O‘zbekiston | 15:04 / 13.03.2021
77112
3 daqiqa o‘qiladi

«Men senlarga qishloqimanmi?» – Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi 8 martga arzon sovg‘a bergan talabaga dag‘dag‘a qildi

Buxoro davlat universitetida bir guruh talabalar 8 martda o‘qituvchiga sovg‘a bergan. Sovg‘ani arzon deb hisoblagan o‘qituvchi esa talabalarga imtihonda qiyin bo‘lishini aytib, po‘pisa qilgan.

Buxoro davlat universitetining Maktabgacha va boshlang‘ich ta'lim fakulteti talabalari o‘z guruh rahbarlari (kuratori)ga 8 mart munosabati bilan guldasta va 200 ming so‘m pul sovg‘a qilgan. Ushbu sovg‘ani past qiymatli deya baholagan o‘qituvchi talabasiga messenjer orqali tahdidli gaplar yozib, sovg‘ani qaytarib berishini aytgan. Bu haqda bloger Umid G‘ofurov o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.

Xabarda o‘qituvchining Telegram orqali talabaga yozgan xabarlarining surati ham keltirilgan.

«Eshitib ol, ertaga kafedraga kelib, 200 ming so‘m pulingni olib ket. Men mayda-chuydani deb obro‘yimni yerga urmayman. Aniq ustimdan kulgansanlar. Agar guldasta 100 ming tursa, demak jami 300 ming yig‘gansanlar. 300 mingni 23 ga bo‘lsa, 13 mingdan to‘g‘ri keladi. Men sizlarga nima bersa xursand bo‘lib ketadigan go‘l yoki qishloqimanmi? Hoziroq manzilingni ayt, [sovg‘ani] o‘zim olib borib, qo‘lingga topshiraman. 200 ming emas, 300 ming so‘m. Yoki karta raqamingni ayt, pul o‘tkazaman. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi», deb yakunlagan o‘qituvchi dag‘dag‘asini o‘zi rahbarlik qiladigan guruh talabasiga.

Talabalardan biri bu yozishmani skrinshot qilib, internetga chiqargan. Shu sabab o‘qituvchi talabalarni qo‘rqitib,  yakuniy imtihonda ko‘ramiz, deb po‘pisa qilgan.

«E'tibor bering, bu maktabgacha va boshlang‘ich ta'lim fakultetidagi holat. Ya'ni, shu ayol bo‘lajak o‘qituvchi tayyorlaydi. Oliy ta'lim vazirligidan ushbu muammoga e'tibor berishni iltimos qilaman. O‘qituvchining ismi va boshqa (qayg‘uli) tafsilotlarni vazirlik vakillariga aytib berishim mumkin. Menimcha, bunday odamlar bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlamasligi kerak. Boshqa talabalar shunga o‘xshash holatlarga uchrasa, menga xabar berishlari mumkin. Ta'lim tizimini birgalikda davolashimiz kerak» – deb yozgan post yakunida bloger.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, Buxoro davlat universitetida ayni masala yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid