O‘zbekiston | 19:47 / 06.02.2023
33302
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kuchli zilzila kutilmayapti – FVV

Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekistonda magnitudasi 5 ballga teng yoki undan katta bo‘lgan zilzila darakchilari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Foto: FVV

Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) Turkiyada yuz bergan kuchli zilzila fonida o‘zbekistonliklarni sarosimaga tushmaslikka chaqirdi.

«6 fevral kuni Turkiya Respublikasida sodir bo‘lgan zilzilalar aholi o‘rtasida sarosima yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz hududida seysmogen holat, bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholiga xolis va ishonchli ma’lumotlar taqdim etishni taqozo qiladi. Qayd etish kerakki, Turkiya hududi seysmik faol zonada joylashgan bo‘lib, zilzilalar aynan mazkur seysmogen zonalarda sodir bo‘lmoqda», deyiladi xabarda.

FVV O‘zbekistonda maxsus ekspert komissiya zilzila sodir bo‘lish ehtimolini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholashini ma’lum qildi.

«Respublikamizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida Seysmik vaziyatni baholash va kelgusidagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo‘yicha Idoralararo ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Ushbu komissiyasi har haftada O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda zilzila sodir bo‘lish ehtimolini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholaydi. Hozirgi kunda zilzilalarni prognoz qilish sohasida seysmometrik, geofizik, magnitometrik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib borilmoqda».

FVV O‘zbekistonda 5 balldan yuqori magnitudaga ega kuchli zilzila darakchilari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

«Olingan kuzatuv ma’lumotlari natijalariga asosan Idoralararo ekspert komissiyasining 2023 yil 3 fevraldagi 5-sonli bayoni xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 (5 ballga teng yoki undan katta) bo‘lgan zilzila darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emasligi ma’lum qilinadi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid