Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek migrantlari: ularning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni qay darajada katta?
So‘nggi yillardagi O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini migrantlar yuborayotgan pullarsiz tasavvur qilish qiyin. Bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 13 foizdan ko‘proq qismini tashkil etadi. Yuqori maosh to‘lanuvchi rivojlangan mamlakatlarda mehnat muhojirlari soni ko‘payayotgani ham umumiy pul o‘tkazmalari oshishida asosiy omillardan biriga aylandi. Kun.uz Xalqaro mehnat migrantlari kunida chet elda ishlayotgan vatandoshlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
BMT Bosh assambleyasining taklifiga binoan 2000 yildan buyon har yili 18 dekabr Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlanadi. 1990 yilning xuddi shu kunida «Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiya qabul qilingandi. O‘zbekiston ham chetga mehnat muhojirlarini yo‘llash bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatdan xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketganlar soni 1,8 mlndan ko‘proq.
Migrantlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni
Mehnat migrantlari yuborgan pullar uzoq yillardan beri O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutib keladi va aholi turmush xarajatlarining sezilarli qismini qoplaydi. Xususan, 2024 yilda mamlakatga 14,8 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 12,2 foizdan ko‘proq qismini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili O‘zbekiston eksport qilgan oltinning umumiy qiymati 7,5 mlrd dollar bo‘lgan.
2017-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari dinamikasining o‘zgarishi

*2025 yil uchun ma’lumotlar kutilayotgan prognoz ko‘rinishida berilgan;
P.S: 2022 yilda Rossiya-Ukraina urushi fonida Qirg‘iziston va Tojikistonda ma’lum miqdorda naqd valuta taqchilligi yuzaga kelib, banklarda ayrim cheklovlar joriy etilgandi. Bunday sharoitda mazkur davlat fuqarolari O‘zbekistonga valuta o‘tkazib, mamlakat banklari orqali naqd pul olib chiqib ketgani aytiladi. Shu sababdan 2022 yilda pul o‘tkazmalarining favqulodda keskin oshishi ro‘y bergan bo‘lishi mumkin.
Pul o‘tkazmalari ko‘pincha iste’mol xarajatlarini qoplash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy olish kabi sohalarga sarflanadi, bu esa ichki talabni oshiradi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, mamlakat valuta ehtiyojining sezilarli qismi migrantlar jo‘natgan pul hisobidan qondiriladi.
Ayrim hududlarda migratsiya oqimi daromadlar, ishsizlik bo‘yicha farqlanishning pasayishiga yordam beradi. Avvalroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev aholi daromadlari bo‘yicha 9 oylik rasmiy statistikaga asoslanib hisob-kitob yuritgan va shunday xulosaga kelgan edi: agar pul o‘tkazmalarida o‘sish bo‘lmaganida, O‘zbekiston aholisining jon boshiga umumiy daromadlari bu yil o‘smagan bo‘lardi. Jumladan, o‘tkazmalarning oshishi 8 ta viloyatda aholini kambag‘allashishdan saqlab qolgan.
Pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik
S&P reyting agentligi o‘zining oxirgi hisobotida O‘zbekistonning demografik afzalliklarga egaligini ta’kidlagan holda aholi tarkibining qariyb 90 foizi mehnat yoshida yoki mehnat yoshidan kichkina bo‘lib, bu taklifga asoslangan o‘sish imkoniyatini yaratadi, deya qayd etgandi. Shu bilan birga, ish o‘rinlari o‘sishi talabni to‘liq qondira olmasligi taxmin qilingan. «O‘zbekistonning ko‘plab doimiy va mavsumiy mehnat migrantlari Rossiya, shuningdek Yevropa va Yaqin Sharqdagi yangi yo‘nalishlarda ish izlashni davom ettiradi. Natijada iqtisodiyot pul o‘tkazmalari oqimiga bog‘langanligicha qoladi», deya xulosaga kelgandi xalqaro reyting agentligi mutaxassislari.
Migratsiyaning diversifikatsiyasi
Yillar davomida o‘zbek migrantlari eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar to‘rtligi quyidagicha shakllanib kelgan: Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya. Ammo oxirgi yillarda vaziyat birmuncha o‘zgardi.
Xususan, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat yomonlashuvi va migrantlar uchun talablarni qattiqlashtirish haqidagi chaqiruvlar, armiyaga jalb qilish bo‘yicha tashviqotlarning kuchayishi ushbu mamlakatga boruvchilar sonini qisqartirdi. Shuningdek, Turkiyaga borib ishlash ham o‘z jozibadorligini yo‘qotib boryapti. Bunga ushbu mamlakat iqtisodiyotining yomonlashuvi, liraning dahshatli qadrsizlanishi va yuqori inflatsiya ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Latviya, BAA, Saudiya Arabistoni va Yaponiya kabi yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Ushbu omil umumiy hisobda migrantlar soni kamayayotgan bo‘lsada, pul o‘tkazmalarining sezilarli darajada oshishida muhim o‘rin egallayapti.
Mavzuga oid
12:15
BMT Bosh Assambleyasi Ukrainadagi RF harakatlari haqidagi rezolyutsiyani yangiladi
21:14 / 15.12.2025
BMT ilk bor Butunjahon turkiy tillar kunini nishonladi
11:30 / 10.12.2025
Yangilangan prognoz: O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga o‘sishi mumkin
07:30 / 10.12.2025