Chustda sud raisi yordamchisini kaltakladi. Endi u ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin
Kaltaklangan yordamchi tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Uning yuz sohasiga jarohat yetkazilganligi aniqlangan. Tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshladi. Sud raisi ushbu qilmishi uchun jarimaga tortilishi mumkin.

Jahongir Yakubxo‘jayev, jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi raisi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni kaltaklab, unga jarohat yetkazgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat 2025 yilning 18 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Sud raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni o‘zining xizmat xonasida kaltaklagan. Jarohat olgan yordamchi To‘raqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Tibbiy ma’lumotnomada Yaxshiboyev yuz sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tan jarohati olgani ko‘rsatilgan.
Bosh prokurorning matbuot kotibi Kun.uz so‘roviga javoban ushbu hodisa yuz berganini tasdiqladi va holat yuzasidan Chust tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Sud raisining bu qilmishi MJtKning 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi bilan malakalanishi mumkin. Bordi-yu shunday bo‘lib chiqsa, Jahongir Yakubxo‘jayev bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha (1,5 mln so‘m) miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. MJtKning 245-moddasiga ko‘ra bunday toifadagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqiladi.
Ammo qonunga ko‘ra sudyaning shaxsi daxlsiz hisoblanadi. U tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Ma’lumot uchun, Jahongir Yakubxo‘jayev 2023 yil iyul oyida sudyalik vakolati muddati davrining besh yil muddatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining raisi lavozimiga tayinlangan. Bungacha u jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
UPD: Sudyalar oliy kengashi xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.
Mavzuga oid

10:23 / 14.09.2024
Chortoqda 14 yoshli bolaning umriga zomin bo‘lgan Malibu haydovchisi 4 yilga qamaldi

08:02 / 22.09.2023
Chustda 71 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan

07:05 / 22.09.2023
Chustda voyaga yetmagan bolalarning zaharlanishi yuz berdi

08:10 / 04.09.2022