O‘zbekiston | 11:30 / 18.03.2022
6119
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro davlat universiteti talabalari uchun “Karera kuni – 2022 mehnat yarmarkasi”da 8000 dan ortiq ish o‘rni taklif qilindi

Yoshlar muammolari, xususan, ularning ish bilan bandligini ta’minlash bugungi kunda har doimgidan-da muhim hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelayotgan oliy ta’lim muassasasi talabalarini ishga joylashtirish masalasiga e’tibor qaratildi.

Foto: Buxoro davlat universiteti

Buxoro davlat universiteti, viloyat bandlik bosh boshqarmasi hamda Buxoro shahar hokimligi hamkorligida “Karera kuni – 2022 mehnat yarmarkasi” tashkil qilindi.

Yarmarka mobaynida Buxoro davlat universiteti faollar zalida muassasaning bitiruvchi talabalari uchun ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda BuxDU rektori Obidjon Hamidov, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev, BuxDUning sobiq bitiruvchisi, Germaniya tibbiyot muassasalariga ishga jalb qilish loyihasi bo‘yicha Buxoroda ish olib borayotgan Nofiza Vohidova hamda Germaniyaning GPScape solution kompaniyasi rahbari janob Shnayder ishtirok etdi. Talabalarga kadrlar masalasida bugungi kunning asosiy talablari tushuntirilib, xorijda o‘z sohasi bo‘yicha faoliyat yuritish yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

“Karera kuni – 2022 mehnat yarmarkasi” doirasida talabalar uchun viloyatdagi xalq ta’limi sohasida 1261 ta, maktabgacha ta’lim sohasida 696 ta, tibbiyot sohasida 839, sanoat sohasida 1435 ta, qurilish sohasida 805 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 2032 ta va boshqa sohalar bilan birgalikda jami 8000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif etildi.

Yarmarkada 100 dan ortiq korxona-tashkilot jalb qilingan bo‘lib, 3500 ga yaqin talaba ishtirok etdi. Yarmarka davomida 200 dan ortiq ishga joylashish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda 50 ga yaqin o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Buxoro davlat universitetini joriy yilda 3299 nafar bakalavr, 491 nafar magistr bitiradi.

BuxDU matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid