Bir qator oblastlar elektr ta’minotisiz qoldi. Rossiya mudofaa vazirligi hujum nishoni «Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari va ularning faoliyatini ta’minlaydigan gaz-energetika kompleksi obektlari» bo‘lgani haqidagi shablonni takrorladi.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujum oqibatida jami 45 ta raketa (shu jumladan yettita «Kinjal») va 458 ta dron ishlatilgan, 26 ta raketa va 52 ta dron nishonga tekkan. RF mudofaa vazirligi xabarida ham «Kinjal» gipertovushli aeroballistik raketalari qo‘llangani tasdiqlangan.

Rossiya idorasi yangi zarbani «Ukrainaning Rossiya hududidagi fuqarolik obektlariga uyushtirgan terrorchilik hujumlariga javob» deb atadi. «Zarba maqsadlariga erishildi, barcha belgilangan obektlarga zarba berildi», – deyiladi mudofaa vazirligi hisobotida.

Infratuzilmaga hujum

Tunda butun Ukraina bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan. Dnipropetrovsk, Kiyev va Poltava oblastlari asosiy zarbalarni qabul qilgan.

Poltava oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Kogut zarbalar tufayli Kremenchug hududida elektr ta’minoti uzilgani, bu esa o‘z navbatida ichimlik suv va issiqlik ta’minoti uzilishiga olib kelganini ma’lum qilgan.

Kiyevda 8 noyabrga o‘tar kechasi blekaut yuzaga keldi

«Shahar elektr ta’minotisiz qolgani sababli shahar suv kanali zaxira rejimida – kuchli generatorlar yordamida ishlashga o‘tdi», – dedi Kremenchuk shahri meri Vitaliy Maletskiy.

Xarkiv shahri meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra bir nechta rayonlarda suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan, metro odamlar uchun boshpanaga aylangan, yerusti elektr transporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

«Ammo muammolar faqat Xarkivda emas. Butun mamlakat bo‘ylab – Lvivdan Sumigacha, Odessadan Chernihivgacha – energetiklar Rossiyaning energetikamizga navbatdagi zarbalari to‘lqini oqibatlarini bartaraf etmoqda», – deb yozdi Terexov.

Kiyevning ayrim hududlarida ham elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar joriy etildi. Kiyev oblastida «energetika tizimi obektlari» zarba ostida qoldi, dedi hudud harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnik.

Xmelnitskaya va Roven atom elektr stansiyalari «yadro xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan elektr podstansiyasiga» qilingan hujumdan so‘ng elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamaytirdi, dedi Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari Rafael Grossi. Gap qaysi podstansiya haqida ketayotgani va unga qanday zarar yetkazilganiga aniqlik kiritilmagan.