Jahon | 18:45 / 22.03.2023
18083
4 daqiqa o‘qiladi

Zaporijjyada ko‘p qavatli uyga raketa kelib urildi (video)

Zaporijjya shahridagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga raketa zarbasi berildi, zarba oqibatida ushbu binoga yondosh joylashgan yana bir uy shikastlangan. Mahalliy rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 18 kishi yaralangan, jumladan ikki bola ham. Bir kishi halok bo‘lgan.

«Rossiyaliklar Zaporijjyani o‘qqa tutishdi. Turar joy binosi, shuningdek Xortitsa oroli dushman zarbasi ostida qoldi», deya yozgan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak o‘z telegram-kanalida.

Mahalliy nashrlar va telegram-kanallar zarba videosi va fotolarni tarqatishgan, bu kadrlarda to‘qqiz qavatli uyda chiqqan yong‘in va vayrongarchiliklarni ko‘rish mumkin. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kuchli portlash videosini namoyish etgan.

«Zaporijjya. Hozirgina rossiyaliklar raketasi ko‘p qavatli uyga kelib urildi. Rossiya shaharni vahshiylarcha o‘qqa tutdi. Oddiy odamlar, bolalar yashaydigan turar joylar kvartaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berildi. Terrorchi mamlakat bizning shaharlarimiz, bizning davlatimiz, bizning odamlarimizni yo‘q qilmoqchi. «Ukrainada, Yevropa yoki dunyoning boshqa joylarida «shunchaki oddiy kun» bo‘lib qolmasligi kerak», degan Zelenskiy.

Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rossiyaliklarning ikkita raketasi ko‘p qavatli turar joy binosiga urilganini xabar qilib, buni ko‘p ming kishi istiqomat qiladigan shaharda amalga oshirilgan navbatdagi harbiy jinoyat deb atagan. Ukraina hukumati atrofda hech qanday harbiy nishon bo‘lmaganini qayd etgan.

Zaporijjya shahar kengashi kotibi Anatoliy Kurtevning aniqlik kiritishicha, zarbadan bir emas, ikki bino shikastlangan. Hovlidan turib olingan fotolarda ham ikki binoda zarba oqibatlarini ko‘rish mumkin.

Kurtevning xabar qilishicha, bir kishi halok bo‘lgan, 25 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafari og‘ir ahvolda. Uning ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlardan ikki nafari yetti va to‘qqiz yoshli bolalar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya mudofaa vazirligi hozircha Zaporijjyadagi turar joy binosiga rossiyaliklar raketasi urilgani yuzasidan izoh bermadi. Zaporijjya oblastining bir qismi o‘tgan yili bosib olingan, lekin oblast markazi Ukraina nazoratida qolgan.

BBC News Ukraina muxbiri Oleg Pritikin to‘qqiz qavatli binoga katta ehtimol bilan S-300 raketasi urilgan degan fikrda. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari amalda S-300 raketalarini urib tushirishga qodir emas.

Pritikinning so‘zlariga ko‘ra, ikki pod’yezd shikastlangan. «Bu deyarli markaz hudud, u yerda hozirda hodisa oqibatlarini bartaraf etishmoqda. Juda ko‘p «tez yordam» mashinalari to‘plangan, avtotransport harakati cheklangan», degan u.

Bundan avvalroq shaharda havo trevogasi yangragandi. Zaporijjya shahri ma’muriyati aholidan trevoga tugaguncha xavfsiz joylarda qolishni va ijtimoiy tarmoqqa foto va videolar joylamaslikni so‘ragan.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, shaharda o‘nga yaqin portlash ovozlari eshitilgan.

Chorshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning qator regionlari, jumladan Kiyev oblasti Shahed-136 dronlarining yoppa hujumi kuzatilgandi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi havo hujumidan mudofaa tizimi 21 drondan 16 tasini urib tushirganini ma’lum qilgan.

Tungi zarbalar oqibatida Kiyev oblastida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi yaralangan. Rjishchev shahrida (Kiyevdan 64 km janubda) ikki yotoqxona binosi shikastlangan - besh qavatli binolarning to‘rtinchi va beshinchi qavatlari. Shuningdek, kasb-hunar litseyining uch qavatli o‘quv korpusi shikastlangan, binoda yong‘in chiqqan.

Tunda Kiyev shahri, Kiyev oblasti va Ukrainaning boshqa regionlarida havo trevogasi e’lon qilingan. Kiyev hukumati havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotganini xabar qilgan. Shuningdek, Jitomir va Xmelnitskiy oblastlarida ham havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari ishga tushgan. Jitomir oblastida ham infratuzilma obekti shikastlangan.

Mavzuga oid