O‘zbekiston | 22:41 / 08.04.2024
7776
4 daqiqa o‘qiladi

Qiziltepada “zamhokim”ning bosimi bilan ovoz to‘plangan tashabbuslar g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Navoiy viloyati hamda Qiziltepa tumani hokimliklariga yo‘llagan xatida majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritishni hamda vazirlikka ma’lumot taqdim etishni so‘ragan. “Tashabbusli budjet”ning 2024 yil birinchi mavsumi bo‘yicha Qiziltepa tumanidan g‘olib bo‘lgan loyihalar boshqa hududlardan farqli ravishda hozirgacha e’lon qilingani yo‘q.  

Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari tashkilot rahbarlariga majburiy tarzda ovoz yig‘dirgan tashabbus “Tashabbusli budjet”ning g‘olib loyihalari ro‘yxatidan chiqarib tashlanishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qiziltepa tumani hokimiga xat jo‘natgan.  

Vazirlik 8 aprel kuni Navoiy viloyati hamda Qiziltepa tumani hokimligiga xat bilan murojaat qilib, majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritishni hamda 1 kunda vazirlikka ma’lumot taqdim etishni so‘ragan.  

“Ayrim hududlarda “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida ba’zi tashkilotlarning rahbarlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha topshiriq berish holatlari kuzatildi.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2023 yil 10 apreldagi PQ-117-sonli qarori bilan “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanishi, shuningdek, ovoz yig‘ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanishi belgilangan.

Jumladan Kun.uz internet nashrida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosarining budjet tashkilotlari rahbarlariga yig‘ilish o‘tkazgan holda majburiy ovoz to‘plash yuzasidan ko‘rsatma berayotgani tasvirlangan ovozli xabar e’lon qilindi.

Bosh prokuratura hamda Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, tashabbusli budjet loyihasiga ovoz yig‘ishga majburan jalb etilganligi holati o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lib, tegishli mansabdor shaxsga nisbatan chora ko‘rilgani ta’kidlandi.

Joriy yil 5 aprel kuni “Ochiq budjet” axborot portalida “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024 yildagi birinchi mavsumi doirasida g‘olib bo‘lgan loyihalar e’lon qilindi. Bunda, Qiziltepa tumanida “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida mansabdor shaxslar tomonidan majburiy ovoz to‘plash bo‘yicha tashkilot rahbarlariga topshiriq berish holati kuzatilgani sababli ushbu hudud bo‘yicha g‘olib loyihalarning e’lon qilinishi kechiktirildi.

Shu bilan birga keng jamoatchilik va OAV vakillari tomonidan majburan ovoz to‘plangan loyihalar g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chiqarilishi masalasi ko‘rib chiqilishi lozimligi ta’kidlanmoqda”, deyiladi vazirlik xatida.

Vazir o‘rinbosari A.Haydarov tomonidan imzolangan xatda Qiziltepa tumani hokimi B.Bobomurodovdan tumanda “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritish hamda 1 kun muddatda vazirlikka ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O‘lmas Istamov Zoom orqali o‘tkazilgan onlayn majlisda tashkilot rahbarlariga kechgacha 50 tadan ovoz yig‘ishni buyurgan, aks holda kim bo‘lishidan qat’i nazar ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qilgandi.

Uning bu xatti-harakatidan so‘ng Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Prokuratura va mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida huquqbuzarlik aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid