O‘zbekiston | 23:12 / 13.01.2020
122000
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga qatnovchi o‘zbekistonlik haydovchilar yangi bojxona tartibidan shikoyat qilmoqda (video)

O‘zbekiston va Rossiya shaharlari o‘rtasida yengil avtomobilda qatnaydigan o‘nlab haydovchilar 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi oldida to‘planishdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, respublikaning turli viloyatlaridan kelgan haydovchilar 1 yanvardan kuchga kirgan yangi bojxona tartibidan shikoyat qilishmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari uchun chet eldan olib kelayotgan tovari miqdori bojsiz olib kirish me'yorlaridan orsa, bojlar soddalashtirilgan tartibda undirilyapti.

Ya'ni bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovi joriy etildi. To‘lov stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin bir kilogrami uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilangan.

Haydovchilar nimadan norozi?

Haydovchilar joriy etilgan boj miqdori qimmatligini aytib, uni pasaytirishni iltimos qilishmoqda.

«O‘zbekistonga kirib kelishda 1 kg yuk uchun to‘lanadigan 3 dollar Rossiyada ishlaydigan yurtdoshlarimizga va Rossiya-O‘zbekiston yo‘nalishida qatnaydigan haydovchilarga og‘irlik qilyapti.

Rossiyada ishlaydigan yaqinlarimizning oyligi 30-35 ming rubl atrofida bo‘lsa, undan oylik patent to‘lovi va kvartirasiga to‘lasa, yuklarini olib kelishimiz uchun bizga kilosiga 120 rubldan (2 dollarga yaqin) to‘lov qilsa, fuqarolarimizga nima qoladi?

Oila boqish uchun 4-5 kunlab, uyqusizlik azobi bilan Qoraqalpog‘iston chegarasigacha yetib kelamiz. Shu 4-5 kun ichida Qozog‘iston bilan chegaradagi bojxonada bir kunlab navbatda qolib ketamiz. Bojxonaga kirishda «Yuklarimiz uchun qancha pul olisharkan?» deb yurak hovuchlab o‘tiramiz.

Mashinasining tirkamasi borlar 10 million so‘mdan boshlab tortishib-tortishib, 4-5 milliongacha tushirishadi. Yengil mashina ustidagi bagaji uchun 1,5-2 million atrofida pul to‘lanadi.

«Agar pulni to‘lamasang, qora ro‘yxatga kiritamiz. Keyin O‘zbekistondan chiqa olmaysan», deb dag‘dag‘a ham qilishadi», – deya rasmiylarga iltimosnomasini o‘qib berdi yig‘ilganlardan biri.

Bojxona qo‘mitasi rasmiylari nima deydi?

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona to‘lovlari boshqarmasi bosh inspektori Ilhomjon Pardayev bir necha kun oldin shu masalada Kun.uz'ga izoh bergan edi.

«Bu qaror mohiyati to‘g‘ri tushunilishi, noto‘g‘ri tatbiq qilinmasligi kerak.

Mana oddiy misol bilan tushuntirsam: 2020 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji, aksiz solig‘i hamda QQS stavkalari yig‘indisi oziq-ovqat tovarlari uchun o‘rtacha 37 foiz va nooziq-ovqat tovarlari uchun 45 foizni tashkil etgan. Endilikda esa bularning bari uchun 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etildi.

Ilhomjon Pardayev

Ko‘rinib turibdiki, yangi joriy etilgan yagona bojxona to‘lovi 2020 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslardan undirilgan to‘lovlardan pastroq», – degandi bojxona inspektori.

Dushanba kuni parlament binosi oldida yig‘ilgan haydovchilar shikoyat bilan boshqa davlat tashkilotlariga ham murojaat qilish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

Mavzuga oid