Jamiyat | 18:18 / 05.03.2026
10632
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sudya 300 dollar olayotganda ushlandi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumanlararo sudi sudyasi tezkor tadbirda qo‘lga olingan. U alimentni bekor qilib berish evaziga pul talab qilgani aytilmoqda.

Foto: DXX

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumanlararo sudi sudyasi (sudyaning shaxsi tahririyatga ma’lum) pora bilan ushlangan. Buni Kun.uz’ning sud tizimidagi manbasi tasdiqladi.

Manbaga ko‘ra, sudya alimentni bekor qilib berish evaziga 300 dollar olayotganda ushlangan. Hozirda u protsessual tartibda ushlab turilibdi.

Keyinroq bu borada Davlat xavfsizlik xizmati ham xabar berdi. Unga ko‘ra, mazkur tuman sudining 2022 yildagi hal qiluv qaroriga asosan ayolning 2022 yilda tug‘ilgan farzandi voyaga yetguniga qadar javobgar fuqarodan aliment undirish belgilangan.

Ammo javobgar tomon ushbu qarorni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida FIB Past Darg‘om tuman sudiga ariza bilan murojaat qilgan.

Sudya esa o‘z ish yurituviga kelib tushgan ushbu arizaga asosan, 27 fevral kuni sudning 2022 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni mazmunan qayta ko‘rishni 11 mart kuniga tayinlagan. Shuningdek, u ishni da’vogarning foydasiga ijobiy hal etib berish evaziga undan 300 dollar talab qilgan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan sudyaga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» (Tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan vvalroq JIB Xonobod shahar sudi sobiq raisi uzoq muddatga qamalgan edi. U boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar olgan vaqtda ushlangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid