Jamiyat | 19:07 / 10.03.2017
25998
12 daqiqa o‘qiladi

Oliy attestatsiya komissiyasi o‘zbek tadqiqotchilariga qiyinchiliklar tug‘diryaptimi?

Men, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga 2016 yil 9 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)da ayrim muammolar va ularning yechimi haqida o‘z mulohazalarim va takliflarimni bildirib, murojaat qilgan edim. Lekin OAK raisi A.Yusupov, O‘zMU qoshidagi Ilmiy kengash raisi B.To‘ychiyev va K.To‘xtabekov ishtirokidagi (bu guruh, majoziy ma'noda, menga qatag‘on yillaridagi insonlar taqdirini hal qilgan «uchlikni» eslatdi) OAK ishchi gruhining 17 noyabr kuni o‘tkazilgan suhbatidan ham, 22 noyabr kuni berilgan javob xatidan ham, mutlaqo qanoatlanmaganligim sababli ushbu masala bo‘yicha keng jamoatchilik fikriga murojaat etmoqchiman.

1. Mening murojaatimda «dissertatsiya mavzusini tanlash, uning tahriri va e'lon qilish mas'uliyatini Ixtisoslashgan kengashga yoki uning qoshidagi Ilmiy seminar tasarrufiga berish maqsadga muvofiq», degan taklifim OAK rayosatining e'tibordan chetda qoldi.

Men «OAK ekspertlari tarkibida falsafa sohasi bo‘yicha mutasaddi a'zoning (falsafa fanining muayyan sohasida yirik olim, mutaxassis bo‘lsa ham), uning o‘z mutaxassisligidan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha dissertatsiya mavzusini tanlashga doir shaxsiy fikri yagona, mutlaq haqiqatlikka davogarlik qila olmaydi», degan fikrimda qat'iy qolaman. Buni keyingi yillarda «OAK tomonidan tahrir qilib, axborotnomasi»da e'lon qilingan «xashaki mavzular» ro‘yxati ham ko‘rsatib turibdi.

2. Men murojaatimda tadqiqotchining ilmiy ishlarini e'lon qilish mezonlari haqida: «Dissertantlar ilmiy ishlarini turli nashrlarda e'lon qilishiga doir OAK talablari ham, ro‘yxatiga kiritilgan jurnallarning ilmiy salohiyatini va sonini aniqlash mezonlari ham, nazarimizda ratsionallikdan yiroq», degan fikrni bildirganman.

Haqiqatda ham, respublikamizning barcha universitetlari ilmiy jurnallariga – axborotnomalariga ega. Lekin, ularning faqat 3-4 tasi OAK ro‘yxatga kiritilgan. Buni jurnallari ro‘yxatga kiritilmagan oliy o‘quv yurtlarini nazar-pisand qilmaslikka, kamsitishga ishora, deb tushunish mumkin, degan mulohazalarimga, ularning salohiyati pastligini sabab qilib ko‘rsatishdi. Agar ularning ilmiy salohiyati past bo‘lsa (men bunga katta shubha bilan qarayman) oliy o‘quv yurti va uning ilmiy nashri nega kerak degan savol tug‘iladi. Bu oliy o‘quv yurtlari va ularning nashrlari ilmiy salohiyati maqomini, faqat OAK belgilamasa kerak!

3. Mening «xorijda umuman nashriyot, shu jumladan ilmiy jurnallar kommersiyalashgan. Dissertant bu jurnallarda bitta maqola chop ettirish uchun (nashriyot maqomidan kelib chiqib, 800-1500 AQSh dollari miqdordia) chet el valyutasi to‘lashi kerak. Bu esa, chetga valyuta chiqib ketishining muhim kanalidir», degan mulohazamga OAKning javob xatida e'lon qilingan ishlarning umumiy soni 15 tadan kam bo‘lmasligi va ulardan kamida 10 tasi OAK ro‘yxatiga kiritilgan ilmiy jurallarda, shulardan 2 tasi nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilishi kerakligini bildirilib, qo‘yilgan masala, umuman diqqatdan chetda qolib ketgan.

Shuningdek, bu jurnallar ro‘yxatiga diniy va milliy tarixiy an'analarida umumiylik bo‘lgan: Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Sharq musulmon davlatlari (masalan, Ozarboyjon, Eron, Pokiston) hamda ShXTga a'zo boshqa davlatlarda nashr etiladigan milliy jurnallar ro‘yxatga kiritilmaganligi  sabablari suhbatda ham, javob xatida ham izohlab berilmadi.

Vaholanki, OAK ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning: «Voprosy filosofii» va «Filosofskiye nauki» jurnallarida, umuman keyingi 10 yilda birorta ham o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning maqolasi e'lon qilingan emas. Ular faqat ro‘yxatga «xo‘ja ko‘rsinga» kiritilgan.

4. Mening «tadqiqot jarayonida erishilgan ilmiy natijalarning oliy ta'lim tizimiga joriy qilinishi, ya'ni Oliy, maxsus va o‘rta ta'lim vazirligi tomonidan dissertantlarning tadqiqot mavzulari bo‘yicha: ma'ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, hatto maxsus kurslar, tanlov fanlari dasturlari, ma'ruza matnlari, o‘quv qo‘llanmalari tuzishda foydalanganligi haqidagi berilgan dalolatnomalar, ularni tasdiqlovchi hujjatlar OAK tomonidan e'tiborga olinmaydi. Vaholanki, ta'lim tizimi har qanday sohada ilmiy ish natijalarini ommalashtirishda eng qulay va samarali usul-vosita hisoblanadi», degan taklifim ham javobsiz qoldi.

Chunki OAK «Nizomi»ga ko‘ra, faqat darslik yaratish – dissertatsiya natijalarining yangiligi va amaliyotga tatbiqi hisoblanadi. O‘zbekistonda falsafa fani bo‘yicha keyingi o‘n-o‘nbesh yilda, atiga ikkita darslik yirik faylasuf olimlarlar, nufuzli professorlar hammuallifligida nashr ettirilgan. Bu ham OAK talabi mavhumligini  yaqqol ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ilmiy tadqiqot natijalarini ta'lim-tarbiya sohasiga joriy qilish, ustuvor vazifa sifatida e'tirof etilishi kerak.

O‘zbekiston Respubikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saylov oldi dasturida va xalq bilan uchrashuvlarida qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama xamkorlik masalalariga alohida e'tibor berilgani bejiz emas. Zero, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash – tinchlikning muhim sharti. Ular bilan «xalq diplomatiyasini» o‘rnatishda esa, xalqaro aloqalarning sub'yektlari – ijtimoiy-gumanitar fan sohalari olimlari, sportchilar, san'atkorlar katta rol o‘ynashi shubhasiz.

Ayniqsa, hozirgi davrda qo‘shni davlatlar o‘rtasida transchegaraviy resurslardan foydalanish, atmosfera musaffoligini ta'minlash, hududiy barqarorlikni saqlash masalalarida, muayyan ziddiyatlar vujudga kelgan vaziyatda, ilmiy jamoatchilikning xalqaro aloqalarini kuchaytirishda, axborot ayriboshlashda ishtiroki zaruriyatini isbotlashga hojat yo‘q.

Bunday sharoitda har bir tashkilot rahbarining millat manfaati yo‘lida davlat miqyosida tafakkur qilish salohiyatini shakllantirish muhim siyosiy ahamiyatga ega. Zero, olimlarga faqat fan sohasida emas, balki siyosat, ijtimoiy-gumanitar sohalarda ham xalqaro aloqalarni rivojlantirish missiyasi yuklatilgan.

5. Men murojaatda bildirilgan fikrlarimga OAK rahbariyati jiddiy e'tibor berib munosabat bildirganligiga, ya'ni menga yuborilgan javob xatiga mas'uliyat bilan yondashganiga shubhalanaman. Chunki «seminar va Ilmiy kengash a'zolarini falsafa fani ixtisosliklari bo‘yicha qat'iy «seleksiya» qilish katta ahamiyatga ega. Hozirgi amaliyotda esa, obrazli qilib aytganda, «oftalmologiya» ixtisosligi bo‘yicha himoya qilinadigan dissertatsiya seminarlarida, kengashlarida, asosan ginekologlar ishtirok etadilar», deb falsafa fanlarida ham uning barcha ixtisosliklariga differensial yondashib, a'zolarni tanlash zarurligi haqida aytgan mulohazamga javobida: «Murojaatda keltirilgan «oftalmologiya» ixtisosligi bo‘yicha ilmiy seminarga 15 nafar faqat shu ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar kiritilgan», deb menga, «tuhmat qilmang degan ma'noda» oftalmologiya ilmiy kengashining ro‘yxatini ham ko‘rsatishdi. Vaholanki, men bu bilan, umuman oftalmologiyani nazarda tutmaganman.

6. OAKning javob xatida: «OAKga taqdim etilgan hujjatlar tarkibi (e'tibor qiling) o‘rta hisobda 42 foizga va hujjatlarni qabul qilish vaqti 83 fizga …himoya to‘g‘risida OAK veb-saytida e'lon berilgan kundan boshlab, himoya qilish muddati 50 foizga va himoyadan keyin hujjatlarni OAKga taqdim qilish muddati 66 foizga qisqartirildi», deyilgan.

Vaholanki, dissertant himoyagacha barcha hujjatlarini Ixtisoslashgan kengashga taqdim qiladi, aks holda himoyaga qo‘yilmaydi. Ximoyadan keyin esa, OAKga faqat Ixtisoslashgan kengash a'zolari qaydnoma varaqasi va Kengash bayonnomasini tayyor hujjatlarga qo‘shib topshiradi. Buning uchun esa, avvalgi 1 oylik muddatni, nari borganda 3 kun qilib belgilash mumkin.

Agar OAK tomonidan shu optimallashtirish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zMU qoshidagi Ilmiy kengashda oxirgi nomzodlik dissertatsiyasi himoyasi 2012 yil iyun oyida bo‘lgan edi. 2016 yilda bu Kengashda bor-yo‘g‘i uchta (2tasi avval nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan) tadqiqotchilarning doktorlik ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoyasi bo‘lganligini, hozir Ilmiy kengashda (kengash raisi ma'lumotiga ko‘ra) 5ta tadqiqotchining ilmiy ishini 5-6 oy avval ilmiy seminarlardan o‘tsa ham, himoya qila olmayotganligini yoki  ish joyidan tavsiya bilan kelgan ishlar (OAK ijozati bo‘lmaganligi uchun!) kengashga qabul qilinmayotganligini qanday izohlash mumkin?

Chunki OAKda avvalgisidan ham mukammal byurokratik chig‘iriqlar paydo bo‘lgan. Masalan, ilmiy ishlar natijalarini amaliyotga joriy qilish haqidagi dalolatnomalarni, faqat OAK talab qilgan vazirlik va tashkilotlardan, qat'iy standartlashgan shaklda olish yoki barcha bosqich muhokamalaridan o‘tgan dissertatsiyani va avtoreferatini shaxsan OAK raisi ijozati, uning tahriri talablarini bajargandan keyin himoyaga qabul qilish  muddatlarni yillab cho‘zib yubormoqda.

Mulohazalarimning umumiy xulosasi, quyidagilardan iborat:

1. Funktsional umumiyligini e'tiborga olib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi va OAKni birlashtirish maqsadga muvofiq. Bu bir tomondan, ilmiy tadqiqot jarayonini: tashkillashtirish, boshqarish va nazorat qilishni unifikatsiyalashtirishga, uning qonuniy asoslarini mustahkamlashga, dissertatsiyalar himoyasining tashkiliy mexanizmlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan, dissertantlarning ilmiy maqolalar, monografiya, avtoreferat nashr ettirish bilan bog‘liq moliyaviy muammolarini hal qilishga, ilmiy seminarlarda, ixtisoslashgan kengashda opponentlik qilgan olimlar mehnatini taqdirlash masalasini davlat siyosati darajasida hal qilish imkoniyatlarini yaratishi mumkin.

2. Fan doktori ilmiy darajasini himoya qiladigan dissertantning: ish joyiga, fuqarolik institutlariga, nodavlat-notijorat tashkilotlarga homiylik mas'uliyatini yuklashning tashkiliy (masalan, maxsus fond tashkil qilish) masalasini o‘ylab ko‘rish zarur. Chunki ilmiy daraja faqat dissertantga emas, balki u ishlayotgan korxona yoki tashkilotga ham, davlat va jamiyatga ham kerak.

3. O‘zbekiston OAKining vakolat maqomini, tashkiliy strukturasini, funksiyalarini isloh qilishda o‘zimizga xos va mos milliy modelimiz bo‘lishi, uning nisbatan turg‘un qonuniy-huquqiy va mukammal  normativ asoslari qonun maqomida yaratilishi kerak. Chunki OAK faoliyatini reglamentlashtiruvchi qonunosti hujjatlarining OAK rahbariyati tomonidan tez-tez volyuntaristik tarzda o‘zgarib turishi, tadqiqotchilarga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Bu fikr-mulohazalar demagoglikdan, havoyi gaplardan holi deb uylayman. Zero, bu taklif-mulohazalar nafaqadagi qariyaning bekorchiligidan qilinayotgan injiqligi emas, balki 45 yillik ilmiy-pedagogik faoliyat, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU huzuridagi falsafa fanlaridan fan nomzodi va doktori ilmiy darajasini himoya qilish bo‘yicha Ilmiy  kengashning bir necha yil kotibi, raisi vazifalarida ishlash, a'zo bo‘lish, o‘nlab tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik va maslahatchilik qilish, 300dan ortiq ilmiy ishlarga mualliflikdan ortirilgan tajribalariga asoslangan.

Eng muhimi, 2017 yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaati» yili deb e'lon qilinishi mening murojaatimni izsiz yo‘qolib ketmasligiga ishonch-umid tug‘dirmoqda.

Mamashokirov Saidmurod – falsafa fanlari doktori, professor.       

Mavzuga oid