Paxta terimi uchun belgilangan narx pasaytirilishi fonida, maktab o‘qituvchilari paxta terimi uchun odam topishga majburlanayotgani haqida xabarlar ko‘paydi.
X tarmog‘i foydalanuvchilaridan birining yozishicha, pedagoglarga (qayerda, qaysi maktabda ekani ochiqlanmagan) paxta terimi uchun har kuni 2 kishidan odam topib berish majburiyati qo‘yilmoqda.
“Ustozlar, ertaga soat 7 ga soliq idorasining oldiga 1 nafardan ota-ona[ni] har bir sinfdan navbatdan chiqaramiz. Indinga biznikilar dam oladi. Menimcha, shunday tartibda ishni tashkil qilamiz. Topshiriqqa jiddiy qaranglar”, – deyiladi Telegram tarmog‘idagi guruhdan olingan skrinshotda.
“3 marta majlis bo‘ldi, Xullas... jiddiy masala – paxta yig‘im-terimi. Sinfdan kuniga 3 ta ota-onani tashkil qilib beramiz ekan. Men kimnidir majburlab "siz chiqasiz, siz terasiz" deyolmayman, hammalaringizning sharoitingiz har xil. Kimdir ishlaydi, kimningdir qo‘lida yosh bolasi bor. Men hammaning ichida e’tiroz bildirgandim, gap eshitib oldim.
Hozirgi paytda bizning Vatanimiz shu yordamga muhtoj ekan. Kechgacha maslahat qilib, menga xabar beringlar, sizlardan katta iltimosim”, – deyiladi boshqa bir skrinshotda.
Tarmoq foydalanuvchilari izohlarda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida o‘qituvchilar shunday vazifasidan tashqari ishga jalb qilinayotganini yozgan. Ammo aynan qaysi maktablarda ekani ochiqlanmagan.
Rost24 nashri Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birining raisi ekani aytilgan shaxsning audiosini tarqatdi. Audiodagi ovoz egasi “hurmatli qishloqdoshlari”ga murojaat qilib, hammadan “to‘g‘ri tushungan holda paxtaga chiqishi”ni talab qilgan. Chiqmaganlarga esa “bola puli” berish to‘xtatilishiga shama qilingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekani, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblashini ma’lum qildi.

















