O‘zbekiston | 12:28 / 13.01.2024
7438
5 daqiqa o‘qiladi

1 martdan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan 7 ta turdagi ruxsatnomalar to‘liq bekor qilinadi, 12 turdagisi birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi, 3 turdagisi esa xabar berish tartibi bilan almashtiriladi. Xususan, turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

«Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning quyidagi 22 turi bekor qilinadi:

1. Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini (to‘liq yoki qisman) boshqa shaxsga berish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror;

2. Sug‘urtalovchining ogohlantirish tadbirlari zaxirasidan moliyalashtiriladigan ogohlantirish tadbirlari ro‘yxatini kelishib olish;

3. Bojxona tashuvchilarining reyestriga kiritish;

4. Turar joyni ijaraga berishning Yagona elektron reyestriga kiritish;

5. Avtotransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma;

6. Oftalmologiya tibbiy buyumlarining chakana realizatsiyasi (optika) bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma;

7. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma;

8. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyat uchun litsenziya;

9. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat uchun litsenziya;

10. O‘zbekiston hududi va uning ayrim qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni ishlab chiqish uchun litsenziya;

11. O‘zbekiston mintaqalari hududini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni ishlab chiqish uchun litsenziya;

12. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlarni ishlab chiqish uchun litsenziya;

13. Aholi punktlari hududlarini qurish to‘g‘risidagi hujjatlarni ishlab chiqish uchun litsenziya;

14. Pirotexnika buyumlarini yo‘q qilish uchun litsenziya;

15. Pirotexnika buyumlarini utilizatsiya qilish uchun litsenziya;

16. Eksport nazorati obektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma;

17. Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya;

18. Avtotransport vositasini xavfli yuklarni tashishga qo‘yish to‘g‘risida guvohnoma;

19. Avtomobil transportida og‘ir va katta hajmli yoki xavfli yuklarni tashish uchun ruxsatnoma (xulosa);

20. Turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya (turagentlik faoliyati) («Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bundan mustasno);

21. Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziya (obektlarning murakkablik toifalari klassifikatori bo‘yicha I toifasiga mansub loyihalar);

22. Yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlarining reyestriga kiritish to‘g‘risida ariza.

Shuningdek, 2024 yil 1 martdan:

  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llangan jarima summasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70 foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi;
  • litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish jarayonida video aloqa vositalari yordamida talabgorlarning litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab va shartlariga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi;
  • tadbirkorlik sub’yektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Turoperatorlar uchun favqulodda holatlar yuzaga kelganda xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali “chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi.

2024 yil 1 martdan 2025 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlarini boshlash uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi.  

Mavzuga oid