Men, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga 2016 yil 9 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)da ayrim muammolar va ularning yechimi haqida o‘z mulohazalarim va takliflarimni bildirib, murojaat qilgan edim. Lekin OAK raisi A.Yusupov, O‘zMU qoshidagi Ilmiy kengash raisi B.To‘ychiyev va K.To‘xtabekov ishtirokidagi (bu guruh, majoziy ma'noda, menga qatag‘on yillaridagi insonlar taqdirini hal qilgan «uchlikni» eslatdi) OAK ishchi gruhining 17 noyabr kuni o‘tkazilgan suhbatidan ham, 22 noyabr kuni berilgan javob xatidan ham, mutlaqo qanoatlanmaganligim sababli ushbu masala bo‘yicha keng jamoatchilik fikriga murojaat etmoqchiman.

1. Mening murojaatimda «dissertatsiya mavzusini tanlash, uning tahriri va e'lon qilish mas'uliyatini Ixtisoslashgan kengashga yoki uning qoshidagi Ilmiy seminar tasarrufiga berish maqsadga muvofiq», degan taklifim OAK rayosatining e'tibordan chetda qoldi.

Men «OAK ekspertlari tarkibida falsafa sohasi bo‘yicha mutasaddi a'zoning (falsafa fanining muayyan sohasida yirik olim, mutaxassis bo‘lsa ham), uning o‘z mutaxassisligidan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha dissertatsiya mavzusini tanlashga doir shaxsiy fikri yagona, mutlaq haqiqatlikka davogarlik qila olmaydi», degan fikrimda qat'iy qolaman. Buni keyingi yillarda «OAK tomonidan tahrir qilib, axborotnomasi»da e'lon qilingan «xashaki mavzular» ro‘yxati ham ko‘rsatib turibdi.

2. Men murojaatimda tadqiqotchining ilmiy ishlarini e'lon qilish mezonlari haqida: «Dissertantlar ilmiy ishlarini turli nashrlarda e'lon qilishiga doir OAK talablari ham, ro‘yxatiga kiritilgan jurnallarning ilmiy salohiyatini va sonini aniqlash mezonlari ham, nazarimizda ratsionallikdan yiroq», degan fikrni bildirganman.

Haqiqatda ham, respublikamizning barcha universitetlari ilmiy jurnallariga – axborotnomalariga ega. Lekin, ularning faqat 3-4 tasi OAK ro‘yxatga kiritilgan. Buni jurnallari ro‘yxatga kiritilmagan oliy o‘quv yurtlarini nazar-pisand qilmaslikka, kamsitishga ishora, deb tushunish mumkin, degan mulohazalarimga, ularning salohiyati pastligini sabab qilib ko‘rsatishdi