Jamiyat | 23:24 / 13.03.2021
55048
2 daqiqa o‘qiladi

BuxDUning «arzon sovg‘a bergan» talabaga po‘pisa qilgan o‘qituvchisi ishdan bo‘shatildi

 Talaba 300 ming so‘mlik «juda arzon» sovg‘a bergani uchun unga po‘pisa qilgan Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Telegram kanalida ma'lum qilindi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisining ustoz sha'ni va maqomiga xos bo‘lmagan xatti-harakatiga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi e'tibor qaratdi.

O‘rganishlardan so‘ng, mazkur o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq bekor qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbariyati tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi hamda manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi va shu kunlarda oliy ta'lim tizimida korrupsiyaga qarshi «komplayens nazorat» tizimi joriy etilayotganini ma'lum qiladi», – deyiladi xabarda.

Xabarda shuningdek, jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan ijtimoiy tarmoqlar vakillari va talabalarga minnatdorchilik bildirilgan hamda bu holat barcha oliy ta'lim muassasalarida muhokama qilinishi bildirilgan.

Avvalroq, Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi 8 mart bayramida o‘ziga 300 ming so‘mlik «juda arzon» sovg‘a bergan talabaga po‘pisa qilgani haqida xabar berilgandi

Mavzuga oid