O‘zbekiston | 19:24 / 14.12.2021
39655
3 daqiqa o‘qiladi

«Xudo saqladi, qancha odam nobud bo‘lishi mumkin edi» – prezident Denovdagi voqeaga to‘xtaldi

Prezident Denovda bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerakligini aytib, bosh vazirga bir oy muddatda gaz quvurlarini xatlovdan o‘tkazib, natijasi bo‘yicha qaror qabul qilishga topshiriq berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha videoselektor chog‘ida prezident rahbarlar e’tiborini yaqinda Surxondaryo viloyati Denov tumanida sodir bo‘lgan hodisaga qaratdi.

«Denovda bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak. Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar va qurilish, sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yerosti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart.

Hammasi qonun bilan hal qilinsin. Xudo saqladi, qancha odam nobud bo‘lishi mumkin edi. Agar bu kunduzi bo‘lganda nima bo‘lardi?» deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari bo‘lib o‘tgan hodisa bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Televizor orqali hammasini tushuntiringlar, Denovda shunday holat bo‘ldi, deb aytinglar. Yashiradigan O‘zbekiston emas hozir. Shu ikki odam o‘limi bizga sinov bo‘ldi. Endi har bir viloyat hokimi shaxsan o‘zi bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatni zimmasiga oladi. Endi bunday hodisa qaytarilmasligi lozim, oldinda qish, ehtiyotkorlik zarur», dedi prezident.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov hodisa gaz tufayli kelib chiqqanini aytdi.

«Gazchilar e’tiborsizlik qilib, past bosimli trubalar orqali o‘rta bosimni ulab yuborishgan. Gaz sizib chiqib shunday holat yuzaga keldi. Hozir hodisa prokuratura tomonidan jiddiy o‘rganilyapti», dedi hokim.

Prezident bunga yo‘l qo‘ygan gaz ta’minoti xodimlari rahbarlari bilan birga tergov va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra javobgarlikka tortilishini ta’kidladi va bosh vazirga bir oy muddatda gaz quvurlarini xatlovdan o‘tkazib, natijasi bo‘yicha qaror qabul qilishga topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabrga o‘tar kechasi Surxondaryo viloyati Denov shahrida «Indenim» savdo markazida gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida portlash bo‘lgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 9 kishi yaralangan.

Mavzuga oid