O‘zbekiston | 19:37 / 11.05.2020
12398
2 daqiqa o‘qiladi

Pensionerlarga xizmat ko‘rsatadigan banklarni tanlash imkoniyati beriladi – Markaziy bank

Markaziy bankning bank nazorati departamenti direktori Abrorxo‘ja Turdialiyev AOKAda o‘tkazilgan brifingda pensionerlar duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha ma'lumot berdi. 

«Humo to‘lov tizimida 7-8 may kuni yuzaga kelgan muammo hal qilinishi zarur bo‘lgan boshqa masalalar borligini ham yaqqol ko‘rsatdi. Pensiya mablag‘larini yagona bank orqali pensionerlarga yetkazish tizimi o‘z samarasizligini va bu amaliyotdan voz kechish lozimligini ko‘rsatdi.

Bunday muammolar takrorlanmasligi uchun Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda pensiya mablag‘larini yetkazish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Shu munosabat bilan, pensionerlarga bank xizmatlaridan foydalanishda maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatadigan banklarni tanlash imkoniyati beriladi. Bu orqali pensionerlar o‘zlariga maqbul bo‘lgan ixtiyoriy bankda hisob raqami ochish orqali ularning bank kartasidan foydalanishga imkoniyat yaratiladi. 

Tanlash imkoniyati bir martalik bo‘lmasdan, pensionerlar ko‘rsatilayotgan bank xizmati sifatidan qoniqishidan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatuvchi bankni o‘zgartirishi mumkin. Bu jarayonning yana bir ijobiy tomoni shundaki, banklar tomonidan mijozbay ishlashga bo‘lgan raqobat muhiti yaratiladi. Bu, albatta, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va ma'lum muddatni talab qiladi», dedi Markaziy bank vakili.

U Kun.uz muxbiri bilan suhbat chog‘ida plastik kartalarning umumiy soni bo‘yicha ham ma'lumot berdi.

«Bugungi kunga qadar umumiy hisobda 21,3 mln dona plastik kartalar muomilaga chiqarilgan bo‘lsa, ularning 4,1 mln donasi Humo kartalari, qolgan 17,2 mln donasi Uzcard tizimida ishlovchi kartalardir.

«Xalq banki» tomonidan pensiyalar va nafaqalar uchun jami 620 ming dona plastik kartalar muomalaga kiritilgan va ulardan 377 ming donasi Humo, 242 mingdan ortiqrog‘i Uzcard tizimi kartalari», deydi u.

Mavzuga oid