O‘zbekiston | 10:58 / 12.01.2023
7919
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sovuq tufayli yo‘lda qolib ketgan avtobuslardan o‘nlab o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi

Aqto‘be oblastida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan ikkita yo‘lovchi avtobusidan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Ular umumta’lim maktabi va masjidga vaqtincha joylashtirilgan.

Foto: Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti

11 yanvar kuni Qozog‘istonning bir necha kundan buyon sovuq harorat (-30 darajagacha) kuzatilayotgan Aqto‘be oblasti hududida, «Samara—Chimkent» avtomobil yo‘lida O‘zbekistonning jami 69 nafar fuqarosi bo‘lgan ikki avtobus noqulay ob-havo tufayli yo‘lda qolib ketdi. Qozog‘iston FVV xabariga ko‘ra, noqulay ob-havo oqibatida yo‘l to‘silib qolgani sababli barcha yo‘lovchilar Irg‘iz rayoni hududidagi umumta’lim maktabiga joylashtirilgan.

Bu avtobusda Qozog‘istonning 3 nafar va O‘zbekistonning 38 nafar fuqarosi bo‘lgan. 

Foto: Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti

Shu kuni Aytekebiy rayonida, xuddi shu trassaning 968-kilometrida yana bir yo‘lovchi avtobusiga yordam zarurligi haqida ma’lumot kelib tushgan. Avtobusda O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan. Ular Qorabutak qishlog‘idagi masjidga joylashtirilgan.

Foto: Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti

Bundan oldinroq Rossiyaning Nijniy Novgorod oblastida 40 daraja sovuqda qolgan «Moskva-O‘zbekiston» yo‘nalishidagi mikroavtobusning 19 nafar yo‘lovchisi politsiya tomonidan qutqarilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid