Jahon | 16:21 / 20.09.2023
27318
7 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ armanlari bir kunlik janglardan so‘ng taslim bo‘lishmoqda. Endi nima bo‘ladi?

O‘zini «mustaqil» deb e’lon qilgan va tan olinmagan Qorabog‘ning arman ma’muriyati o‘t ochishni to‘xtatish, to‘liq qurolsizlanish va og‘ir texnikalarni Qorabog‘ hududidan olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ozarboyjon armiyasining arman ayirmachilari pozitsiyalariga zarbasi

Informatsion markaz bayonotida Xonkandi (Stepanakert)dagi ayirmachilar hukumati Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi taklifini qabul qilishgani aytilmoqda.

«Ikki kunlik qaqshatkich janglardan so‘ng qurolli kuchlarimiz tirik kuch va harbiy texnikada bir necha barobar ustun bo‘lgan raqibdan qahramonlarcha himoyalandi va ularga talafot yetkazdi. Afsuski, bizning tomonimizda ham talafotlar va yaralanganlar bor, ayrim uchastkalarda raqib mudofaa kuchlari pozitsiyalariga yorib kirishga, bir qator tepaliklar va yo‘llarning strategik bog‘lamlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan», — deyiladi bayonotda.

Harbiy harakatlar 20 sentabr mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan boshlab to‘liq tugatilishi e’lon qilingan.

Ushbu kelishuv doirasida «Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi» to‘liq qurolsizlantiriladi, unga tegishli harbiy texnikalar yo‘q qilinadi, Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari esa Rossiya tinchlikparvar kontingenti nazorati ostidagi zonadan chiqariladi.

Xalqaro vositachilar, jumladan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken muzokalarning kechiktirib bo‘lmas bosqichini o‘tkazishni talab qilishmoqda, unda tomonlar Qorabog‘da yashovchi armanlarning huquqlari va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishadi.

Qorabog‘ning Ozarboyjon bilan integratsiyasi masalasi Xonkandidan 100 km uzoqlikdagi Yevlax shaharchasida 21 sentabr kuni rasmiy Boku vakillari bilan bo‘lib o‘tadigan muzokaralar chog‘ida yechiladi.

Voqealar qanday rivojlandi?

Ozarboyjon armiyasi tomonidan Qorabog‘da olib borilgan harbiy operatsiya bir sutkadan sal ziyodroq vaqt davom etdi. Boku uni «aksilterrorchilik operatsiyasi», Yerevan esa — Qorabog‘ armanlarini genotsid qilish, deb atadi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi «ma’muriyati» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan sutka ichida 27 kishi, jumladan 2 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 150 ga yaqin kishi yaralangan.

Armaniston hukumati chorshanba kuni 32 kishi halok bo‘lgani va 200 dan ziyod yarador borligi haqida xabar tarqatdi.

Baza ma’lumotlariga ko‘ra, bir sutka davom etgan janglarda tan olinmagan Qorabog‘ respublikasining 2,5 ming kishilik armiyasidan ming nafari yo‘q qilingan. Ozarboyjon armiyasi 60 ming kishilik askarlar bilan jangga kirishgan. Qorabog‘ ayirmachilarining o‘q-dorilari tugab qolgan.

O‘tgan tunda tinch aholi vakillaridan mingga yaqin kishi front chizig‘iga yaqin aholi punktlaridan evakuatsiya qilingan. RF mudofaa vazirligi evakuatsiya ishlari bilan rossiyalik tinchlikparvar kuchlar shug‘ullanganini ta’kidladi.

Ozarboyjon toki hududdagi arman aholisi Boku nazoratiga o‘tmaguncha harbiy harakatlarni davom ettirish qit’iyatiga sodiq ekanini namoyish etdi.

2020 yilda 44 kun davom etgan Ikkinchi Qorabog‘ urushida Ozarboyjon Qorabog‘ning katta qismini o‘z nazorati ostiga qaytarib olgan edi, biroq ayrim tumanlar armanlarda qolib ketgandi. Boku hududda to‘liq nazorat o‘rnatish uchun kurashib kelayotgandi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligining chorshanba kuni ertalab bergan bayonotida Qorabog‘ hududidagi Armaniston qurolli kuchlarining harbiy texnikasi, jumladan artilleriya va zenit-raketa qurilmalari to‘liq «neytrallashtirilgani» aytilgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Bokuni o‘t ochishni tezda to‘xtatishga chaqirgan.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham Qorabog‘dagi eskalatsiyani qoralagan.

Ozarboyjonning harakatlarini Turkiya qo‘llab-quvvatlagan.

«Endi Qorabog‘ — Ozarboyjon hududi ekanini hamma tan oladi. Boshqa statusni tiqishtirish hech qachon qabul qilinmaydi. Biz Ozarboyjon tomonidan tashlanayotgan qadamlarni qo‘llaymiz, biz o‘z hududiy yaxlitligimizni himoya qilish uchun «bir millat, ikki davlat» shiori ostida harakat qilamiz», — degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMT minbaridan turib.

Yerevandagi tartibsizliklar, Xonkandidagi sarosima

Seshanba oqshomida Yerevanda minglab odamlar Armaniston hukumatidan Qorabog‘ armanlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iyroq choralar ko‘rishni talab qilib to‘plangan.

Ularning ayrimlari bir sutkadan buyon ko‘chalarni tark etmayapti. Hukumat binosi oldida politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Jabrlanganlar bor.

Yerevandagi tartibsizliklar. Foto: rg.ru

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Bokuning harakatlarini «etnik tozalash» deb atadi, biroq ko‘pchilik armanlarning nazdida hukumat buni to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rmayapti.

Namoyishchilar Pashinyanni «xoin» deb atab, uning iste’fosini talab qilishdi.

Xonkandini poytaxt qilgan arman ayirmachilari hukumati chorshanba kuni hali qurolsizlanish to‘g‘risidagi qaror qabul qilishdan avval o‘z aholisini Ozarboyjonning harbiy tajovuzidan qochmaslikka chaqirgan.

 «Hozirgi vaziyatda bu kerak emas, shunchaki xavfsizlik qoidalariga rioya qilib, yerto‘lalar va bombapanalarda jon saqlanglar», — deyiladi Xonkandi «meri» bayonotida.

Guvohlarning xabar berishicha, shaharda aholi sarosimaga tushib qolgan.

Mojaro tarixi

So‘nggi bir necha yil ichida Qorabog‘ning armanlar istiqomat qiladigan tumanlari blokada sharoitida yashab kelishayotgan edi.

2022 yil dekabrida ozarboyjonlik faollar tomonidan Qorabog‘ va Armanistonni bog‘lovchi yagona yo‘l — Lochin yo‘lagi to‘sib qo‘yilganidan so‘ng vaziyat keskin yomonlasha boshladi.

O‘tgan yil bahorida Ozarboyjon tomoni Lochin yo‘lagida rasmiy nazorat o‘tkazish punkti ham o‘rnatdi, shundan so‘ng hududdagi vaziyat yanada keskinroq tus oldi: Qorabog‘dagi do‘konlar peshtaxtalari bo‘shab qoldi. Oziq-ovqat va yonilg‘i taqchilligi boshlandi.

Umuman, Qorabog‘ mojarosi uzoq 1988 yilga borib taqaladi.

Ko‘plab turli partizanlik to‘qnashuvlaridan tashqari hudud ikkita katta urushni boshdan kechirgan — armanlarning qo‘li baland kelgan Birinchi Qorabog‘ urushi (1992–1994) va Ozarboyjon g‘alaba qozongan Ikkinchi Qorabog‘ urushi (2020).

Rasman Qorabog‘ Ozarboyjonning hududi hisoblanadi. Biroq Armaniston zamonaviy chegaralardagi Ozarboyjon paydo bo‘lishidan avval ushbu hududda etnik armanlar asrlar osha yashab kelganini asos qilib, bu hududga egalik qilishga haqli ekanini da’vo qilib keladi.

Mavzuga oid