgan zarba izi va bino ustuni qiyshayib ketganiga guvoh bo‘ldik. Bundan Mansur Tuymayev yana yolg‘on gapirishga uringan, degan xulosaga kelish mumkin.

Bundan tashqari, binoda va uning zinasida tadbirkorning o‘zi va yaqinlari ham bo‘lgan. Binoning zirillab ketishi hammani vahimaga solgan.

Oldingi maqolada 20 iyul kuni tadbirkor Bahriddin Isomovdan tashqari, uning ikki o‘g‘li Sh.Daminov va M.Daminov ham IIB xodimlari tomonidan olib ketilib, biri 50, ikkinchisi 11 soat ushlab turilgani haqida ma'lumot berilgan edi.

23 iyul kuni «Eski Yakkabog‘» mahallasida bo‘lganimizda M.Daminov yana IIB tomonidan olib ketilgani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, tadbirkorning qaynog‘asi S.Haydarov ham IIB tomonidan olib ketilgan. Ularning shu hududdagi 19-son ichki ishlar bo‘linmasida saqlanayotganini bilib, o‘sha yerga bordik. Ammo uchrashishning iloji topilmadi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, ular bugun, 24 iyul kuni yana qo‘yib yuborilgan.

Shu yerda biz ikki xil holatga guvoh bo‘ldik: tuman IIB boshlig‘i Sherzod Shokirov bergan ma'lumotda «2 nafar fuqaro do‘konni buzish ishlarini olib borayotgan ishchilarni haqorat qilib, ularga so‘kingani uchun IIBga olib ketildi» desa, olib ketilganlarning yaqinlari «M.Daminov faqatgina telefonini qo‘liga olgan edi», deya guvohlik berishmoqda.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, fakt shuki, hokim o‘rinbosarini yoqmoqchi bo‘lgan tadbirkorning yaqinlari bir necha kun ichida qayta-qayta IIBga olib ketilib, 10 soatdan 50 soatgacha hibsda saqlanmoqda.

Voqea joyida bo‘lganimizda yana bir necha kishi, qishloq oqsoqollari bo‘layotgan voqealardan keskin norozi ekanliklarini bildirishdi. Yanayam achinarlisi, tadbirkorlardan tashqari, mahallada 20ga yaqin oilalarning xonadonlari ham hech qanday kompensatsiyasiz buzib tashlangan ekan. Ko‘plab oilalar xaroba ahvolda yashab kelayotgani ham ayon bo‘ldi.

Aftidan, shu kabi voqealar ayrim fuqarolarning sabr kosasini sekin-asta to‘ldirib kelgan. Odatda, bunday holatlar takrorlanaversa oxir-oqibat biror ko‘ngilsizlik yuzaga kelishi, kimningdir hayoti izdan chiqishi muqarrar edi va shunday bo‘ldi ham.

Holatni tahlil qilar ekansiz, yana bir qator haqli savollar paydo bo‘laveradi:

  • Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 97-sonli qarori talablari tuman hokimligi tomonidan nega bajarilmadi?
  • Nega hokimlik buzish haqidagi yozma ogohlantirishni bermay, kompensatsiya masalalarini hal qilmay mulkni buzmoqchi bo‘ldi?
  • Mulkdor qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, hokimlik garchi qonunlarda bu tartib belgilangan bo‘lsa-da, nega sudga murojaat qilmadi?
  • Nega buzish vaqtida tuman hokimi o‘rinbosari ekskavator ruliga o‘tirib, shaxsan o‘zi binoni buzmoqchi bo‘ldi, garchi uning mazkur transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lmasa-da? Bunga nega Qashqadaryo viloyat IIB munosabat bildirmayapti?
  • Endi holat qanday baholanadi: tadbirkor ekskavator haydovchisiga qasd qildimi yoki hokimiyat vakiligami?
  • Nega tadbirkor qo‘lga olingan vaqtida yaqinlari ham IIBda ushlab turildi? Nega ular hech qanday sanksiyasiz qo‘lga olindi?
  • Qonunlarda shaxsiy mulk daxlsizdir deyilgan. Bunga hattoki eng qoloq davlatlar ham amal qiladi. Nega Yakkabog‘da bu qonun oyoqosti qilinmoqda?

Biz tadbirkorning qilgan ishini oqlamaymiz, ammo, yuqoridagi savollarga javob izlarkansiz, «Yakkabog‘ voqeasi» kelib chiqishida tuman rahbariyatining ham qonun-qoidalarga bepisandligi sabab bo‘lgani oydinlashaveradi. Binobarin, ular ham shunday vaziyat paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani uchun qonun oldida javob berishlari shart. Boshboshdoqlikka yo‘l qo‘ygan yakkabog‘lik mas'ullar va ichki ishlar organlari xodimlari tegishli tarzda jazolanmas ekan, boshqalarda ham «demak, shunday qilish mumkin ekan», degan fikr paydo bo‘lishi tabiiy va bu yomon illat palak otishi turgan gap.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid