O‘zbekiston | 07:20 / 14.03.2022
22520
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazishni boshladi 

Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazib berishni boshladi, deb xabar qilmoqda “Nigoh” kanali.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 18 tonnalik go‘shtning birinchi partiyasi shu hafta Toshkentga yetib keladi. Mart oyida yana 50 ta konteynerda go‘sht (jami 900 tonna) jo‘natilishi kutilmoqda.

Pokistonning Shaheen kompaniyasi rahbari Malik Sher Xonning ta’kidlashicha, Pokiston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilganidan keyin O‘zbekiston bozoriga diqqat bilan qaray boshlagan.

4 mart kuni ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligini ta’kidlab, Transafg‘on temiryo‘lini yanada rivojlantirishga kelishib olgandi.

“Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston bir necha yillardan buyon transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temiryo‘li qurilishi Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lak yaratadi. Bu temiryo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi”, deyiladi ma’lumotda.

2021 yil noyabr oyida O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk Pokistonga yetib borgan edi. Pokiston tomoni buni “hamkorlikning yangi davrining boshlanishi” deb baholadi. Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirdi — yuk mashinalari kirish to‘lovi bo‘yicha depozit to‘lamasdan mamlakatga kirishi mumkin.

Mavzuga oid