Jamiyat | 16:00 / 16.12.2025
8558
6 daqiqa o‘qiladi

Onkologiya shifoxonalari yopilishi: uzayadigan bemorlar navbati va yopiq qarorlar xavfi

Respublika onkologiya va radiologiya markazida bemorlar soni kun sayin ortib borayotgan bir paytda, Toshkent shahar va Toshkent viloyati onkologiya shifoxonalarining yopilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Uzun navbatlar, joy yetishmasligi, ishdan bo‘shatishlar va yam-yashil hududning kelgusi taqdiri bo‘yicha jamoatchilikda jiddiy savollar paydo bo‘lmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Respublika onkologiya va radiologiya markazida saratonga chalingan yuzlab kasallar uzundan uzoq navbatda turishga majbur. Ular O‘zbekistonning barcha hududlaridan shifokor qabuliga kirish, diagnostika va muolajalar uchun kelishgan.

2025 yil 10 dekabr, soat 10:00 holatiga ko‘ra, navbatning oxiri 249-o‘rinda. Ya’ni bitta bemor shifokorga kirishi uchun undan oldin 248 kishi qabuldan o‘tishi kerak. Hozircha bu navbatda faqat viloyatlardan kelgan bemorlar turishibdi – hozircha.

Yaqin kunlarda esa Respublika onkologiya shifoxonasining Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari yopilishi rejalashtirilgan. Bu esa minglab qo‘shimcha bemorlar aynan shu markaz navbatiga kelib qo‘shilishini anglatadi. Allaqachon joy yetishmayotgan, bemorlar tonggi soat 7 dan navbat olishga majbur bo‘layotgan sharoitda bu qaror qanday oqibatlarga olib kelishi noma’lum.

Bundan tashqari, filiallarda ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlariga shartnomalar bekor qilinishi haqida ogohlantirish xatlari tarqatilgan. Poytaxt Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining 2 dekabrdagi buyrug‘i bilan, shifoxonalarni bo‘shatish topshirig‘i berilgan.

Eng katta xavotirlardan yana biri – bo‘shagan shifoxona hududlari taqdiri.

Jamoatchilik va ekofaollar bu hududlar ham qurilish uchun berib yuborilishi mumkinligidan xavotirda. Ayniqsa, Toshkent shahar onkologiya shifoxonasi hududida joylashgan 1000 dan ortiq noyob daraxtlar masalasi ochiq qolmoqda.

Yopiq qarorlar xavfi bor”

Ekofaol Alisher Nasimovga ko‘ra, hudud maxsus qo‘riqlanadigan hududga aylantirilishi kerak.

“Kecha shifoxonaga bordim: ko‘m-ko‘k daraxtzor. Bu yerda 1000 dan ziyod daraxtlar bor. Ular orasida Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar ham bor, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qimmatbaho navlarga kiradigan daraxtlar ham bor. Shifoxona hududi – haqiqiy mikroiqlim, boshqa joylarga nisbatan u yerda havo boshqacha – archalar, chinorlar hammasi kislorod beradi, ayrimlari yoqimli hid chiqaradi.

2022 yil ma’lumotlari chiqib kelgandan keyin odam xavotirga tushib qoladi. Masalan, kimdir sotib olsa, 4 gektardan oshiq joyni qurilish qilish uchun sotib oladi. O‘z-o‘zidan daraxtlarni kesish kerak bo‘ladi. Ayrim biznesmenlar “bizga tabiat emas, pul kerak, jarimasini to‘laymiz”, deyapti. Bu daraxtlar shu holga kelguncha nechta avlod almashyapti. Shuning uchun biz xavotirdamiz bundan.

E-qaror'ga kirsangiz juda ko‘p yopiq qarorlar bor. Biz ham bilolmaymiz, murojaatlardan keyin o‘rganib ko‘rsak hammasi shu qarorlardan kelib chiqayotgan bo‘ladi. Bu joyga maxsus qo‘riqlanadigan joy maqomini berish kerak”, – deydi u.

Respublika shifoxonasi ko‘chirilayotgan bemorlarni qanday qabul qiladi?

Kun.uz ikkita filial bemorlari ko‘chirilayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Uzundan uzoq navbatlarda turgan bemorlar shifokor qabuliga kirish uchun soat 7 bo‘lmay kelish kerakligini, orderlari bo‘lsa-da joy yo‘qligi sabab qaytib ketishga majbur bo‘layotganini aytdi.

Hali poytaxtdagi ikkita shifoxona bemorlari borib qo‘shilmasdan turib, joylar yetishmayotgan pallada bundan keyingi vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas.

Tibbiyot fanlari doktori, onkolog Shermuhammad Umirov ikkala shifoxona hududini saqlab qolish va binolarni bemorlarga palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga aylantirish taklifini berdi.

“Olim sifatida shuni aytmoqchimanki, xalqimiz uchun faqat “siti”lar, domlar emas shifoxonalar ham kerak. So‘rab qolardikki, shu shifoxona o‘rnida respublika bo‘yicha palliativ tibbiy yordam markazi bo‘lishini. Chunki nafaqat onkologik kasalliklar, insult, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi xastaliklarida, turli somatik kasallarda palliativ yordam ko‘rsatish markazi bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘lardi”, – deydi shifokor.

Tahririyat vaziyatga mas’ullardan biri bo‘lgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan bog‘langanda, hududdagi daraxtlar ro‘yxatga olinayotganini ma’lum qilishdi.

Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Shayxontohur tumani inspektorlari tomonidan Forobiy ko‘chasida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududidagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan.

Toshkent shahar va Toshkent viloyat onkologiya shifoxonasi hududidagi daraxtlar Olmazor hamda Chilonzor tumani inspektorlari tomonidan xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi Ekologiya qo‘mitasining Kun.uz'ga bergan ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti yashil hududlarning qurilishlar uchun tadbirkorlarga sotib yuborilayotganini qattiq tanqid ostiga olgan hamda boshqa maqsadlarda berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohlarini aniqlash va joyiga qaytarish vazifasi qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid