O‘zbekiston | 21:19 / 10.10.2024
4448
6 daqiqa o‘qiladi

10 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Vazir o‘rinbosariga o‘qilgan hukm, Toshkentning bosh rejasi va Buxoroning yangi aeroporti qurilishi bilan tanishgan prezident, o‘qituvchilarni majburiy mehnatdan asrash choralari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Vazir o‘rinbosariga o‘qilgan hukm

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Azimjon Nazarovga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sud uni bir nechta jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topgan. Jinoyat ishi doirasidagi zarar miqdori 500 ming dollardan ortiq.

Azimjon Nazarov 2017 yil 28 dekabr kuni innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, «Nazar Business and Technology» MChJ rahbarligini go‘yoki boshqa odamga topshirib, o‘zida yagona ta’sischilikni saqlab qolgan. Dalolatnomaga ko‘ra, Nazarov va sheriklari loyiha doirasida shartnoma shartlariga zid ravishda haqiqatda bajarilmagan konsalting xizmatlarini go‘yoki bajarilgan deb ko‘rsatish orqali MChJga 17 ta holatda jami 562 428 AQSh dollari pul mablag‘i ortiqcha to‘lanishiga erishgan.

Nazarov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida mansabga sovuqqonlik bilan qarashi oqibatida nasos stansiyalarini modernizatsiyalashga aloqador yirik loyihaning qiymati 95,4 mln AQSh dollariga ko‘paytirilgan, shuningdek, budjetdan 3,7 mlrd so‘m pul mablag‘lar asossiz sarflangan.

Sud tomonidan unga 2 yil muddatga korxona, tashkilot va muassasalarda moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalar hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Prezidentga Toshkentning bosh rejasi ko‘rsatildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Rejaga ko‘ra poytaxt 3 ta zonaga ajratiladi. Prezident Toshkent shahrini kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda poytaxt hududi qariyb 44 ming gektar, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib boradi. Shu bois Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.

«ToshkentboshplanLITI» korxonasida Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va ta’mirlash amalga oshiriladi.

Davlat rahbari Toshkent shahrini kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Vazirlik o‘qituvchilarning paxtaga jalb etishi noqonuniyligini ta’kidladi

Paxta terish uchun belgilangan narxlar pastligi bilan bog‘liq muammolar fonida, maktab o‘qituvchilariga terim uchun odam topish vazifasi yuklatilayotgani haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni bunday holatlarda vazirlikning ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi terim narxi kilosiga 2500 so‘m belgilanganini e’lon qildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekani, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblashini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda vazirlikda Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniqlangan har qanday noqonuniy holat yuzasidan huquq-tartibot organlari orqali, albatta, tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

Hurmatli pedagoglar, agar siz vakolatingizga kirmaydigan yumushlarga jalb qilinsangiz, zudlik bilan vazirlikning (71) 202-09-09 ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling», – deya yozdi MMTV rahbarining matbuot kotibi Dilfuza Sobirova.

«Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.

Buxoroning yangi aeroporti

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yangi xalqaro aeroport qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil may oyida Buxoroga tashrifi chog‘ida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan edi. 

Qayd qilinishicha, Buxoroning hozirgi aeroporti aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi xolos.

Aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lyapti. Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy turistlarning 95 foizi poyezd yoki avtomobilda borgan.

Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 8 millionga yetkazish reja qilingan. Shu bois Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan. Loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport tashkil etiladi va unda soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobar oshirib, soatiga 8 ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid