O‘zbekiston | 10:29 / 26.02.2020
5082
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi

Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish mo‘ljallanmoqda

Muxtor Ashrafiy

Vazirlar Mahkamasining “Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Buxoro viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligining Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Buxoro viloyati hokimligi tomonidan maktabni qurish uchun Buxoro shahar A.G‘ijduvoniy ko‘chasi hududidan yer maydoni ajratilgan.

Belgilab qo‘yilishicha:

maktab Agentlik tizimidagi davlat umumta'lim muassasasi hisoblanadi, Moliya vazirligi g‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga, Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;

2020-2021 o‘quv yilida maktabning musiqa hamda ona tili va adabiyoti yo‘nalishlariga 7-8-9-10-sinflariga hamda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab 7-sinfiga 20 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi;

Agentlikka maktabning moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati va mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2020 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga 200 o‘rinli maktab binosi va uning 200 o‘rinli yotoqxona binosini qurilish hamda jihozlash ishlarini qo‘shimcha ravishda kiritilishini ta'minlaydi.

Buxoro viloyati hokimligi:

maktabning qurilish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari jihozlarning texnik parametrlarini qo‘llagan holda ishlab chiqilishini va vakolatli ekspertiza organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini;

maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali, xor, musiqa xonalari va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi bilan ta'minlaydi;

Agentlik bilan birgalikda  o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

Maktabning bino va inshootlarini qurish bo‘yicha:

Buxoro viloyati hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilanadi;

bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijasida aniqlanadi.

Moliya vazirligi:

asoslangan hisob-kitoblar va tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda kiritiladigan maktabning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, maktabning 200 o‘rinli o‘quv binosini hamda 200 o‘rinli yotoqxona binosini qurish ishlarini boshlash uchun respublika budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘ ajratish choralarini ko‘radi;

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab Davlat budjeti parametrlarida «Ta'lim» sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida maktabning ta'minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

Agentlik Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda:

maktabga 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarining musiqa va san'at yo‘nalishlarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlarni jalb etishni ta'minlaydi;

maktabga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida musiqa va adabiyot yo‘nalishlarida ijodiy tanlov, tegishli fanlaridan test sinovi va psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazadi.

Mavzuga oid